Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:21

Rossiya prokuraturasi: "Mahbus kaltaklanmagan. Ammo tanasida jarohatlar bor"


Husniddin Zaynobiddinov prokuratura bo‘limida
Husniddin Zaynobiddinov prokuratura bo‘limida

Chelyabinsk viloyat prokuraturasi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi etnik o‘zbek muhojiri Husniddin Zaynobiddinovga qiynoqlar qo‘llanilganiga oid Ozodlik xabariga javob qaytardi.

Politsiya Qirg‘iziston grajdani bo‘lgan bu yigit Magnitogorskdagi portlashlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olinmaganini ta’kidlasa, mahalliy prokuratura Zaynobiddinov va uning xotini kaltaklangani to‘g‘risidagi o‘z bayonotlaridan voz kechganini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda Halima Zaynobiddinova o‘z so‘zlaridan qaytmagani, shunchaki unga bosimlar bo‘layotganini gapirdi.

Qirg‘izistonlik qochqin Husniddin Zaynobiddinov ​16 yanvarda Rossiyaning Magnitogorsk shahrida o‘z uyi yonida hibsga olingan​ edi.

Chelyabinsk viloyat prokurori Vitaliy Lopin 29 yanvar kuni Husniddin Zaynobiddinovning xotini Halimaxon qiynoqlar to‘g‘risida oldinroq qilgan bayonotlaridan voz kechgani to‘g‘risida bayonot berdi:

- Chop etilgan maqolalar asosida zudlik bilan tekshiruv o‘tkazildi va uning natijasida politsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani borasida Qirg‘iziston grajdani va uning yaqinlari so‘roqqa tutildi. Hozirda u va uning xotini zo‘ravonlik qo‘llanilganini qat’iyan rad etishmoqda. Biroq, bu erkak tanasida haqiqatan jarohatlar borligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda IIBda ishchi tekshiruv olib borilmoqda, material tergovoldi tekshiruv uchun Tergov qo‘mitasiga topshirildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Irina Volk Ozodlik materiali ortidan Zaynobiddinovning Magnitogorskdagi portlashlarga aloqadorligi borasida ma’lumotlarni inkor etib chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Husniddin 2010 yilgi O‘sh voqealariga aloqadorlikda gumonlanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgani bois hibs etilgan.

Ozodlik Husniddin Zaynobiddinov tanasidagi prokuratura tomonidan aniqlangan tan jarohatlari bo‘yicha tekshiruv natijalari yuzasidan Chelyabinsk viloyat Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat yubordi.

- Prokuratura “materialni yubordik” degani “ular allaqachon bizga yetib keldi” degani emas. Ular jo‘natishdimi, jo‘natishni xohlashganmi – kim biladi. Hozircha bu ish yuzasidan menda hech qanday ma’lumot yo‘q, dedi Husniddinning qiynoqqa solingani va og‘ir tan jarohati yetkazilgani ustidan tekshiruv olib borilmayotganini bildirgan Chelyabinsk viloyat Tergov qo‘mitasi vakili, adliya polkovnigi Vladimir Shishkov.

Halima Zaynobiddinova 2 oylik chaqalog‘i bilan politsiya bo‘limida
Halima Zaynobiddinova 2 oylik chaqalog‘i bilan politsiya bo‘limida

Ozodlik Rossiya rasmiylarining bu bayonotidan keyin Husniddin Zaynobiddinovning xotini Halimaxon Zaynobiddinova bilan yana bir bor telefon orqali suhbatlashdi.

Halimaxon qiynoq to‘g‘risidagi gaplarini inkor etmagani, prokuratura xodimlari u bilan suhbatlashmagani, turmush o‘rtog‘i maskalilar tomonidan qiynoqqa solinganini yana bir bor ma’lum qildi.

29 yanvar kuni Halima tong saharda qo‘lidagi go‘dagi bilan politsiya bo‘limiga olib borilgani va qandaydir hujjatlarga qo‘l qo‘ydirilganini aytdi:

- Men hech kimga unday gaplarni gapirganim yo‘q. Bir jurnalist telefon qilib ham shunday so‘radi mendan. Mening propiskam boshqa yerda bo‘lgani uchun, erimning hujjatlari yo‘qligi uchun jarima solishdi 2 ming rubl. Men aytgan gaplarimni qaytarib olganim yo‘q. Kecha bir odam telefon qilib, men bilan urishdi. “Sening eringni kim olib ketdi, kim uchrashtirdi, qaerga olib ketdi? Seni kim kirgizdi prokuraturaga?”, deb baqirdi.“Baqirma menga. Borib qanday urganlarini erimdan so‘ra! Erimni ahvolini ko‘rgin”, dedim. Men baribir uni qiynashadi, deb qo‘rqyapman.

Halima erini 17 yanvar kuni betlari ko‘kargan, ko‘zi qizarib ketgan, qo‘llari shishib ketgan va burni bir tomonga qiyshayib qolgan holatda ko‘rganini aytgandi.

Ҳалима Зайнобиддинова: Эримни қўлини орқага боғлаб, ток билан уришган!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:20 0:00
Бевосита линк

Husniddin Zaynobiddinovning himoyasini ta’minlayotgan “Yordam” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti rahbari Bahrom Hamroev Halimaxonga politsiyada tarjimonsiz qandaydir hujjatlarga qo‘l qo‘ydirilgani va maxsus xizmatlar Husniddinning FSB xodimlari tomonidan kaltaklangani faktini yashirishga urinayotganini iddao qildi:

- Politsiyaga bolasi bilan borgan. “Sizlarga pretenziyamiz yo‘q!” degan hujjatga qo‘l qo‘ydiribdi! Tarjimonsiz “Qo‘l qo‘ygin – ketavergin, ishimiz yo‘q sen bilan”, deb bolali ayolni aldagan. Hukumat aldash bilan shug‘ullanayapti! Zaynobiddinov bilan man o‘zim telefonda gaplashdimku: qon siyyapti u bola, ichidan qon ketayapti uni! Zaynobiddinovning ishi yuzasidan Yevropa Sudiga hujjat tayyorlayapmiz. Xudo xohlasa uni Qirg‘izistonga ekstraditsiyasini to‘xtatamiz.

Huquq faoli Halimaxonga noma’lum shaxs tomonidan tahdidlar bo‘lganini tasdiqlab, bu suhbat audioyozuvini Ozodlikka taqdim etdi.

Ozodlik radiosi Rossiyaning Magnitogorsk shahrida 31 dekabr kuni 10 qavatlik uy va marshrut taksisida yuz bergan portlash ortidan maxsus xizmat va politsiya ushbu voqeaga aloqadorlikda gumonlanayotganlarni hibsga olishni davom ettirayotgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

O‘sha maqolada Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tomonidan ushlangan jalolobodlik 29 yashar Husniddin Zaynobiddinov, yaqinlari va himoyachilari iddaosicha, olti soat davomida qiynoqlarga solingan va qilmagan jinoyatlarni bo‘yniga olishga majburlangani aytilgan edi.

Magnitogorsk shahrida 31 dekabr kuni 10 qavatlik uyning bir qismi qulashi va birozdan keyin marshrut taksisidagi sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 39 odam halok bo‘lgan. O‘shanda huquq-tartibot tuzilmalari uyda gaz portlagan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotganini bildirgan edilar.

Mahalliy axborot vositalariga ko‘ra, shaharda yashovchi markaziy osiyoliklarni ommaviy ravishda ushlab¸ ularning hujjatlarini tekshirish boshlangan.

XS
SM
MD
LG