Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:28

Rossiyaning ikki bombardimonchisi Shimoliy Amerika sohilidan qaytarildi


Tu-160 bombardimonchi samolyoti
Tu-160 bombardimonchi samolyoti

Yadroviy qurol otishga qodir ikki rus bombardimonchi uchog‘ini Shimoliy Amerika sohillaridan kuzatib qo‘yish uchun AQSh va Kanada qiruvchi samolyotlari safarbar qilindi.

26 yanvar kuni Shimoliy Amerika havo-fazo mudofaasi qo‘mondonligi (North American Aerospace Defense Command - NORAD) bir kun avval 2 ta Tu-160 bombardimonchi samolyoti Kanada havo kuchlari nazorat qiladigan hududga kirganini ma’lum qildi.

Qo‘mondonlik bildiruviga ko‘ra, AQShning ikki F-22 uchog‘i hamda Kanadaning ikki CF-18 uchog‘i voqea joyiga uchib borib, Rossiya bombardimonchilarini hudud tashqarisiga kuzatib qo‘ygan. Amerika bombardimonchilari Alyaskada joylashgan harbiy bazadan havoga ko‘tarilgan.

Hodisa aynan qaysi hududda sodir bo‘lgani ochiqlangani yo‘q. AQSh armiyasi Alyaska qirg‘oqlaridan 320 km masofaga cho‘ziladigan hududni nazorat qilib turadi.

Rossiyaning “TASS” agentligi 27 yanvarda tarqatgan xabarda yozilishicha, AQSh rasmiylari Rossiya uchoqlari “suveren hududga kirmaganini” ta’kidlagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa ikki strategik bombardimonchi uchoq neytral hudud ustida 15 soatga cho‘zilgan harbiy mashqni tamomlaganini bildirdi.

NORAD qo‘mondoni general Terrens OʼShonessi e’lon qilgan bildiruvda shunday deyiladi:

“NORADning asosiy vazifasi Kanada hamda Qo‘shma Shtatlarni mudofaa qilishdan iborat. Mamlakatlarimizni himoya qilish qobiliyatimiz AQSh hamda Kanada havolariga yaqinlashayotgan uchoqlarni muvaffaqiyatli ravishda aniqlash, ularning izidan tushish hamda ular kimga tegishli ekanligini aniqlashdan boshlanadi”.

NORAD mudofaa tizimi radar, sun’iy yo‘ldosh hamda uchoqlar yordamida AQSh va Kanada havolariga kirayotgan uchoqlarni nazorat qilib turadi.

AQSh rasmiylarining bildirishicha, keyingi yillarda AQSh va Kanada qiruvchi uchoqlari Rossiya harbiy uchoqlarini aniqlab, hududdan tashqariga kuzatib qo‘ygan holat bir necha marta takrorlangan.

2018 yilning sentabr oyida AQSh havo kuchlari Alyaska g‘arbida ikki Rossiya bombardimonchisi yo‘lini to‘sgan edi. O‘shanda AQSh uchoqlari rus uchoqlarini ular Alyaska havo mudofaasi identifikatsiya zonasini tark etgunicha kuzatgan.

2017 yilning aprelida esa Rossiya harbiy uchoqlari Alyaska va Kanadaga bir necha marta yaqinlashgani xabar qilindi. O‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z uchoqlari neytral suvlar ustida harbiy mashqlarni bajarganini bildirgan edi.

Keyingi yillarda Rossiya hamda NATO harbiy uchoqlari dunyoning turli chekkalarida bir-biriga yaqin kelgan holatlar soni ko‘paydi.

2017 yilning iyunida Rossiya AQShning yadroviy qurol tashuvchi B-52 bombardimonchi uchog‘ini Boltiq dengizi ustidan kuzatib qo‘yganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG