Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:31

Suvorovchi kursantlar zaharlandi. Sabablar orasida "tarkibida tovuq axlati mavjud nos" ham tilga olindi


Rossiyaning Ulyanovsk shahridagi Suvorovchilar harbiy bilim yurtida exinokkokoz bilan kasallangan kursantlar nos chekkan bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda tergovchilarning bayonotlariga tayanib Rossiyadagi axborot vositalari xabar qildi.

Harbiy maktabda sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanish sabablari to‘g‘risida gapirgan tergovchilar fikricha, o‘quvchilar “nos tarkibida mavjud... tovuq va tuya axlatidan” zaharlangan bo‘lishi mumkin.

Biroq, zaharlangan 52 kursantning ota-onalari farzandlariga kasallik sifatsiz ovqatdan yuqqaniga ishonmoqda.

"Nosga hayvonlar axlati qo‘shiladi!"

Ulyanovskda exinokokkoz bilan zaharlangan va hozirda shifoxonaga yotqizilgan Suvorov harbiy bilim yurti kursantlari nos chekkan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi iddaolar Rossiyaning “Izvestiya” gazetasida paydo bo‘ldi.

Nashr jurnalistlari o‘z taxminlarini “tergovga yaqin bo‘lgan manba” ma’lumotlariga tayanib yozayotganini ma’lum qildi.

“Agarda nosvoy tarkibiga haqiqatan axlat solinsa, unda kasallik aynan shundan tarqagan bo‘lishi mumkin”, deb xulosa chiqargan “Izvestiya”ning tibbiyot doiralaridagi boshqa manbasi.

Kursantlarning ota-onalari bilim yurtida kasallangan bolalar soni 52 kishiga yetganini hisoblagan bo‘lsa, Rossiya Mudofaa vazirligi kasallanganlar soni 26 kishi ekanini aytmoqda.

Lentasimon parazit hisoblangan exinokokk qurti kursantlarning jigar, o‘t, o‘pka va boshqa tana a’zolarini zaharlagani yanvar oxirlarida aniqlandi.

Biroq, ota-onalar rasmiylar tarqatayotgan bu gap-so‘zlarga asos yo‘qligini gapirmoqda.

10 sinfda o‘qiyotgan bolaning onasi Yelena farzandini bu bilim yurtidan olib ketganini aytdi:

- Bolalar doimo bu yerda berilayotgan oziq-ovqat sifatsizligidan shikoyat qilib kelardi – ovqatdan qurt, soch, mix chiqishini, stollardan isqirt latta hidi anqishini gapirganda biz ishonmas edik. Ularga berilgan ichki kiyimlarning yirtiq-yamoqligi yoki botinkalarining dabdalasi chiqib ketganini gapirmasam ham bo‘ladi! Bu Rossiyaning elita gvardiya bilim yurti hisoblangani uchun bolalarimizning shikoyatlariga ishongimiz kelmasdi.

Suhbatdosh voyaga yetmagan o‘g‘li Rossiya armiyasini “jahannam” deb atashidan xafa bo‘lganini ham esladi.

Tibbiyot mutaxassislari exinokkok tashqi muhitning barcha o‘zgaruvchan sharoitlariga moslasha oladigan o‘ta xavfli qurt ekanini aytar ekan, u odam organizmining istagan joyiga kirib borishi va tuxum qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirib keladi. Shifokorlar exinokkok bilan bunday ommaviy tarzda kasallanish ilgari kuzatilmaganiga ham e’tibor qaratmoqda.

Mudofaa vazirligining Bosh parazitologi Sergey Kozlov bu masalada fikr bildirarkan, bunday dedi:

- Taxminlar ko‘p, ammo men “bolalar aynan yomon ovqatdan zaharlandi”, deya olmayman. Tergov ishlari natijalarini hozircha bilmaymiz.

Rosselxoznadzor va boshqa qator idoralar nosdan zaharlanish to‘g‘risidagi versiyaga hatto to‘xtalmasdan, Suvorov bilim yurtidagi hodisa antisanitariya holatlari bilan bog‘liqligini alohida urg‘uladi.

Kasallangan bolalardan birining otasi Sergey Kuznetsov taftish uchun tuzilgan komissiya oxir-oqibat “yo itlarni, yo bolalarning o‘zlarini aybdor qiladi”, deya taxmin qildi.

Muhojirlar nosni "baklashka"da Rossiyaga olib kiradi
Muhojirlar nosni "baklashka"da Rossiyaga olib kiradi

Rossiyada ishlab chiqarilishi taqiqlangan mahsulot

Suvorovchilar bilim yurtida sodir bo‘lgan ommaviy kasallanish va boshqa balolarga sababchi qilib ko‘rsatilib keladigan nosni Rossiyaga odatda markaziy osiyolik mehnat muhojirlari olib keladi.

So‘nggi yillarda nos chekish odati millionlab mehnat migrantlaridan rus yoshlariga ham yuqqani, natijada Rossiyada nosga bo‘lgan talabni ortgani kuzatilmoqda.

Rossiya nosni mamlakatga olib kirish, mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni qonunan taqiqlagan. Rossiyaga nos olib kirgan shaxs ushlangan taqdirda ma’muriy jazoga tortilishi mumkin.

Nosga nisbatan Rossiya hukumati olib borayotgan cheklovlarga qaramasdan, mamlakatda nos ishlab chiqaruvchi yashirin sexlar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

Nos Rossiya shaharlarining asosan mehnat muhojirlari gavjum bo‘lgan joylarida, mayda xususiy do‘kon va bozorlarda sotiladi. Rossiyaga ishlagani kelayotgan o‘zbek muhojirlari o‘zlari bilan idishlarga bosib solingan nos olib keladilar.

Birmuncha vaqt oldin Rossiya Davlat Dumasining ayrim deputatlari nosni narkotik modda deb tan olinishini qonuniylashtirmoqchi bo‘lishgan edi.

2019 yilning yanvari oxirlarida Moskvada markaziy osiyolik muhojirlar ijaraga olgan omborxona va kvartiradan 1,5 tonna nos musodara qilingan edi.

XS
SM
MD
LG