Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:22

Senzurani qonuniylashtiruvchi loyiha Federatsiya Kengashida ma’qullandi


13 mart kuni Rossiya parlamentining yuqori palatasi Internetda “feyk” xabarlar blokirovkasi¸ shuningdek hukumat, jamiyat va davlat ramzlariga hurmatsizlik bildirganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi.

Bu qonun uni buzganlarga 100 ming rublgacha jarima yoki 15 sutka qamoq jazosi tayinlashni ko‘zda tutadi.

2019 yilning 13 fevral kuni Rossiya Federatsiya Kengashi Duma tomonidan qabul qilingan “feyk” xabarlar¸ hukumat, jamiyat va davlat ramzlariga internetda behurmat bo‘lganlarni jazolash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgan edi.

Bu qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiya prokuraturasi Internetda “asossiz” deb topilgan ma’lumot ustidan Roskomnadzorga arz qilishi mumkin. Bu nazorat organi esa, o‘z o‘rnida, tahririyatdan yoki ma’lumot egasidan uni yo‘q qilishni talab qiladi. Aks holda¸ oddiy grajdanlar 100 ming, mansabdorlar 200 ming, yuridik shaxslar esa¸ 500 ming rublgacha jarimaga tortiladi.

Hukumat vakillari va davlat ramzlarini haqorat qildi¸ deb topilgan shaxslar 100 ming rublgacha jarimaga tortilishi yoki 15 sutkaga qamoqqa tashlanishi mumkin. Qonun loyihasiga ko‘ra, ayni jinoyatni ikkinchi marotaba sodir etganlar jarimasi 200 ming rublgacha oshiriladi.

Oldinroq Rossiya prezidenti huzuridagi Inson haqlari bo‘yicha Kengash parlamentga bu qonun loyihalarini rad etish va qayta ishlashga yuborishni tavsiya qilgan edi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “feyk ma’lumotlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasida hech qanday senzura alomatlarini ko‘rmaganini bildirdi va hujjatni “puxta o‘ylangan” deb baholadi.

Qonun Federatsiya kengashida ovozga qo‘yilishi arafasida Rossiya matbuoti va adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari loyihaga qarshi bayonot imzolab, tarqatdi.

100 ga yaqin shaxs tomonidan imzolangan bu ochiq xatda qonun loyihasining qabul qilinishi “Rossiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri senzura rejimi o‘rnatilishi” sifatida baholandi.

Shoir va tanqidchi Rev Rubinshteyn bu maktubga imzo qo‘ygan shaxslardan biri.

- Shaxsan men senzura sharoitida shakllangan avlod vakiliman. Ammo biz doimo bu senzuraga tupurib kelganmiz. Bu hujjatning Rossiya Konstitutsiyasiga zid ekanini hatto men - yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan odam anglab yetmoqdaman. Bu qonunni ishlab chiqqanlar jinoyat sodir etmoqda. Ular real hayotni¸ biz yashayotgan texnologiya davrini tushunmayotganga o‘xshaydi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Rubinshteyn.

Yozuvchi va jurnalist Alisa G‘anieva bu qonun loyihasining xavfli tomonlari to‘g‘risida fikr yuritdi:

- Biz hozirdan bu qonun ta’sirini o‘zimizda sezmoqdamiz. Mabodo biror dindorni haqorat qilib, ekstremizmga yo‘liqmadikmikin, degan fikr bilan orqa-oldimizga qarab olayapmiz. Chunki tarmoqlardagi istalgan repost shunday “jinoyat” deb topilishi mumkin. Bu qonunlar faol bo‘lgan grajdanlarga – talaba, yoshlar, maktab o‘quvchilariga qarshi qaratilgan. Duma qabul qilgan bu qonunlar to‘plami endi har bir rossiyalikka qarshi qaratilishi mumkin.

Rossiyadagi progressiv jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan bu qonunlar to‘plami Davlat Dumasiga “Yedinaya Rossiya” deputatlari Andrey Klishas, Lyudmila Bokova va Dmitriy Vyatkin tomonidan taqdim etilgan.

XS
SM
MD
LG