Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:38

Mirziyoev gapidan keyin yuqori rutbali IIV xodimlari uchastka noziriga aylanmoqda


Militsiya xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib, poraxo‘rlik qilmaslik haqida qasamyod qilmoqda.
Militsiya xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib, poraxo‘rlik qilmaslik haqida qasamyod qilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil 10 yanvar kuni bergan og‘zaki tavsiyasi asosida Ichki ishlar vazirligi xodimlarining 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish ishlari boshlandi.

Ozodlik bilan 6 mart kuni suhbatlashgan va ismi efirda e’lon qilinmasligini so‘ragan IIB polkovnigining aytishicha¸ u hozirda Toshkent tumanlaridan biridagi oddiy inspektor lavozimiga tushirilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ IIB inspektori o‘z asosiy ishi qolib¸ tuman aholisidan jarima undirish¸ aholi sonini ro‘yxatga olish va maxalla oqsoqoli topshirgan jamoat ishlari shug‘ullanmoqda va shu bois inspektorning jinoyatni oldini olish kabi asosiy ishiga vaqt qolmayapti.

Uning yana aytishicha¸ vazirlikdagi oliy yuridik ma’lumotli zobitlarni uchastka noziri qilib qo‘yish tajribasi teskari natija bergan.

Prezident farmoni bor

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimining 6 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ bu ishlar “prezidentining selektordagi topshirig‘iga asosan, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov topshirig‘i asosida amalga oshirilgan.

-Uchastka noziri oliy yuridik ma’lumotli bo‘lishini ta’minlash maqsadida tajribali xodimlar jalb qilindi. Bu PQ–4075-sonli «Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi przeident qaroriga asosan amalga oshirildi¸ dedi o‘zini IIV matbuot xizmati vakili deb tanishtirgan mulozim.

"Akaxoni yo‘qlar pastga quladi"

Ozodlik bilan 6 mart kuni suhbatlashgan va ismi efirda e’lon qilinmasligini so‘ragan militsiya polkovnigining aytishicha¸ PQ–4075-sonli qaror asosida “tepada akaxoni bo‘lmagan zobitlar vazirlikdagi ishidan olinib¸ oddiy uchastka noziri vazifasiga tayinlangani shaxsiy tarkib o‘rtasida salbiy kayfiyat tug‘dirgan:

- Men vazirlik boshqarmasida tergovchi o‘laroq samarali ishlab jinoyat qidiruv ishi bilan band edim. Ortimda hech kimim bo‘lmagani bois aynan meni¸ ya’ni oliy ma’lumotli yurist va ofitserni Toshkentdagi tumanga uchastka noziri qilib yuborishdi. Mayli¸ borib o‘sha tuman kriminal ahvolini o‘zgartiray¸ jinoyatchilikni kamaytiray¸ desam meni o‘z kasbim bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar bilan ko‘mib tashlashdi¸ deydi oddiy uchastka nozir bo‘lib ishlayotgan militsiya polkovnigi.

Suhbatdosh o‘z gapi isboti sifatida 2018 yilning fevral oyi mobaynida profilaktika katta inspektori zimmasiga yuklatilgan “vazifalar ro‘yxatini” ozodlikka taqdim qildi.

Ro‘yxatda bir uchastka noziri fevral oyida jarima undirish yuzasidan 20ta bayonnoma tuzishi va jarimalarni undirib berishi ko‘rsatilgan.

Hujjatga ko‘ra¸ profilaktika inspektorlari qarz undirish bo‘yicha qilgan ishlarini kundalik ish daftariga qayd qilib qo‘yishi kerak.

IIV polkovnigining aytishicha¸ qarz undirish sud ijrochisi yoki MIB (Majburiy ijro byurosi) vazifasiga kiradi:

- Nega boshqa idora qilishi kerak bo‘lgan vazifani uchastka inspektori bajarishi lozim. Bizning vazifamiz qarz undirish emas¸ balki jinoyatchilikka qarshi kurashku¸ deydi suhbatdosh.

