Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:34

Vladivostokda O‘zbekiston konsulligi ochildi


Konsullik ochilish marosimi. Primorsk o‘lkasi ma’muriyati matbuot-xizmati fotosi
Konsullik ochilish marosimi. Primorsk o‘lkasi ma’muriyati matbuot-xizmati fotosi

Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Vladivostok shahrida O‘zbekistonning yana bir bosh konsulligi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekistonning Rossiyada ochilgan beshinchi konsulligidir.

2019 yilning 1 martida Rossiyaning Uzoq Sharqida O‘zbekistonning ilk diplomatik vakolatxonasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Vladivostok shahrining Verxneportovaya ko‘chasi 46 uy manzili bo‘yicha joylashgan bosh konsullik Rustam Ismoilov tomonidan boshqariladigan bo‘ldi.

Mahalliy jurnalistlar savollariga javob bergan O‘zbekiston elchixonasining Rossiyadagi Bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov Primorьe o‘lkasidagi bu muassasa asosiy vazifalarini belgilab berdi:

- Vladivostokdagi bosh konsullik nafaqat grajdanlarimiz huquq va manfaatlari himoyasi, balki davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish bilan ham shug‘ullanadi, dedi Mehriddin Xayriddinov.

Primorsk o‘lkasi ma’muriyati xabariga ko‘ra, konsullik ochilish marosimida Primorsk o‘lkasi vitse-gubernatori vazifasini bajaruvchi Konstantin Bogdanenko, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakili Yevgeniy Volosastov va mahalliy o‘zbek diaspora vakillari ham qatnashdi.

Ochilish marosimidan keyin bo‘lib o‘tgan ikki taraflama uchrashuv davomida Primorye va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikda savdo-sotiqdan tashqari turizm, transport, mehnat migratsiyasi va logistika yo‘nalishlariga katta e’tibor berilishi ta’kidlandi.

Konstantin Bogdanenko bugungi kunda mintaqada o‘zbek investitsiyasi bilan ishlayotgan 8ta korxona mavjudligi va ularning hammasi savdo sohasida faoliyat yuritayotganini bildirdi.

Vitse-gubernator 2018 yil davomida Primorsk o‘lkasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 1,7 million dollarni tashkil etgan, dedi.

- Hamkorlikni kengaytiraverish kerak. Bosh konsullik ochilishi bilan bu ish tizimli asosda olib borilishiga ishonib qolaman, dedi ma’muriyat bosh konsulga qo‘lidan kelgan yordamni ayamasligini bildirgan mintaqaning vaqtinchalik rahbari Konstantin Bogdanenko.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Vladivostokdagi vakolatxona yangi rahbari Rustam Ismoilov O‘zbekistonda ayniqsa meva-sabzavot va ip-gazlama ishlab chiqarish o‘sib borayotgani va o‘zbek tadbirkorlari aynan shu soha mahsulotlarini Vladivostokka yetkazib berishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina Primoryeda 9 mingdan ziyod o‘zbekistonlik muhojir yashab kelmoqda.

Shu tariqa, Vladivostokdagi o‘zbek konsulligi Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugida (Amur viloyati, Yahudiylar muxtor viloyati, Kamchatka o‘lkasi, Magadan viloyati, Primorsk o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin viloyati, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka muxtor okrugi) xizmat ko‘rsatishi aytildi.

Bu kungacha Uzoq Sharq mintaqalaridagi muhojirlar o‘z muammolari bilan Novosibirsk yoki Moskvadagi konsulliklarga murojaat qilib kelgan.

O‘tgan 2018 yilda Moskva va Novosibirskda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bosh konsulliklari qatoriga Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda ochilgan vakolatxonalar qo‘shilgandi.

O‘zbek rasmiylari yaqin orada Tataristonning Qozon shahri va Janubiy federal okrugi markazi Rostov-Don shaharlarida ham shu kabi idoralar ochilishi kutilayotganini xabar berib kelmoqda.

Vladivostok shahrida mehnat qilayotganbir vaqtning o‘zida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Shohida o‘lkada konsullik ochilishini qo‘shqo‘llab quvvatlashini Ozodlikka bildirdi.

- 1 mart kuni ochildi. Ofisimizga ham ko‘pchilik kelib “Qachon ochiladi?”, deb so‘rashdi buni! Chunki dokumentlarini yo‘qotgan, shu yerda farzandli bo‘lgan, yordam so‘rayotgan va o‘zlarini boshqa problemalari bilan odamlar juda ko‘p. Ilgari faqat Moskva yo Novosibirsk orqali hal qilishardi. U yerda navbat qanaqaligini bilasiz, yozilish kerak, priyomlariga tushish qiyin... Juda qulay bo‘ldi endi! Bizga aytishdiki, jihozlar keltirilsa, bu yerda zagranpasport qilish boshlanar ekan, O‘zbekistonga bormasdan shu yerda qilsa bo‘larkan. Lekin, menimcha, konsullik hali ish boshlashgani yo‘q, dedi Shohida.

Rossiyaning qator shaharlarida konsulxona tashkil etilishi to‘g‘risida Tashqi ishlar vazirligi 2017 yilning 24 aprelida ma’lum qilgan edi.

2018 yilning avgustida Yekaterinburg, Qozon, Vladivostok va Rostov Don shaharlarida O‘zbekiston konsulxonalari tashkil etilgani, ammo shu kungacha bino yo‘qligi munosabati bilan ishlamay kelayotgani bildirilgan.

Avgust oyidagi ma’lumotda bugungi kunda faqat 2018 yilning fevralida tashkil etilgan Sankt – Peterburgdagi konsulxona faoliyat ko‘rsatayotgani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG