Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:37

Moskvada o‘zbekistonliklar ommaviy mushtlashdi, ikki kishi o‘ldi (VIDEO)


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Moskvaning janubi-sharqidagi Volgograd prospektida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 11 o‘zbekistonlik hibsga olindi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ikki o‘zbekistonlik halok bo‘lishi bilan tugagan bu janjal fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Ommaviy mushtlashuv 17 fevralda Rossiya poytaxtining Volgograd prospektida joylashgan mashina yuvish servisi joylashgan bino oldida sodir bo‘ldi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahar bo‘yicha boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, mushtlashuv avtomobil yuvish shoxobchasi ishchilari orasida maishiy janjal ortidan kelib chiqqan.

- 17 fevral kuni Volgograd prospektidagi bino oldida sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida 1989 yilda tug‘ilgan shaxs “Tez yordam” mashinasi yetib kelgunicha halok bo‘lgan, ko‘kragidan pichoqlangan ikkinchisi esa kasalxonada vafot etgan, - dedi Moskva shahar Tergov qo‘mitasi rahbari muovini, adliya leytenanti Yuliya Ivanova.

Hodisa guvohlari janjal avtomoykada ishlagan o‘zbekistonliklardan biri boshqasining akasini haqoratlaganidan kelib chiqqanini aytmoqda.

Mazkur voqea yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 111- moddasi 4- bandi (“Inson tanasiga ataylab og‘ir jarohat yetkazish oqibatida odam o‘ldirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ommaviy janjal aks etgan videotasvirlarni ham e’lon qildi.

Unda bir nechta pichoq ko‘targan shaxs mushtlashib bo‘lganidan keyin qora kurtka kiygan yigitlardan biri yerga qulab tushayotgani va keyinroq uni "Tez yordam" mashinasiga ortishayotganini ko‘rish mumkin.

(Rossiya Tergov qo‘mitasi taqdim etgan video)

Ma’lum bo‘lishicha, mushtlashuvda kamida o‘n kishi ishtirok etgan. Tergovchilar ularning barchasi o‘zbekistonliklar ekanini tasdiqlamoqda.

Keyinroq mahalliy telekanallardan biri qonli to‘qnashuv aks etgan yana bir videotasvirni e’lon qildi.

Politsiyada hozircha halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar ismi-sharifi ochiqlanmasligini ma’lum qilishdi.

Ozodlik o‘z manbalaridan tergovchilar pichoqlashuv sabablarining yana bir qancha versiyalarini ko‘rib chiqayotganini aniqladi. O‘sha versiyalardan biriga ko‘ra, o‘zbek muhojirlari janjaliga bir tomonda narkotik moddalari mavjudligi sabab bo‘lgan.

O‘z ismini bildirishni istamagan tergovchilardan biri o‘ta daromadli sanalgan mashina yuvish bozoridagi ish joylarining ishchilar o‘rtasida talashilgani sabab bo‘lgani ham taxmin qilinayotganini inkor etmadi.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasida Volgogradskiy avtomoykasidagi mushtlashuv oqibatida 11 nafar, asosan, O‘zbekiston vatandoshlari qo‘lga olingani, yana bir necha kishi qidiruvda ekanini ma’lum qilishdi.

Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shu kuniyoq Moskvaning Lefortovo parkida chechen va ozarbayjon millatiga mansub 30 dan ziyod shaxs o‘rtasida yana bir ommaviy janjal bo‘lgani qayd etildi. Pichoq va pistoletlar vositasida sodir bo‘lgan “razborka”da ikki kishi og‘ir yaralangani, 15 kishi hibs etilgani aytildi.

XS
SM
MD
LG