Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Yoqutistonda mahalliy ayol zo‘rlanishi ortidan migrantlarga bosim kuchaydi (VIDEO+FOTO)


Jinoyat sodir etilgani gumonlangan avtoustaxona
Jinoyat sodir etilgani gumonlangan avtoustaxona

Yoqutistonda bir guruh qirg‘izistonlik mehnat muhojiri mahalliy ayolni o‘g‘irlash va zo‘rlashda ayblanishi ortidan migrantlarga qarshi ommaviy stixiyali mitinglar ko‘tarildi. Milliy nizo avj olgan Yoqutistonda ishlayotgan o‘zbek muhojirlari o‘z do‘konlarini yopishga majbur bo‘lgani va o‘lkada politsiya kuchaytirilgan nazorat rejimiga o‘tganini xabar qilmoqda.

Kuzatuvchilar ommaviy noroziliklarga mintaqada yig‘ilib qolgan milliy muammolar sabab bo‘lganini gapirmoqda.

17 mart kuni Yoqutiston poytaxti Yakutskda migrantlarga qarshi 200-300 kishilik stixiyali miting bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar migratsiya qonunchiligini kuchaytirish va jinoyatchilarni qattiq jazolashni talab qildi.

Bu norozilik aksiyasi mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda markaziy osiyolik bir guruh shaxsning yoqutistonlik 36 yashar Oksana V.ni o‘g‘irlab ketib, zo‘rlagani to‘g‘risidagi xabarlar ortidan yuzaga keldi.

Yoqutiston Tergov qo‘mitasi boshqarmasi mulozimi Ozodlik so‘roviga javoban bu ayolning o‘g‘irlanishi va zo‘rlanishi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi:

- 2019 yilning 17 mart kuni soat 4-larda Saxa (Yoqutiston) Tergov qo‘mitasi organlariga Yakutsk shahrining Kuzьmin ko‘chasidan noma’lum shaxs bir ayolni mashinasiga majburlab o‘tirg‘izib, g‘oyib bo‘lgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Biroz vaqtdan keyin bu ayol o‘zi Tergov qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qildi. Rosgvardiya va politsiya operativ qidiruv amaliyoti natijasida jinoyatga aloqadorlikda gumonlangan shaxs hibs etildi, - dedi adliya polkovnigi Nadejda Dvoretskaya.

Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, bu shaxs o‘zining “Toyota-Korolla” avtomobilida bu ayolni zo‘rlab, shaharning bir chetida joylashgan avtoustaxonaga olib kelgan. U yerda Oksanani ustaxonada ishlayotgan ikkita boshqa hamyurtiga “o‘lja” sifatida tashlab ketgan.

Qo‘riqchilari uxlab qolganidan foydalangan ayol qochib qutulishga erishadi va politsiyaga murojaat qiladi.

Jabrlanuvchi ayol qo‘lga olingan shaxsni yuzlashtirish paytida tanigani va u o‘z aybiga iqror bo‘lgani ham aytildi.

"Mojaroga milliy tus berilmasligi kerak!"

Yoqutiston Tergov qo‘mitasi mahalliy aholi vakillaridan tergov va sud natijalari asosida xulosa chiqarish va milliy nizolarni keltirib chiqaruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

“Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlik turli millat va elat, din va ijtimoiy maqom vakillari tomonidan sodir etiladi. 2017 yilda Yoqutistonda sodir etilgan 117 ta jinsiy tajovuzdan oltitasi xorijliklar tomonidan sodir etilgan. 2018 yilda bunday jinoyatlar soni 296 tani tashkil etgan bo‘lsa, atigi 4 tasiga xorij grajdanlari aloqasi borligi isbotlangan”, deyiladi mahalliy Tergov qo‘mitasi rasmiy xabarnomasida.

Shunga qaramasdan, politsiya va maxsus organlar nazorati kuchaytirilgan o‘lkada 18 mart kuni ham “Triumf” sport majmuasi yonida miting bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Tarmoqlarda mehnat migrantlarini jismonan yo‘qotishga qaratilgan da’vatlar paydo bo‘la boshladi.

Kuzatuvchilar bu ommaviy chiqishlar respublikada anchadan buyon yig‘ilib kelgan muammolar natijasi ekaniga e’tibor qaratmoqda.

Kuzatuvchilar sodir etilgan jinoyatga milliy tus berilishi jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Taniqli yoqut jurnalisti va blogeri Dmitriy Mixaylov o‘zining Feysbuk sahifasida bu chiqishlarni milliy nizoga aylantirmoqchi bo‘lganlarni tanqid ostiga oldi:

Svodkalarni kuzatib borayotgan odamlar birorta zo‘rlash to‘g‘risida xabarni tinglab “A, mahalliy yoqutlar ekan zo‘rlagan. Qo‘yaver”, desa, “O, mana bunisida qirg‘izlar ekan! Qachongacha! Hammani mitingga chaqir!”, deb jar solyapti. Ichki ishlar ministri muovini Nikolay Mamchur o‘z xodimasini zo‘rlashga uringanida ma’naviyat himoyachilari qaerda edi? Ruhoniy Meletiy bolalarni zo‘rlayotganda kim nima dedi (87 zo‘rlash, atigi 17 yil oldi)? 2018 yil dekabrida bir mehmon uy egasini kaltaklab, 6 yashar qizchasini zo‘rlaganda bu o‘rtoqlar qaerda edi? Gap bu mojarolar “o‘zimizning” millat vakillari tomonidan sodir etilganda xolosmi?”.

Ayni damda, mahalliy qirg‘iz diasporacb rahbarining o‘z yurtdoshlari qilmishlari uchun kechirim so‘ragan videosi tarmoqlarda tarqadi.

Yoqutistonda muhojirlarga qarashli barcha do‘konlar yopilgan
Yoqutistonda muhojirlarga qarashli barcha do‘konlar yopilgan

Ozodlikka Yakutskdan ulangan o‘zbek muhojirlaridan biri vaziyat taranglashib borayotganini tasdiqlar ekan, bu o‘lkada millatchilik ayrimlar uchun qo‘l kelishini so‘zladi. Tushunarli sabablarga ko‘ra ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik suhbatdosh ikki kundan beri muhojirlar ishlab kelgan barcha do‘konu ustaxonalar yopilganini aytib berdi.

- Bu janjal o‘zi kecha kechqurun boshlangan emas. Oldindan pishib kelgan narsa. Bir magazinga tovarini qaytarib berayotsak sotuvchi yoqut “Senlardan foyda yo‘q! Qaerda yurganingni unutgansanlar!”, deb bahona qilyapti. Dokument bo‘yicha Migratsiya bo‘limiga kirsak, faqat “Ket, ket! Nima qilasan bu yerda – ko‘payib ketdilaring”. Bu davlat xodimining gapi! Kecha uchta bola bir ayolni zo‘rlabdi. Kechasi janjal boshlandi. Qirg‘izlarni ketsin deb, taksistlarni ko‘chalarda ushlab, moshinalarni quvyapti – shunaqa ishlar bo‘layapti.

O‘zbek-qirg‘izlar hozir to‘xtagan. Bu ish orqasidan o‘zbek, tojik, hatto chechen va dog‘istonliklarga ta’sir qilayapti. Vaziyat avj oldi, shekilli. Politsiya hammasi mashinalarda ko‘chalarga chiqarilgan. O‘zbeklarni ham do‘konlarini yopishga majburlashidan faqat qirg‘izlarga yomon bo‘lmayapti. Hamma o‘zbeklar meva-sabzavot sotsa, qirg‘izlar avtobus-taksilarda, qurilishlarda ishlab keladi,- dedi o‘zbekistonlik muhojir.

Shu kunda Yoqutistonda Qirg‘izistondan kelgan 7 mingga yaqin mehnat muhojiri ishlab kelayotgani ma’lum.

Poytaxtda bo‘lib o‘tgan miting ortidan shahar meri Sardana Avksentyeva shahardagi barcha transport, savdo va umumiy ovatlanish tizimlariga qarashli korxonalarni migratsiya qonunchiligi talablaridan kelib chiqib tekshirib chiqishni buyurdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG