Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:34

Andijonlik Rossiyadan 20 yilga badarg‘a qilindi. Xotini va 4 bolasi Rossiyada qoldi (AUDIO)


Nigora Qurbonova kichik farzandlari bilan
Nigora Qurbonova kichik farzandlari bilan

Rossiyaning Tver shahrida oilasi bilan qo‘nim topgan andijonlik Nurbek Qurbonov Rossiyadan 20 yilga badarg‘a qilindi. Hozirda Turkiyada turib, 4 farzandi va ayolini boqishga urinayotgan muhojir Mosgorsud o‘ziga Rossiyaga kirish taqiqlangani sabablari tushuntirishdan bosh tortayotganini bildirdi.

Nurbek Rossiyaga kirishga taqiq mahalliy uchastka noziri tomonidan uyushtirilganiga ishonishini aytmoqda.

Nurbek Qurbonov huquqlarini himoya qilayotgan advokat Ozodlik bilan suhbatda Rossiya hukumati Nurbekni nimada ayblayotganini sir tutayotgani va yangi qonunlarga binoan bu haqda hatto ayblanuvchining o‘ziga ham ma’lumot berilmasligini bildirdi.

"Bolalarimni 8 oy bo‘ldi ko‘rmaganimga..."

Turkiyaning Istanbul shahridan Ozodlikka telefon qilgan 51 yoshli andijonlik Nurbek Qurbonov asossiz Rossiyaga kiritilmaganini so‘zlab berdi.

Нурбек Қурбонов:"Фарзандларимни 8 ой бўлди бағримга босмаганимга"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:33 0:00
Бевосита линк

Nurbekning aytishicha, u bundan 5 yil oldin Andijondagi uyini sotib, 4 farzandi va ayoli uchun Rossiyaning Tver shahrida eski uy o‘rnida tom solgani, azob-uqubatlar bilan o‘ziga va farzandlariga vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma rasmiylashtirgan:

- Men 1987 yildan beri Rossiyaga kelib-ketib ishlardim. Savdogarlik qilardim, uylanganimdan so‘ng – qurilishga kirdim. 2005 yilda Andijonda qo‘zg‘olon bo‘lganda ayolim ikkita farzandim bilan “Meni olib keting”, dedi. Moskvada kvartira ijaraga olib yashadik, bolalarim maktabga bordi. Hamma hujjatlarimiz joyida edi.

Qurbonovlar oilasi Andijonda
Qurbonovlar oilasi Andijonda

2014 yilgacha yana ikkita farzand ko‘rdik. Uy egasi o‘lib qolganida, uning yaqinlari chiqib ketasan, deb yosh bolamiz borligiga qaramasdan gaz-svetlarni o‘chirib ketishdi. Shunda qarz olib, Andijondagi 3 xonali kvartiramni sotib, 40 ming dollarga Tverdan oilam uchun uy sotib oldim. Bolalarimga “Vid na jitelstvo” qilaman deb, UFMS meni shunday qiynadi – umrimning oxirigacha esdan chiqarmayman! Oxiri pulini to‘lab VNJ oldik. Bolalarimni esa, “registratsiyasi tugadi”, deb maktabidan haydavorishdi.

Andijonlik muhojir “Grajdanskoe sodeystvie” inson huquqlari himoyasi tashkiloti va shaxsan Svetlana Gannushkina ko‘magida farzandlarini o‘qishga tiklaganini esladi.

Nurbek Qurbonov 2017 yilda mahalliy millatchilikning yana bir ko‘rinishi qurboni bo‘lganini gapirib berdi:

- Do‘stim bilan armanilar ustaxonasiga bordik. Men soqolda, do‘ppi kiyib yuraman. Ular haqorat qildi. Gap qaytarsam – 4 kishilashib urishdi, mashinamni buklab tashlashdi. Militsiyaga arz qilsam, arizani qabul qilishmadi: Rizvon degan uchastkovoy bilan ustaxonaga jo‘natishdi. Uchastkovoy ularni tanishi ekan – “Erkakchilikda bo‘lib turadi. Mashinangni to‘laydi, arz qilsang seni deport qivoraman!”, deb baqirdi. Xullas, men baribir “Grajdanskoe sodeystvie” ko‘magida ariza tashladim. Uchastkovoyga bergan hamma original ekspertiza hujjatlarini yo‘q qivorgan ekan.

2018 yilda oilam bilan mashinamda Andijonga bordim pasport almashtirgani. 2018 yilning avgustida qaytayotib, chegarachilar meni qo‘ymadi Rossiyaga. Shunda men xotinim va ikkita kichkina bolamni avtobusda jo‘natvordim. O‘zim o‘zbek elchixonasiga bordim, Belorussiyaga kirishga urindim – befoyda. Mashinamni sotib, Turkiyaga keldim. Bu yerda ham ishning tayini yo‘q. O‘z uyimga borolmasam, bolalarimni bag‘rimga bosolmasam... Endi O‘zbekistonga ko‘chib ketamiz degan maqsadim bor. Buning uchun men Rossiyaga kirib, uyimni sotishim kerak, dedi Nurbek Qurbonov.

Nurbek Qurbonovga Rossiya chegarasida berilgan hujjat
Nurbek Qurbonovga Rossiya chegarasida berilgan hujjat

O‘zbekistonlik muhojir Rossiya FSBsi chegarada unga 20 yilga “zapret” qo‘yilgani aks etgan hujjatni Ozodlikka taqdim etdi. U 2018 yilning 22 dekabrida Moskva shahar sudi o‘zining yopiq mahkamasida badarg‘a qilish to‘g‘risida berilgan arizasini qondirmagani va FSB qarorini kuchda qoldirganini ma’lum qildi.

"Nurbek ishi yopiq sudda ko‘rildi!"

Nurbek Qurbonov huquqlarini sudda advokat Daniil Xaymovich himoya qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda u Rossiya hukumati Nurbekni nimada ayblayotganini sir tutayotgani va yangi qonunlarga binoan bu haqda hatto ayblanuvchining o‘ziga ham ma’lumot berilmasligini bildirdi.

- Nurbek nimada aydlanayotgani va uni deportatsiya qilish sabablari davlat siri ekan va sudda uni huquqlarini himoya qilgan odam sifatida mendan sir tutish to‘g‘risida tilxat olingan. FSB bu ishni Moskva shahar sudiga o‘tkazvorib, mahkamani yopib tashladi. Bu davlat sirini men hatto Nurbekning o‘ziga aytishga haqqim yo‘q ekan. Biz sud qarori ustidan Oliy sudga apellyatsiya berdik – mart oylarida javob chiqishi kerak. Afsuski, Nurbek Qurbonovga o‘xshab, deportatsiya qilinganlar juda ko‘p. Yangi qonunlarda odamni shu tariqa tushuntirmasdan badarg‘a qilish hech gap emas! FSB bunday ishlarni yopiq shaklga o‘tkazib, jurnalistlar, huquq himoyachilari va tashkilotlardan yashirishga o‘tmoqda. Istagan odamingizni qamash yoki chiqarib yuborish uchun juda qulay! – dedi himoyachi Daniil Xaymovich.

Advokatning fikricha, odatda Oliy sud ham FSB tarafini olib, shikoyatlarni qondirmasdan keladi. Nurbek Qurbonov ishi Oliy sudda ham o‘zgarishsiz qoldirilsa, Daniil Xaymovich navbatdagi shikoyat Strasburgdagi Inson haqlari sudiga yuborilishini bildirdi.

Kichkina Abubakrning Qorboboga yozgan xati
Kichkina Abubakrning Qorboboga yozgan xati

Ayni paytda, Ozodlik Tverdagi Nurbekning oila a’zolari juda qiyin ahvolda qolganini aniqladi. Nurbekning rafiqasi Nigora Qurbonova hali talaba bo‘lgan katta o‘g‘illari oila boqishga majbur bo‘layotganini aytdi:

- O‘g‘illarim kattasi universitetda, kichigi – kollejda. Kollejdagisini sirtqiga o‘tkizvoldik, chunki eplolmay qoldik. Restoranda ofitsiant bo‘lib ishlaydi. Katta o‘g‘lim ham soat 5 gacha o‘qiydi, keyin kechasi 3 largacha ishlaydi. Bugun ham kechasi keldi... Shanba-yakshanba kuni ham ishlayapti. Tirikchiligimiz shu, - dedi Nigora.

Ozodlik 8 oydan buyon boquvchisiz qolgan Qurbonovlar oilasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018 yilga qadar migratsiya qonunchiligini buzgan deb topilgan 540 ming xorijlik deportatsiya qilingan, yana 2 milliondan ziyod muhojirga Rossiyaga kirish turli muddatlarga taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG