Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:33

Qarshi tuman hokimi o‘qituvchilarni darsdan qo‘yib, hokimlikda ishlatmoqda


Maktab, sinfxona
Maktab, sinfxona

Qarshi tumanining mahalliy hokim mas’uliyatidagi sektori hududida joylashgan maktablardan har kuni kamida bittadan o‘qituvchi hokimlikka chaqirtirilib, kompyuterda aholi ro‘yxatini tuzishga majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan o‘qituvchilarning aytishicha, ular darslarni tashlab ketishga va kun bo‘yi hokimiyatda qolib ishlashga majbur bo‘lmoqda.

Maktab direktori hokimning buyrug‘i bilan o‘qituvchilarni hokimlikka yuborishga majbur bo‘lganini tan oldi.

Qarshi tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan, ishdan haydalishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, aksariyat maktablarning o‘qituvchilari hokimlik binosida o‘z vazifasidan tashqari ishga majburlanmoqda:

“Maktablar o‘qituvchilari Qarshi tuman hokimligiga kompyuterda aholini ro‘yxatga yozishga olib ketilmoqda. Darslar qolib ketyapti, o‘quvchilar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Prezidentimiz o‘qituvchilarni o‘z vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilishni tanqid qilib turgan, hukumat qarorlari qabul qilinib turgan bir paytda, hali ham hokimlar o‘qituvchilarni tinch qo‘yishmayapti”.

Қарши тумани ҳокимлигида ўқитувчилар аҳолини компьютерда рўйхатга киритмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:05 0:00

​Ismi sir qolishini so‘ragan 38-umumta’lim maktabi o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, o‘qituvchilar o‘z haqlarini talab qilmoqda, lekin direktor baribir urush-janjal qilib hokimlikka yuboryapti:

“O‘qituvchilar darslarini tashlab ketgisi kelmaydi. Lekin direktor hokimning buyrug‘i deb majbur qilyapti. O‘zimiz yonimizdan yo‘lkira qilib borib kelyapmiz. Darslarimiz qolib ketyapti”.

Qarshi tumani hokimligida o‘qituvchi bajarayotgan ish
Qarshi tumani hokimligida o‘qituvchi bajarayotgan ish

Qarshi tumanidagi 38-umumta’lim maktabi direktori Xolyor Shodmonov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarni hokimning buyrug‘i bilan jo‘natishga majbur bo‘layotganini aytdi:

- Hokimning topshirig‘i bilan qilyapman men buni. O‘ntacha maktabga shunday topshiriq berilgan. Sektor rahbarlari navbatma-navbat bittadan o‘qituvchi olgan. Tuman hokimi bizning sektorga rahbar. Men ham har kuni bittadan o‘qituvchi yuboryapman. Marhamat, xalq ta’limi bo‘limi bizga bunday topshiriq bermasin, men ham hech kimni jo‘natmayman. Bugun xalq ta’limi bo‘limi mudiriga ham, tuman hokimligiga ham borib aytaman, bizning o‘qituvchilarga jamoat topshiriqlari bermasin, deb.

Qarshi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Meli Boqiev ishga tayinlanganiga 20 kun bo‘lganini ta’kidlar ekan, bunday holatlar bo‘lgan bo‘lsa, unga barham berishini aytdi:

- Aholini kompyuterda ro‘yxatga olish uchun kompyuterni tushunadigan odamlar kerak bo‘lgan ekan, bu darsga ham xalaqit qilgani yo‘q, hech kim o‘qituvchilarni majburlagani ham yo‘q. To‘g‘ri, endi bu saylovga tayyorgarlik, bu siyosiy jarayon, bunga to‘g‘ri qarash kerak. Men o‘zi kecha prezident akademiyasidan o‘qishdan keldim. Bunaqa holatlar bo‘lgan bo‘lsa, uning oldini olamiz.

Qarshi tuman hokimi G‘ayrat Begaliev qabulxonasining telefoni kun davomida javob bermagani uchun bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston prezidenti va hukumat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida o‘qituvchilar va xalq ta’limi xodimlarini o‘z vazifasidan tashqarida bo‘lgan ishlarga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 2018 yilning 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlangan edi.

"O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasining 12-moddasida "O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi", deb yozilgan.

XS
SM
MD
LG