Oqsoqolga yugurdak

Uning yana aytishicha¸ uchastka inspektori mahalla oqsoqoli buyrug‘ini bajaradigan xizmatchiga aylangan:

-O‘n sinf savodi bo‘lmagan mahalla oqsoqoliga oliy yuridik ma’lumotga ega profilaktika katta noziri yugurdak qilingan. IIB xodimi mahalla oqsoqoli yetaklab yuradigan kuchukday bo‘lib qolgan. Har kim o‘z ishini qilishi kerak¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdosh shu kunda band bo‘lgan ishlarni sanar ekan¸ bularning birortasi jinoyat qidiruv yoki profilaktika bilan bog‘liq emasligiga e’tibor qaratdi:

- Hozir perepis naselenie (aholini sanash) jarayoni ketayapti. Shunga jalb qilinganmiz. Nizolashgan er -xotin¸ qaynona- kelinni yarashtirish¸ daraxt ekish¸ daraxt oqlash bilan bandmiz. Bundan tashqari¸ “Mahalla” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi majlisiga borib o‘tirib kelamiz¸ deydi polkovnik rutbasidagi IIOFMB HPB TP katta noziri.

Kunu-tun postda turgan militsiya charchadi

Ozodlikka ichki ishlar tizimidagi jarayonlarga oid o‘z xavotirlarini bayon qilgan polkovnikka ko‘ra¸ IIB xodimlari 8 soat o‘rniga 18 soat ishlashga majbur bo‘lmoqda:

- Qonunga ko‘ra¸ O‘zbekistonda ish kuni 8 soat. Shanba-bozor dam olish kerak. Ammo biz kuniga 18 soatdan dam olishsiz ishlayapmiz. Oylik 400 dollarga yetar-yetmas. Tuzukroq turmush uchun oyiga 800 dollar ketadi. Erta-kech ishlab¸ yana 400 dollar qarz bo‘lib qolayapmiz. Yaxshiyam oylikka qarab qolgan kunim yo‘q. Bir-kkita biznes yuritib qo‘yganman¸ tomib turibdi. Agar oylikka qarab qolganimda¸ qozonimda sho‘rva ham qaynamas edi¸ deydi IIV polkovnigi.

Mashina berilmadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishi bayoniga muvofiq, uchastka nozirlariga avtomashina berilishi kerak edi. IIV polkovnigining aytishicha¸ amalda bu avtomashinani bozordan sotib olgan osonroq bo‘lmoqda:

- Hech qanaqa avtomobil berilgani yo‘q. Kreditga olishingiz mumkin deyishdi . Uyam imtiyozli kredit emas. El qatori olinadigan kredit deydi¸ suhbatdosh.

"Lavozim emas¸ vazifa muhim"

Yuqori lavozimdan tushirilib uchatka nozirligiga yuborilgan zobit sanagan muammolarni Ozodlik muxbiri Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimiga gapirib berdi. IIV rasmiysi¸ bu iddaolarda jon borligini tan oldi:

- IIB xodimining o‘z kasbi bilan aloqasi bo‘lmagan jamoat ishlariga ortiqcha jalb qilinmasligi kerakligini o‘zimiz ham uqtirib kelamiz. Ayni paytda¸ oliy ma’lumotli xodim profilaktika inspektori bo‘lib ishlasa¸ nega uyalishi kerak. Biz ofitserlarmiz - vatan buyurgan har bir postda vijdonan ishlashimiz kerak. Vazifaning katta-kichikligi emas¸ muhim ekaniga e’tibor qaratishimiz lozim¸ dedi IIV mulozimi.

Prezident tanqidining doimiy nishoni

Prezident Shavkat Mirziyoev Namangan viloyati faollari bilan yig‘inda IIV vazirligi xodimlarini ortiqcha vazni va samarasiz faoliyati uchun tanqid qilgan edi.

Bundan oldin Shavkat Mirziyoev joriy yil 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limiga borib nozirlarni tanqid ositiga olgan edi. Aynan o‘sha kuni O‘zbekiston prezidenti "ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish bo‘yicha" tavsiya bergan edi.

XS
SM
MD
LG