Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:29

Taniqli Hollivud prodyuserining o‘zbekistonlik qallig‘i Toshkent aeroportida ushlandi


Toshkent xalqaro aeroportida 23 yanvar kuni Londondan uchib kelgan asli o‘zbekistonlik top-model Nadya Nepomnyashchaya qo‘lga olingan va 5 soat ushlab turilgach qo‘yib yuborilgan. Unga chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun ushlanib qolingani va jinoyat ishi ochilganini aytganlar. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli Nepomnyashchaya Toshkentga kinoprodyuser qallig‘i Maykl Greysi bilan uchib borgan.

Top-model Nadya Nepomnyashchaya Toshkent aeroportida ushlangani va o‘ziga chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani haqida o‘z yaqinlariga aytgan.

Londonda yashovchi dugonasining Ozodlikka aytishicha, Nepomnyashchaya o‘zbek pasportida viza varaqlari to‘lib ketgani uchun uni xorijiy pasportga almashtirish uchun O‘zbekistonga borgan edi.

- Nadya pasportida viza varag‘​i qolmagani uchun hech qaerga chiqa olmayotgan edi. Shuning uchun Toshkentga pasport almashtirish uchun borgandi. Toshkentga kelishi bilan pasportini olib qo‘yishgan, o‘zini obezyannikda besh soat ushlab turishgan. Keyin qo‘yib yuborishgan, - dedi Ozodlikka top-modelning ismi ochiqlanmasligini istagan dugonasi.

Ozodlik top-modelning nima uchun ushlangani va jinoyat ishi ochilganini aniqlashtirish uchun O‘zbekiston huquq idoralari bilan bog‘lanishga harakat qilmoqda.

Toshkent aeroporti xodimasi o‘zbek qonunchiligi oldida bercha teng deb aytdi.

- O‘zbek qonunchiligini buzgandirki to‘xtatishgan. Top-model bo‘ladimi, millionermi, o‘zbek qonuni oldida barcha tengdir, - dedi aeroport mulozimi.

Ozodlik Nadya Nepomnyashchayaning o‘ziga bog‘lana olmadi. Toshkent aeroportida qo‘lga olingani va unga jinoyat ishi ochilganini Rossiyadagi yaqin qarindoshlaridan biri tasdiqladi.

Nadya Nepomnyashchayaning suratlari eng yetakchi jurnallar ust sahifalarini bezagan.

Asli toshkentlik 29 yoshli Nadya Nepomnyashchaya to‘rt yildan buyon Londonda ishchi vizasi bilan yashab keladi. Ungacha to‘rt yil AQShda modellik qilgan. Dugonasining Ozodlikka aytishicha, Nepomnyashchaya so‘nggi bor O‘zbekistonda to‘rt yil avval bo‘lgan.

- Chiqish vizasi muddati tugaganidan keyin uchinchi davlatga chiqqani uchun unga jinoyat ishi ochishyapti. U Moskvada yashaydigan onasini ko‘rgani tez-tez borib turar edi, - dedi top medelning dugonasi.

"Film uchun yaxshi syujet"

Nadya Nepomnyashchaya 2017 yil dekabr oyida qallig‘i Maykl Greysi bilan u suratga olgan “Buyuk shoumen” filmining Sidney shahrida bo‘lgan taqdimotida ko‘ringan edi.

Avstraliyalik Maykl Greysining “Buyuk shoumen” filmi uchta nominatsiya – eng yaxshi komediya va myuzikl, eng yaxshi erkak aktyori va eng yaxshi saundtrek bo‘yicha 2018 yilgi “Oltin globus” mukofotiga taqdim etilgan edi.

Film bir yil ichida 434 million dollar qozongan va so‘nggi yillarda ishlangan eng bozori chaqqon beshta filmning biri deb topilgan.

Hozirda Nadya Nepomnyashchaya qallig‘i Maykl Greysi bilan Toshkentda qolmoqda.

- Toshkent aeroportidagi ahmoqgarchilik Maykl Greysining yangi filmi uchun yaxshi syujet bo‘lsa ajab emas, - deydi Nepomnyashchayaning Londonda yashovchi dugonasi.

Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan qaytib kelgan o‘zbek vatandoshlarining chegarani noqonuniy kesib o‘tish aybi bilan qo‘lgan olingani va qo‘yib yuborilgani haqida Ozodlik bundan oldin ham xabar bergan.

Qo‘lga olinganlarning aksari muddati o‘tgan chiqish vizasi bilan uchinchi davlatlarga safar qilgan o‘zbekistonliklardir.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining mas’ul mutaxassisiga ko‘ra, chiqish vizasi bo‘lmagan yoki muddati o‘tgan chiqish vizasi bilan yurgan o‘zbekistonlik Jinoyat kodeksining 223-moddasiga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilib, minimal ish haqining to‘rt yuz barobarigacha jarima va 3 yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

O‘tgan yil ohiriga qadar O‘zbekistondan chiqish vizasi ikki yilga berib kelingan.

2019 yil yanvar oyidan boshlab yangi xorijiy davlatlarga chiqish pasportini olish mumkin. OVIR chiqish stikerlari bekor qilinib, amaldagi biometrik pasportlar esa ichki pasport bo‘lib qoladi.

XS
SM
MD
LG