Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:30

O‘zchivit Toshkentga “Olmazor city” loyihasi reklamasida suratga tushish uchun kelgan


Burak O‘zchivit 16 fevralda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Olmazor city” loyihasi taqdimotida qatnashgan
Burak O‘zchivit 16 fevralda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Olmazor city” loyihasi taqdimotida qatnashgan

Mashhur turk kinoaktyori Burak O‘zchivit O‘zbekistonga Toshkentning O‘qchi-Olmazor mavzesida buzilgan eski uylar o‘rnida qurilayotgan “Olmazor city” loyihasi reklamasida suratga tushish uchun kelgan. Bu ma’lumotni loyihani amalga oshirayotgan "Bizning uylar" developerlik shirkati vakili Ozodlikka tasdiqladi.

Burak O‘zchivit 16 fevralda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Olmazor city” loyihasi taqdimotida qatnashgan. Shu marosimda turk aktyori "loyiha qiyofasi" sifatida tanlanganligi e’lon qilingan, ekranda u suratga tushgan reklama roligi namoyish etilgan.

- O‘zchivit bizning reklamamizda suratga tushish uchun Toshkentga kelgan edi. U endi "Olmazor city" loyihasining qiyofasidir, - dedi "Bizning uylar" developerlik shirkati vakili.

Loyiha reklamasida "Burak O‘zchivit bilan birgalashib faxr va iftixor bilan sizga "Olmazor City" turar-joy majmuasi loyihasini taqdim etamiz!", - deb yozilgan.

​Lekin, O‘zchivit qanday haq evaziga "Olmazor city" reklamasida suratga tushishga ko‘ngani ma’lum emas.

Shirkat vakili buni ochiqlay olmasligini aytdi.

Lekin, turk aktyorining qanchaga reklamaga tushishiga oid ba’zi ma’lumotlar mavjud.

Turkiyada chiqadigan "Hurriyet" nashriga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zchivit Quvayt banki reklamasida suratga tushgani uchun qariyb 3 million turk lirasi miqdorida haq olgan.

Turk aktyorining Toshkentga kelgani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘ldi, turli gap-so‘zlar tarqaldi, fikrlar bildirildi.

Facebook foydalanuvchisi Muhabbat Ibragimova: "O‘zchivit Turkiyaning eng qimmat aktyorlaridan bittasi, kami 2 million dollarsiz kontraktga qo‘l qo‘ymaydi, endi unga beriladigan reklama haqini xalqdan chiqazib olinar ekanda", - deb yozdi.

18 fevral kuni ba’zi nashrlar O‘zchivit faqat muxlisa ayollar bilan ziyofatda ishtirok etish uchungina Toshkentga kelgani haqda xabar bergan edi​

O‘sha xabarga ko‘ra, turk aktyori Toshkentda 2,5 soat O‘zbekistondagi nufuzli va ta’sir kuchiga ega shaxslarning rafiqalari, tadbirkor ayollar va model qizlar bilan kechki ziyofat ustida uchrashgan hamda buning uchun 379 ming dollar haq olgan.

Rusturkey.com ham O‘zchivit Toshkentga nufuzli odamlarning rafiqalari bilan 2,5 soat kechki ziyofatda ishtirok etish uchun kelganini xabar qildi.

"Novosti Uzbekistana" nashri esa, O‘zchivit o‘zbek rejissyorlari bilan serialda suratga tushish masalasini muhokama qilgani va yosh aktyorlarga mahorat darsi o‘tganini yozdi.

"Bizning uylar" developerlik shirkati vakili: "O‘zchivit qaerda, kim bilan ziyofat qilganini bilmaymiz, lekin u bizning mehmonimiz edi", - deb aytdi Ozodlikka.

34 yoshli Burak O‘zchivit “Muhtasham yuz yil” ko‘p seriyali filmidagi Malqacho‘g‘li Bolibey, "Choliqushi" filmidagi Komron rollari orqali o‘zbek tomoshabiniga tanilgan.

Xabarlarga qaraganda, u 14-16 fevral kunlari Toshkentda bo‘lgan.

"Olmazor city" loyihasi Toshkentda qariyb 1 milliard dollarlik "Toshkent city" loyihasining bir qismi ekani aytilmoqda.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev "Tashkent City" investorlaridan biri sifatida ko‘riladi.

Burak O‘zchivit O‘zbekistonda reklamada suratga tushgan birinchi turk aktyori emas.

2012 yilda "Muhtasham yuz yil" filmida Sulton Sulaymon rolini ijro etgan Holid Erganch Toshkentga Gulnora Karimovaning Guli brendi kollektsiyalari reklamasida suratga tushgan va Gulining “GULI VICTORIOUS” erkaklar atrining qiyofasi bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG