Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:20

Forishda yana bir maktab o‘quvchisi osilgan holda topildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jizzax viloyati Forish tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 10 sinf o‘quvchisi 12 fevral kuni o‘zi uyining boloxonasida osilgan holda topildi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, bola o‘zini osganidan ikki kun o‘tib, uning jasadi uyining boloxanasida oshkor qilingan.

Tuman prokuraturasi bu voqea yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakati olib bormoqda.

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, maktablarda malakali psixologlar yetishmasligini aytdi.

Bu holat Forish tumanida so‘nggi ikki oyda maktab yoshidagi bolalarning uchinchi bor o‘z joniga qasd qilishidir.

Forish tumanining Oqtepa mahallasida yashagan 16 yashar maktab o‘quvchisining o‘z joniga qasd qilgani haqida Ozodlikka shu mahalla yashovchilardan biri xabar qildi:

“Marhum oilaning yakkayu-yolg‘iz o‘g‘il farzandi edi. O‘limidan bir kun oldin maktabdan qaytgan, uylarida ovqatlangan keyin soat kechki oltilarda hovlisidagi boshqa uyga chiqib ketgan. Uyidagilari o‘sha yerda yotadi deb, qidirishmagan. Lekin ertalab kirib qarashsa, uyda yo‘q ekan. Keyin qidir-qidir boshlangan. Ikki kundan so‘ng tomga chiqib ko‘rishsa o‘sha yerda osilgan holda turgan ekan”, deydi oqtepaliklardan biri.

Forish tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Ayni paytda prokuratura bu holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib bormoqda. O‘shaning natijalariga qarab qonuniy qaror qabul qilinadi”, dedi prokuratura mulozimi.

Forish tumani hokimining Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Ismoilova Ozodlik bilan suhbatda, so‘nggi paytda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini tasdiqlar ekan, maktablardagi psixologlarning malakasiz ekanligini aytdi:

- Maktablardagi psixologlar talabga javob bermaydi. Ular bilan individual suhbatlashyapman, lekin kuchli psixologni ko‘rmayapman. Viloyat pedinstitutidan Orif aka degan domlani chaqirib, psixologlarimiz bilan suhbat o‘tkazdirdik. Haqiqatan ham psixologlar masalasida juda ham katta kamchiligimiz bor. Endi barcha psixologlarni yig‘ib, viloyatdan ham mutaxassilarni chaqirib, bularni testdan o‘tkazish yoki ma’lum bir yo‘nalish berish haqida kelishib oldik, deydi Gulnora Ismoilova.

Uning aytishicha, Forishda so‘nggi paytda yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holati ko‘payganligi haqiqatan tashvishli hol:

- Hamma ishni qilyapmiz, maktab-kollejlarda uchrashuvlar o‘tkazib, tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Imomlarimiz masjidlarda bu mavzuda amri ma’ruf qilmoqda. Mahallalarda xudoyi qilib o‘tkazdik. Lekin o‘z joniga qasd qilishlar davom etyapti. Masalan, o‘tgan olti oy davomida bir oilaning uch o‘g‘li ketma-ket o‘zini osdi. O‘ziga to‘q, tagida moshinasi bor yigitlar. Uning otasi ham avval o‘zini osib, o‘lgan ekan. Ayniqsa o‘quvchi bollarning o‘z joniga jabr qilishi, hech tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. Buni tagida qandaydir bir sir-sinoat bor. Bu holatga qarshi kurashish kerakligi deyarli har majlisda muhokama qilinyapti, dedi tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora Ismoilova.

Forish tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Jiyanov 8 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda, tumanda o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi o‘tgan yili avvalgi yilga nisbatan 4 taga oshganini bildirgan edi:

- Bir yil davomida 9 ta o‘z joniga qasd holati bo‘ldi. Bu avvalgi yilga nisbatan 4 taga ko‘p. Albatta, bu achinarli hol. Biz mutaxassislar bilan bunday fojialarning sababini o‘rganishga harakat qilyapmiz. O‘zini osgan o‘quvchi qiz ham o‘ziga to‘q oiladan, ijtimoiy qiyinchiligi yo‘q. O‘zini osgan o‘g‘il bolaning otasi ham uzoq yillar ichki ishlarda ishlagan, obro‘-e’tiborli oila. Nochor oila desak, qiynalgan oila desak balki bunga bir sabab bo‘lardi, lekin bu ikkalasi ham o‘ziga to‘q oila. Biz bunday voqealarni mahallalarda muhokama qilyapmiz. Hamma mahalla raislarini chaqirib, bu sohada qattiq ishlamasak bo‘lmaydi, deb kelishib oldik”, deydi hokim o‘rinbosari Jahongir Jiyanov.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG