Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:32

Yaltada hamkasbining tug‘ilgan kunini nishonlagan o‘zbek muhojirlari zaharlandi


Yalta o‘z oromgohlari bilan tanilgan
Yalta o‘z oromgohlari bilan tanilgan

Qrim yarimorolida joylashgan Yalta shahrida tug‘ilgan kunni nishonlash chog‘ida zaharlangan 10 nafar o‘zbekistonlik kasalxonaga yotqizildi. Yalta shahar infeksiya shifoxonasida zaharlangan o‘zbek muhojirlari hayoti xavf ostida emasligini bildirishdi.

23 mart kuni Qrim yarimorolining Yalta shahri hududida joylashgan “Zori Rossii” (oldingi nomi “Zori Ukraini”) sanatoriysidan shahar kasalxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga oziq-ovqatdan zaharlangan 10 nafar mehnat muhojiri olib kelindi.

Yalta meriyasi matbuot xizmati rahbari Oleg Glavatskiy ularning hammasi O‘zbekiston grajdanlari ekanini tasdiqladi.

U oromgoh yaqinidagi ob’ektni qurish bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston fuqarolari tug‘ilgan kunni nishonlash paytida tez ayniydigan mahsulotni iste’mol qilganlarini tasdiqlab, Ozodlikka dedi:

- Avvalida ular soni 10 kishi ekani to‘g‘risida ma’lumot bor edi. Hozir ular infeksiya bo‘limida. Qolaversa, bu mojaroga bizning aloqamiz yo‘q - ular xususiy sanatoriy hududida yashab kelishgan, ular xususiy tashkilot qurilishida ishlashgan. Ular ishchilardan birining tug‘ilgan kunini nishonlayotganida sifatsiz oziq-ovqat mahsulotidan zaharlanishgan.

Bu masalaga mahalliy ommaviy axborot vositalarida Yalta hokimi Aleksey Chelpanov ham izoh berib, zaharlangan ishchilar sanatoriy xodimlari emasligini aytdi:

- Bu tizimli xarakterga ega bo‘lmagan, mutlaqo maishiy hodisadir. “Zori Rossii” sanatoriy harajatlarini qoplash maqsadida qishki mavsumga nomerlarini boshqa qurilish ob’ektlariga jalb qilingan 600 nafar O‘zbekiston grajdanlariga berilgan edi.

Sifatsiz ovqatdan zaharlangan o‘zbekistonliklar Yaltadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani aytildi.

Yalta shahar shifoxonasida Ozodlik so‘roviga “oziq-ovqat intoksikatsiyasi” tashxisi bilan keltirilgan o‘zbek muhojirlari allaqachon chiqarib yuborilganini bildirishdi.

-“Zori Rossii” oromgohidan olib kelingan ishchilarmi? Ular haqiqatan shu yerda edi, ammo hozirda chiqarib yuborildi, hech kim qolmagan. Bu degani hayotiga xavf jiddiy emas. Bizga o‘rtacha og‘irlikda olib kelinganlar soni ham 7-8 kishi edi, - dedi ishchilar oromgohga qaytib ketganini aytgan kasalxona navbatchi vrachi.

Ozodlik hozirda o‘zbek ishchilari zaharlangan sanatoriyda epidemiologik nazorat organlari tekshiruvi olib borilayotganini aniqladi.

Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilib olinganidan keyin 10 gektar maydonda joylashgan “Zori Rossii” oromgohi Rossiya Prezidenti ishlari boshqarmasi balansiga o‘tkazilgan. Yaqin orada Rossiya Bosh prokurori o‘g‘li Igor Chayka oromgohni sotib olishga qiziqish bildirayotgani xabari chiqqandi.

2014 yilda Qrimning Rossiya qo‘shib olinishi ortidan o‘lkada 480 yirik tashkilot va korxona Rossiya davlati hisobiga o‘tkazilgan.

2014 yil 20 fevraldagi Rossiya harakatlarini “anneksiya” deb atayotgan Ukraina bu masalada xalqaro sudlarga arz qilgan va tortib olingan mulklari evaziga tovon talab qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG