Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:40

Samarqandda 7 yoshli qizcha bog‘chadagi arg‘imchoqdan yiqilib o‘ldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumani prokuraturasi yetti yoshli qizchaning bog‘cha hududida arg‘imchoqdan yiqilib o‘lgani yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Hodisa o‘tgan oy o‘rtalarida Urgut tumanidagi 29-sonli bog‘chaning bolalar o‘ynaydigan maydonchasida ro‘y bergan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 7 yoshli R.O. (qizchaning ismi ma’lum sabablarga ko‘ra oshkor qilinmayotir - tahr.) arg‘imchoqdan yiqilib, jiddiy jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, bir necha kun o‘tib qizaloq kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Ismini aytishni istamagan qarindoshlaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda, qizaloq arg‘imchoqdan yiqilgach, 30 daqiqa davomida yerda yotgani, unga birinchi yordam ko‘rsatilmaganini da’vo qildi:

- Fojia sodir bo‘lgan kun bolalar bog‘chasida tibbiyot xodimi ham bo‘lmagan. Bola yarim soat yerda yotgan, hech kim e’tibor bermagan.

Urgut tumanining Maktabgacha ta’lim bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hodisa ortidan bog‘cha rahbari va bir necha tarbiyachi ishdan olinganini aytdi.

Ammo, mulozim bu qizchaning bog‘cha tarbiyalanuvchilari ro‘yxatida bo‘lmagani aniqlangani, ayni paytda, uning bog‘cha hududida nima qilib yurgani o‘rganilayotganini ta’kidladi.

- Bizga ma’lum bo‘lishicha, bu qiz bog‘cha tarbiyalanuvchilari ro‘yxatida bo‘lmagan. U o‘sha kuni bog‘cha hududiga tasodifan kirib qolgan. Qanday yiqilgan, buni prokuratura o‘rganyapti. Lekin, shu voqeadan so‘ng bog‘chada nazoratni kuchaytirdik, direktor va bir qancha xodimni ishdan oldik. Bolalar o‘ynaydigan joyni tekshirdik, arg‘imchoq va boshqa jihozlar xavfsizlik qoidalari asosida o‘rnatilganini ko‘rdik, - dedi Urgut tumanining Maktabgacha ta’lim bo‘limining o‘z ismini aytishni istamagan mulozimi.

Qizchaning yaqinlari esa uning bog‘cha tarbiyalanuvchilari ro‘yxatida bo‘lmaganidan xabardorligini aytmoqda. Ularning da’vosicha, ro‘yxatga olinmay bog‘chaga qatnab yurgan bolalar talay.

Urgut tumanining huquqni muhofaza qilish idoralaridan birining vakili esa fojia baxtsiz hodisa sifatida baholanayotganini bildirdi.

- Bog‘chadagi bolalar o‘ynaydigan qurilmalar xavfsizlik me’yorlari asosida o‘rnatilgan bo‘lgan. Ehtiyotsizlik oqibatida bo‘lyapti bu. Lekin, bog‘cha xodimlari tarafidan ham e’tiborsizlik bo‘lgan bo‘lishi mumkin, tergov hali davom etyapti, - dedi Urgut tumani xavfsizlik idoralaridan birining xodimi.

Ammo, yaqinlari qizaloqning bog‘cha tarbiyalanuvchilari e’tiborsizligi tufayli nobud bo‘lganini da’vo qilib, prokuraturadan ularni jazoga tortishni talab qilmoqda.

- Tarbiyachilarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli qizimiz arg‘imchoqdan yiqilgan va vaqtida yordam ko‘rsatilmagan. Yarim soat yerda yotgan, hech kim kelmagan. Bog‘chada o‘sha kuni birinchi yordam ko‘rsatuvchi hamshira ham bo‘lmagan, - deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘lgan qizning ismi sir qolishini istagan qarindoshlaridan biri.

Urgut tumani prokuraturasi vakillari mazkur hodisa yuzasidan surishtiruv hanuz davom etayotgani va xulosa chiqarishga erta ekanini aytishdi.

O‘tgan yil Andijondagi "Quyoshcha" bolalar bog‘chasida tarbiyachining e’tiborsizligi tufayli 6 yashar bola ustiga qaynoq sho‘rva to‘kilgan, oqibatda bolaning yuzi kuyib kasalxonaga yotqizilgan edi.

Buni rahbariyatdan sir tutib, vaqtida shifokor chaqirmagan bog‘cha tarbiyachisi ishdan bo‘shatilgan edi.

Ikki yil avval Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi “Aychurek” bolalar bog‘chasi “Neptun” bayrami munosabati bilan lotoq ariqda o‘tkazgan tadbirda uch yoshli bola suvga cho‘kib halok bo‘lgan edi.

Uch yoshli Shahboz To‘ychiboevning jasadi u cho‘kkan joydan 700 metr narida, suv tubidan topilgandi.

XS
SM
MD
LG