Bekobod shahridagi 1-umumta’lim maktabining qozonxonasi 28 yanvar kuni tush payti portlab ketdi.
Portlash oqibatida qozonxona yonida ta’mirlash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan qashqadaryolik ishchilardan biri voqea joyida halok bo‘ldi, ikki kishi tan jarohati oldi.
Tergovchilarning dastlabki taxminicha, qozonxonadagi quvurdan sizib chiqib, to‘planib qolgan tabiiy gaz portlash sababi bo‘lgan.
Tirik qolgan ishchi Ozodlik bilan suhbatda o‘lgan hamqishlog‘ining besh farzandi yetim qolganini aytdi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidan kelib, Toshkent viloyati, Bekobod shahridagi bog‘chada yo‘lakcha qurayotgan 47 yashar Tolmas Ernazarov 28 yanvar kuni ishlayotgan yeri yaqinidagi qozonxonaning portlab ketishi natijasida o‘ldi.
Uning hamqishloq sherigi Bahrom Rasulov portlash oqibatida jarohat olib¸ hozirda Bekobod shahar kasalxonasida davolanmoqda. Rasulov Ozodlik bilan suhbatda falokat tafsilotlarini hikoya qiladi.
- Biz bog‘chaning devori yoniga betondan yo‘lakcha qilayotgan edik. Kotelniydan 10 metrlar uzoqlikda rastvor qorayotgandik. Birdaniga bang‘illab ketdi. Men u tomonga teskari turgan ekanman, nimadir kelib qulog‘imning orqasiga qattiq urildi. Tolmas aka esa juda qattiq jarohat oldi. Bolnitsaga etmay uzildi. Akaning beshta bolasi bor edi, deydi Bahrom Rasulov.
Bekobod shahar kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori Bahrom Rasulov jarohatlari og‘ir emasligini bildirdi.
“Kasalning ahvoli o‘rtacha barqaror holatda. Chap quloq orqa tomonida noma’lum narsadan chuqur jarohat izi bor edi. Operatsiya qildik. Orqa bel sohasida ham mayda oskolochniy jarohatlar bor. Hozir ahvoli yaxshi. Bu bolaning sherigi Tolmas Ernazarovni tez yordamga olib kelishganda,u allaqachon o‘lib bo‘lgan edi. Qashqadaryolik usta bolalar ekan”, dedi shifokor.
Ismi sir qolishini so‘ragan 1-maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha,fojia 28 yanvar kunduzi soat 12 larda maktabning tabiiy gaz ta’minotidan uzilishi ortidan yuzaga chiqqan.
“Bu qozonxona maktab bilan uning yonidagi bog‘chani issiqlik bilan ta’minlaydi. Yaqinda remontdan chiqarilgan edi. O‘sha kuni soat 12 larda GorGaz gazni o‘chirgan. Keyin yana ogohlantirmay gazni berivorgandan keyin, qozonxonada shunaqa qattiq portlash sodir bo‘lgan. Prokuratura hozir bu ishni tekshirayapti”, dedi o‘qituvchi.
Bekobod shahar prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu voqea yuzasidan tekshirish ketayotganini tasdiqladi.
“Dastlabki tekshirishga ko‘ra, gaz utechka bo‘lib qozonxonada yig‘ilib qolgan. Hozir to‘planib qolgan gazning qanday yonib ketgani haqidagi taxminlar tekshirilayapti. Ekspertiza natijalariga ko‘ra bir aniq gap aytish mumkin, hozircha bori shu”, dedi prokuratura mulozimi.
Mulozimning aytishicha, portlash vaqtida qozonxona ichkarisida hech kim bo‘lmagan.
O‘zbekistonda gazdan noto‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida fojiali voqealar tez-tez sodir bo‘lib turadi.
Jumladan, Andijon viloyati Baliqchi tumanining Qiyali mahallasidagi avtomobillarni sozlash ustaxonasida o‘tgan yilning 10 dekabr kuni avtomobildagi gaz portlashi oqibatida 20 yashar usta yigit voqea joyida halok bo‘ldi, uning tog‘asi bo‘lgan ikkinchi usta og‘ir kuyish jarohati oldi.
Buxoro-Qorovulbozor yo‘lining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi qismida 18 sentabr kuni ertalab soat 7:45da yo‘nalishdagi Isuzu avtobusda gaz balloni portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va yana 21 odam turli darajada jarohat olgan edi.
Samarqand viloyati Paxtachi tumani Toma qishlog‘ida 30 oktabr kechqurun xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida to‘rt kishi og‘ir kuyish jarohati olgan edi.