Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:26

Mirziyoev "anavi idora quloqlari" bo‘lgan posbonlarni yo‘q qilmoqchi


Militsiya xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib poraxo‘rlik qilmaslik haqida qasamyod qilmoqda. Toshkent viloyat, Yuqorichirchiq tuman ichki ishlar bo‘limi. 2018, dekabr.
Militsiya xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib poraxo‘rlik qilmaslik haqida qasamyod qilmoqda. Toshkent viloyat, Yuqorichirchiq tuman ichki ishlar bo‘limi. 2018, dekabr.

Joriy yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan selektor yig‘ilishidan yozib olingan audio Ozodlikka 30 yanvar kuni yetib keldi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti IIV ishini qoniqarsiz deb topganini va soha tizimini tubdan o‘zgartirishini aytarkan, jumladan, mahallalardagi “posbon” lavozimi tugatilishini bildirgan.

Selektor yig‘ilishida gapirgan prezident keyingi 15 yil davomida O‘zbekiston Ichki ishlar tizimi “bitta hamma biladigan tashkilot tarafidan zaiflashtirilgani”ni ta’kidladi va sohada kardinal islohot o‘tkazilishini bildirdi:

“Posbonlarni yo‘q qilamiz. Ular anavi tashkilotning qulog‘i edi. Ularni o‘rniga uchastkovoy (IIB uchastka noziri) yordamchisi degan to‘laqonli shtat joriy qilamiz”,- deydi Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekiston prezidenti "anavi tashkilot" deganda MXXni nazarda tutganini taxmin qilish mumkin.

“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi hukumat qarori asosida 2014 yilning mart oyidan boshlab faoliyat yuritib keladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 iyuldagi 497-son qaroriga ko‘ra aholi soni 2000 dan ziyod bo‘lgan mahallaga 4 nafar aholi soni 12000 bo‘lgan mahallaga 18 nafar posbon biriktirilgan.

Joriy yil 10 yanvarda prezident ishtirokida o‘tgan selektorda ta’kidlanishicha¸ O‘zbekistonda 9 ming 756 ta mahallaning har birida kamida to‘rttadan posbon faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida ishlaydigan mulozimning 31 yanvar kuni Ozodlikka bildirishicha¸ mahalla posboni instituti o‘rniga uchastka noziri yordamchisi lavozimini ta’sis qilish bo‘yicha hujjatlar tayorlanib huquqiy ekspertizaga berilgan.

Sobiq sportsmenlar ishga olinadi

Prezidentning matbuotda e’lon qilinmagan nutqida “uchastka noziri va yordamchisi” lavozimiga “katta sportdan ketib ish topa olmay yurgan sport ustalarining Huquqshunoslik instituti qoshida tashkil qilinadigan ikki yillik kurslarda tezlashtirilgan tarzda o‘qitib” tayinlanishi ma’lum qilindi.

Prezident o‘z nutqida Ichki ishlar vazirligida shu paytgacha mavjud bo‘lgan ishga olish tizimini tanqid qildi:

“Bu tizim bo‘lmaydi. Seni ishga olaman deb bir yil sudrardi. Enasini, otasini surishtirib. Baribir ishga olmasdi. Maqsad o‘zining odamini tiqish. Faqat jinnilarni olishardi ishga. Qancha jinni bo‘lsa, shuncha ishga kirishi oson edi. Bu tizimga chek qo‘yamiz”,- dedi prezident.

"Anavi tashkilot ta’siri"

O‘z nutqida prezident Shavkat Mirziyoev “pogonni osib olib likillab yurgan poraxo‘r” va “semizligidan 10 metrga ham yugura olmaydigan va o‘g‘rini quvib yetolmaydigan meshqorin IIB xodimlari” xodimlari misolida 1991 yildan to shu kungacha ishlab keladigan tizimni “mutlaqo samarasiz”, deb baholadi.

“Men Bosh vazir bo‘lganimda Matlubov (2006 yildan 2013 yilgacha O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan - tahr.) bilan ishlaganman. U faqat kabinetda o‘tirardi Hech narsa qilolmasdi. Hamma narsani anavi tashkilot hal qilardi. Shuni asorati haliyam bor. Mana men kecha Yunusobod ROVDga bordim. O‘sha yerdagi xodim doklad qilishniyam bilmaydi”, degan O‘zbekiston prezidenti selektorda so‘zlagan, ammo matbuotda oshkor qilinmagan nutqida.

Qotillik ko‘paygan

Ayni majlisda O‘zbekiston prezidenti mamlakatdagi kriminogen muhit o‘ta yomonlashganiga e’tibor qaratdi:

“2018 yili mamlakatda 49 ming 11 ta jinoyat sodir qilindi. Bu har 100 000 kishiga 150ta jinoyat to‘g‘ri keldi degani. Afsuski, Navoiy viloyatida 100 000 kishiga 215 jinoyat to‘g‘ri kelgan. Butun respublika bo‘ylab 432ta qotillik yuz bergan, shuning 66 tasi Toshkentda”.

Ayni raqamlarni aytish chog‘ida O‘zbekiston prezidenti “jinoyatlar soni ko‘payganida aybdor bo‘lgan” mulozimlarni jiddiy ogohlantirdi:

“Ey prokuror, eshit¸ agar jinoyat kamaymasa Boysunga prokuror qilib yuboraman. Yurasan surgunda”.

Ozodlik 10 yanvar kungi maxsus selektorda prezident Shavkat Mirziyoevning alohida tanqidiga uchragan Andijon Ichki ishlar boshqarmasining kamida to‘rt nafar xodimi hibsga olingani haqida yozgan edi.

Ozodlik O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi mulozimi bilan bog‘landi. Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan mulozimga ko‘ra¸ “Prezident topshirig‘i bo‘yicha har bir viloyat IIB siga vazir Po‘lat Bobojonovning o‘zi borib tahlil qilmoqda”.

“26 yanvar kuni Sirdaryo viloyatiga shaxsan vazirimiz borib prezidentimizning videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosi o‘rganildi", - dedi mulozim.

Uning aytishicha¸ bunday yig‘ilishlarning navbatdagisi Navoiy viloyatida o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG