Samarqand shahridagi "Hunarmandlar markazi"da 13 fevralga o‘tar kechasi ro‘y bergan yong‘inda o‘zbek rassomlarining o‘nlab asarlari yonib kul bo‘ldi.
Registon maydoniga yaqin joylashgan, yong‘in ro‘y bergan bino 19- asrda qurilgan bo‘lib, u yerda 15 dan ortiq rassom va hunarmandlarning ustaxonalari bo‘lgan.
Markazdagi Chingiz Ahmarovning uchga ikki metr kattalikdagi "Bahodir Yalangto‘sh" asari esa, yong‘indan asrab qolingan. Samarqand shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mulozimi yong‘in elektr tizimidagi qisqa tutashuv oqibatida kelib chiqqanini ma’lum qildi.
Samarqand Hunarmandlar markazi xodimlaridan biri Ozodlikka yong‘inda o‘ndan ziyod rassomlik va hunarmandlik asarlari yonganini tasdiqladi.
- Asarlarning ayrimlari yongan, ayrimlari o‘t o‘chirish payti vayron etilgan. Lekin, asarlarning katta qismini olib chiqishga ulgurdik. Chingiz Axmarovning noyob uchga ikki metr kattalikdagi "Bahodir Yalangto‘sh" asarini ham yong‘indan saqlab qoldik, - dedi Hunarmandlar markazining Ozodlik suhbatlashgan xodimi.
Samarqandlik blogger Toshpo‘lat Rahmatullaev Ozodlik bilan suhbatda yong‘in ro‘y bergan Hunarmandlar markazini borib ko‘rganini aytdi.
- Rassom Ahmad Umarov ustaxonasining tomi pastga tushib ketgan. Ular bolalari bilan borib, kartinalarini olib chiqishibdi. Lekin, ustaxonalar yonib kul bo‘lgan. Rassom Toir Sharipov asarlari ham yongan. Rassomning o‘zi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Kasalxonaga olib ketilar ekan, rassom barcha asarlari yonganini aytdi, - dedi blogger Toshpo‘lat Rahmatullaev.
Samarqand shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi 13 fevralga o‘tar kechasi yarim tunda ro‘y bergan yong‘in elektr tizimidagi qisqa tutashuv oqibatida kelib chiqqanini ma’lum qildi.
Boshqarma xabariga ko‘ra, yong‘in natijasida odamlar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar bo‘lmagan.
Hozirda yong‘in natijasida yetgan zarar miqdori aniqlanmoqda.