Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:34

Sudlangan paxta zavodi direktori hokimni ham javobgarlikka tortishni talab qilmoqda


Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi Oq oltin tumani paxta tozalash zavodining sobiq direktori G‘anisher Boybo‘sinovga chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya ishini ko‘rib chiqmoqda.

47 yashar G‘anisher Boybo‘sinov 2018 yilning 26 dekabr kuni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining bir necha moddasi bilan ayblanib, 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Sudlanuvchi yaqinlari iddaosicha, G‘anisher Boybo‘sinov 2017 yil paxta mavsumida iflos va tuproq qo‘shilgan paxtani viloyat hokimi o‘rinbosari va Oq oltin tumani hokimining buyrug‘i va bosimi bilan qabul qilganini sudda aytgan va bu ishning tashabbuschilari ham javobgarlikka tortilishini talab qilgan bo‘lsa-da, sud bu vajlarni inobatga olmayapti.

Viloyat hokimi o‘rinbosari va tuman hokimi bu xususda Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi

30 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi paxta kamomadi bo‘yicha chiqarilgan hukm apellyatsiyasini ko‘rishni boshladi.

Oq oltin tumanidagi paxta tozalash zavodi direktori G‘anisher Boybo‘sinov 2018 yilning 26 dekabrida sud hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167 - o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 205 - hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, 209 - hokimiyat harakatsizligi moddalari bilan ayblanib, 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, G‘anisher Boybo‘sinov va uning qo‘l ostidagi besh nafar tarozibon 7,5 milliard so‘m miqdoridagi qariyb 7,5 ming tonna paxta kamomadida ayblangan.

G‘anisher Boybo‘sinov bu hukm ustidan apellyatsiya arizasi kiritgan edi.

30 yanvar kuni apellyatsiya sudida qatnashgan G‘anisher Boybo‘sinovning xotini Mohidil Boybo‘sinovaning Ozodlikka aytishicha, uning eri mahkamada bu ishni o‘z ixtiyori bilan qilmagani, balki rahbarlarning tazyig‘i ostida bajarishga majbur bo‘lganini aytgan:

“Sud raisi bu kishiga paxtani noto‘g‘ri qabul qilgansan, deyapti. Erim esa viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman hokimining tazyig‘i ostida qabul qilishga majbur bo‘lganman deyapti. Prokuror nega o‘shanda xabar bermading bo‘lmasa, deb aytyapti. Shu o‘rinda advokat turib hokimlar bu topshiriqni berganda prokuror ham militsiya boshliqlari ham o‘sha majlisda o‘tirgan bo‘lsa, kimga murojaat qilardi, deb aytganda, prokuror jim bo‘lib qolyapti”, deydi Mohidil Boybo‘sinova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘anisher Boybo‘sinov unga noqonuniy topshiriq bergan mulozimlarni sudga chaqirishni talab qilgan:

- Erim sudda aytdi. Paxtatrest boshlig‘i Aziz Ismoilov zavodga borib yotib olgan edi, dedi. Keyin Oq oltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov tazyiq o‘tkazib, iflos, po‘choq va tuproq qorishilgan, beshinchi sortga mansub paxtani yuqori sortlarda qabul qilishga majburlaganini aytdi. Hokim Dilmurod Fozilovning majburlagani sudda isbot ham bo‘ldi. Fermerlar aytyapti, biz bu paxtani terdirmaymiz, bu beshinchi sort bundan faqat zarar desa ham, hokim ularni majburlab tergizib, zavodda o‘tkazishni o‘z bo‘yniga olgan ekan. Laborantlar ham, tarozibonlar ham bizni hokim majburlagan deb aytyapti, lekin sud bu mulozimlarni sudga chaqirmagan yoki chaqirsa ham ular kelmagan. Menda tuman hokimining bunday iflos paxtani qabul qilib olish haqida viloyat hokimi o‘rinbosari Komiljon Sobirovning buyrug‘i bor, degan zapisi ham bor, deydi Mohidil Boybo‘sinova.

Mohidil Boybo‘sinovaning aytishicha, paxta rejasini bajarib, prezident oldida maqtanish evaziga viloyat rahbarlari ana shunday noqonuniy ish qilgan, lekin buyuruvchilar bir chetda qolib, bajaruvchilar javobgarlikka torilyapti:

- Erim va yana besh nafar uning qo‘l ostida ishlagan tarozibon yemagan somsasi uchun o‘z umridan haq to‘layapti. Buyruqni kim bergan, hokim va boshqa mulozimlar. Erimni boshini yorib shu ishni qilasan degan kim, hokim. Nega ular suvdan quruq chiqyapti? Hokim jinoyat qilsa ham uni javobgarlikka tortishga hech kimning haqi yo‘qmi? O‘zlarining jinoyatini yopish uchun erim va boshqalarni bular yem qilib yuborishyapti, deydi Mohidil Boybo‘sinova.

Ozodlik Sirdaryo viloyati hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Sobirov bilan bog‘lanib, unga nisbatan bildirilgan iddaolarga munosabat so‘radi.

Hokim o‘rinbosari G‘anisher Boybo‘sinov yig‘ilishda ekanini aytib, telefonni o‘chirib qo‘ydi. Komiljon Sobirov Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Oq oltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov Ozodlik bilan suhbatda sudga taklif qilinmaganini aytdi:

“Hech kim meni chaqirgani ham yo‘q, advokati oldimga kelgani ham yo‘q”, degan hokim aloqani uzib qo‘ydi.

Dilmurod Fozilov bilan yana bog‘lanishning boshqa iloji bo‘lmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudining navbatdagi majlisi 8 fevralda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terish mavsumida ham rejani bajarish uchun tuman hokimlari tomonidan qabul qilish punktlariga qum, tosh, temir solingan paxtani qabul qilish haqida ko‘rsatma berilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Jumladan o‘tgan yilning 16 oktabr kuni Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi paxta qabul qilish punktlari tarozilarida traktor pritseplarida olib kelinayotgan paxta orasiga yashirilgan bir necha qop qum ham topilgan edi. Topshirilayotgan paxta vaznini ko‘paytirib ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan bu usul tuman hokimi tomonidan majburan joriy qilingani iddao qilingandi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, prokuratura xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir chog‘ida paxta topshirish maskani brigadiri Furqat Rahimov “Shamsiddin-Dildora” fermer xo‘jaligida terilgan paxta xomashyosi ostiga yashirilgan 1 tonna tuproq va qumni o‘tkazib berish evaziga Shuhrat Usmonovdan 300 AQSh dollari va 400 ming so‘mni olib, qum va tuproqni jamiyat hududiga tushirib chiqqan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushirilgan.

XS
SM
MD
LG