Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:23

AQShning O‘rta G‘arb mintaqasida havo rekord darajada sovidi


Chikago daryosi, 2019 yil 30 yanvari.
Chikago daryosi, 2019 yil 30 yanvari.

Chorshanba kuni AQShning O‘rta G‘arb mintaqasida havo Antarktidaning ayrim hududlaridan ham sovuqroq bo‘ldi. Natijada ko‘plab hududda transport harakati butunlay to‘xtab qoldi.

Pochta, o‘quv muassasalari va shirkatlar faoliyati to‘xtatildi. O‘nlab shtat aholisiga uydan chiqmaslik tavsiya qilindi.

Amerikaning uchinchi eng yirik shahri bo‘lmish Chikagoda ertalabki harorat -30 °C ga yetdi. Ammo sovuq shamol tufayli sezilgan harorat -46 °C ga teng bo‘ldi. Bu esa Alyaska markazidagidan, hatto Antarktidaning ayrim hududlaridagi haroratdan ham sovuqroqdir.

Chikagoning ikki yirik aeroportida 1500 dan ziyod reys bekor qilindi. Amtrak temir yo‘l shirkati ham shahardagi xizmatlarini to‘xtatdi.

Har qanday havoda ham o‘z faoliyatini davom ettiradigan AQSh pochta xizmati Indiana, Michigan, Illinoys, Ohayo, Dakota va Nebraska shtatlari faoliyatini to‘xtatdi.

Mazkur sovuq havoga odatda Shimoliy Qutbda aylanib yuradigan arktik havo oqimi Amerikaga yetib borgani sabab bo‘ldi.

“Keyingi kunlarda rekord darajadagi arktika havo massasi markaziy hamda sharqiy AQSh ustida qoladi”, deya bildirdi Milliy ob-havo xizmati.

Shimoliy Dakota shtatining Grand-Forks shahrida ertalab havo -37 °C darajaga tushdi. Minneapolis shahrida esa havo -32 °C sovuq bo‘ldi.

Mamlakat rasmiylari bunday ekstremal harorat aholi hayotiga xavf solishini aytar ekan,Illinoys, Viskonsin hamda Michigan shtatlarda favqulodda vaziyat joriy qilindi.

Sovuq qamrovida qolgan shtatlarda yoshi keksalar hamda doimiy yashash joyi bo‘lmaganlar uchun isinish punktlari uyushtirildi.

AQSh matbuoti tarqatgan xabarlarga ko‘ra, keskin ob-havo tufayli mamlakat bo‘ylab kamida to‘rt kishi nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG