Buxorodagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi “Bukhara Cotton Textile” asbob-uskunalarini montaj qilayotgan ishchilari shartnomada belgilangan ish haqining faqat yarmi berilayotgani, kuniga 12 soatdan ishlatilayotgani haqida Ozodlikka shikoyat qildi.
Ozodlik suhbatlashgan ishchilarning iddao qilishicha, asosan kuch ishlatuvchi organlardan pensiyaga chiqqan boshliqlar, ishchilarga nisbatan "itga munosabat qilgandek" qo‘pol muomala, do‘q-po‘pisa, haqorat qiladi.
Qo‘shma korxonaning Ozodlik bog‘langan bosh hisobchisi ishchilar shikoyatini inkor qilishga urindi va ularning shartnomada belgilangan maoshni olayotganini bildirdi.
Buxoro shahridagi “Bukhara Cotton Textile” O‘zbekiston - Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasining ishdan haydalishdan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan montajchilaridan biri ishchilar shartnomada ko‘rsatilgan maoshning yarmini olayotganini iddao qildi.
“Biz bilan tuzilgan shartnomani imzolayotgan paytda maoshimiz 2,5 million so‘m ekanligini ko‘rgan edim. Shartnomaning bir nusxasini bizga bermadi, o‘shanda zo‘rg‘a o‘qib olishga ulgurgan edim. Lekin amalda 1,2 million so‘m ish xaqi berilayapti, 23 foizli daromad solig‘idan tashqari yana 800 ming so‘m hech bir sababsiz ushlab qolinayapti. Dekabr oyligini esa yanvarning oxirida oldik”.
Ishchining aytishicha, shartnomadagi ish vaqti va dam olish kunlariga oid bandi ham qo‘pol ravishda buzilmoqda.
“Korxonaning mehnat shartnomasida ish kuni haftasiga 5 kun, shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni, bayram kunlari dam olish kunlari va kunlik ish soati 10 soatdan iborat deb aytilgan, ammo biz haftasiga 6 kun, bayram kuni dam olishsiz, har kuni 12 soatdan ortiq ishlayapmiz”, deydi korxonaning kalava ishlab chiqarish sexiga asbob-jihozlarni montaj qilayotgan ishchi.
Kalava ishlab chiqarish sexini montaj qilayotgan boshqa ishchi esa asosan kuch ishlatar tizimlaridan pensiyaga chiqqanlardan iborat korxona rahbarlarini ishchilarga qo‘pol munosabat qilayotganlikda aybladi.
“Ofisdagi rahbarlarning aksariyati KGB(MXX), GAI, militsiya, adliya, prokuraturada ishlab pensiyaga chiqqan yoki ishdan haydalgan odamlar. Ular bizning huquqlarimizni poymol qilishayapti, ishchilarga "itga munosabat qilgandek" qo‘pol muomala, do‘q-po‘pisa, adovat, haqorat qilishadi, norozilik bildirganlarni esa ishdan haydash bilan qo‘rqitishadi. Shuning uchun ish joyimizdan ajralib qolmay deb, hamma tishini-tishiga qo‘yib ishlayapti. Buning ustiga Turkiyadan kelgan mutaxassislar bizga qo‘pol muomala qilib, hatto dam olgani qo‘yishmaydi”.
Ishchining aytishicha, ular maxsus ish kiyimlarini o‘zlarining puliga sotib olmoqda.
“Shart-sharoit haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Texnika xavfsizligi 0 darajada, ta’mirlovchi chilangarlar, montajnik va kuruvchilarga maxsus kiyim (spetsodejda), kaska, qo‘lqop berilmaydi, ishchilar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, ishlamoqda. Oshxonada oddiy ishchilar uchun ta’msiz, arzon masalliqda pishirilgan taom beriladi, 700 kishi uchun kichkina oshxona, odamlar yarim soatlab navbat kutishadi. Korxonamiz idorasi xodimlari, boshliqlari, turkiyalik “mutaxassis”lar esa katta va shinam oshxonada restoranda o‘tirgandek yaxshi ovqatlar yeyishadi”, deydi montajchilardan biri.
Ozodlik ishchilarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida 5,6 fevral kunlari “Bukhara Cotton Textile” qo‘shma korxonasining rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi.
Korxona bosh hisobchisi Sherzod Mirzaev Ozodlik bilan suhbatda o‘zini oddiy mutaxassis deb tanishtirar ekan, ishchilarning ish haqlari masalasidagi iddaolari asossiz, dedi.
“Unday bo‘lishi mumkin emas, ular shartnoma tuzgan bo‘lsa, sizga ikkinchi nusxasini ko‘rsatsin edi. Bunday shikoyat bo‘lishini men birinchi marta eshitib turibman”, dedi Sherzod Mirzaev.
Ozodlikning “agar siz buxgalteriyadagi mutaxassis bo‘lsangiz, ishchilarning qancha maosh olishini bilmaysizmi”, degan savoliga Sherzod Mirzaev:
“Hozir bizda shunday vaziyatki, endi qurilish ketayapti, endi ish bo‘layapti. Masalan men, qo‘shni xonadagi mutaxassislar necha so‘m maosh olishini ham bilmayman. Menda tegishli bo‘limim bor, bu bo‘limga dopusk yo‘q menda. Hisob-kitoblarimiz aksariyati hozir Toshkentda, markazlashgan, o‘sha yerda olib boriladi. Bizlarda faqat shu o‘zimizga tegishli, qurilish materiallariga oid kirim-chiqimlar olib boriladi. To‘g‘risini aytsam, menda ish haqi bo‘yicha ma’lumot yo‘q”, dedi Sherzod Mirzaev.
Korxona ofisi hali to‘la qurilib bitmagani sababli u yerga statsionar telefon hali olib kirilmagan.
Korxona ijrochi direktori Olim Jumaevning mobil telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
“Bukhara Cotton Textile” qo‘shma korxonasi qurilishi 2018 yilda boshlangan.
Bu korxonada qariyb 700 nafardan ortiq montajchi va quruvchi ishlamoqda.
Korxonaning kalava ishlab chiqarish va tikuvchilikdan iborat ikkita sexi qurilmoqda. Ayni paytda, kalava ishlab chiqarish sexida montaj ishlari olib borilmoqda, tikuvchilik sexi qurilishi davom etmoqda.