Andijon viloyati Andijon tumani fermerlari tuman hokimining og‘zaki buyrug‘iga ko‘ra “eksport uchun” 300 ming so‘mdan 150 AQSh dollarigacha pul topshirishga majburlanmoqda.
Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning iddao qilishicha, fermer xo‘jaliklarini birlashtiruvchi massiv rahbarlari yig‘ilgan pulni tuman hokimligiga olib borib topshirmoqda.
Fermerlarga ko‘ra, yig‘ilgan pulga Jasur Saidov ismli xususiy tadbirkor bozordan meva-sabzavot sotib olib eksport qilish va shu yo‘l bilan prezidentning eksport hajmini ko‘paytirish topshirig‘ini bajarilganday qilib ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Andijon viloyatida eksport masalalari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor bu iddaolarni inkor qildi.
Andijon viloyatidagi fermerlardan Ozodlikka kelib tushgan xabarda, fermerlardan eksport hajmini ko‘paytirish maqsadida pul yig‘ilayotgani haqida yozilgan:
“Bugun Andijon viloyatining deyarli barcha tumanlarida yuklatilgan eksportni bajarish uchun noqonuniy pul yig‘ish avj olib ketdi. Tuman hokimlarining og‘zaki buyrug‘i bilan massiv rahbarlari fermerlardan pul yig‘ib olib borib, hokimiyatga topshirmoqda. Andijon tumanida har gektar yer maydoni uchun 300 ming so‘mdan, Asaka tumanida har bir fermer 500 AQSh dollaridan pul berishga majburlanmoqda. Fermerning aybi hokimiyatdan yer olganimi? Bunga chek qo‘yilmasa¸ yana prezidentni aldab sabotaj qilib yurilaveradiku. Qachongacha o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz?”
Andijon tumanidagi O‘zbekiston massivida ishlaydigan, yeri olib qo‘yilishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, massiv rahbari eksport uchun har bir fermerdan 150 AQSh dollaridan yig‘ib olgan:
“Bizning massivda maqbullashtirishdan keyin o‘ntacha fermer qoldik. Hammamiz 150 dollardan qilib, 1500 dollar yig‘ib berdik. “Haqiqat” massivi 2000 dollar yig‘ib berdi. Massiv rahbarining aytishicha, tuman hokimi ularni chaqirib, og‘zaki buyruq beribdi. Bu pulga meva-sabzavot olib, Rossiya, Qirg‘iziston yoki Qozog‘istonga eksport qilishar ekan. Prezidentimizning eksportni ko‘paytiringlar deganiga javob ekan. Aslida fermerlarda ishlab chiqarilgan mahsulot eksport qilinishi kerak, lekin bular bozordan sotib olib eksport qilar ekan. Bu navbatdagi ko‘zbo‘yamachilik, bu prezidentning ko‘ziga cho‘p suqish”.
Fermerning aytishicha, pul olingani haqida hech qanday hujjat berilmagan:
“Massiv rahbari hokimlikdagi qaysidir bir mulozimga olib borib berar ekan, tamom. Bu pullar ortga qaytmasligini biz juda yaxshi bilamiz”.
Andijon tumanidagi Patiddinov massivida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, har bir fermerdan 300 ming so‘mdan pul yig‘ib olingan:
“Eksport uchun deyishayapti. Men ham 300 ming so‘m berdim. Biz yerlari boshqa fermerga qo‘shib berilgan sobiq fermerlarmiz. Massiv rahbari Vosiljon aka yig‘ib oldi. Nega desak, eksportga sizlarning hissangiz ekan, dedi. Jasur degan eksportchi bola hokim bilan juda ham qalin ekan. U bola viloyatda birinchi “Tuz” ekan. Hamma eksport mahsulotlar shuning qo‘lidan o‘tar ekan. O‘sha yig‘ilgan pullarga bozordan mahsulot olib eksport qilar ekan. Bir fermerimiz gaplashganda, “Tuz” menda aka, mening aytganim bo‘ladi, degan ekan. Hozir hamma kartalar o‘sha “Tuz”ga ishlayapti ekan”.
O‘zini Patiddinov massivi rahbari deb tanishtirgan Vosiljon Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning pul yig‘ib olingani haqidagi iddaosini inkor qilmadi, ammo tadbirda ekanligini aytib, aloqani uzdi.
Andijon viloyati bo‘yicha eksport masalalari bilan shug‘ullanuvchi, Ozodlik bilan suhbatda o‘zini asosiy “eskportyor” deb tanishtirgan Jasur Saidov fermerlardan pul yig‘ib olinayotganidan xabari yo‘qligini aytdi:
“Men xususiy tashkilotman, beshta korxonam bor. Asosiysi - “Andijonsabzavot”. Viloyatda meva-sabzavot eksporti bilan asosan men shug‘ullanaman. Bir oylik oborotim 4 million dollar. Fermerlarning puliga qarab qolgan joyim yo‘q. Hokimlarimiz qo‘llab-quvvatlaydi. Hokimlik menga unday qil, bunday qil, deb topshiriq berolmaydi. Prezidentning qarori bor, har bir tumanda eksportni rivojlantirish bo‘yicha. Hokimiyatlarning ham eksport plani bor va ular buni bajarishi kerak. Ular faqat menga iltimos qilishadiki, eksport qilib ber, deb. Men qilib beraman, evaziga menga xolodilnik va boshqa narsalar qurish uchun yer berishadi. Agar, tumanlarda eksport deb pul yig‘ishayotgan bo‘lsa, demak u hokimiyatning shaxsiy manfaati ham bo‘lishi mumkin, meni niqobim ostida. Lekin mening bu narsaga aloqam yo‘q”.
Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning mobil telefoni o‘chirilgani bois, u bilan gaplashish imkoni bo‘lmadi.
Tuman hokimi qabulxonasi telefonlariga kun davomida hech kim javob bermadi.