Surxondaryo viloyat, Oltinsoy tuman, Mirshodi QFYning “Obod turmush” mahallasida yashaydigan 23 yashar Akmal Esonov 27 fevral kuni uch nafar profilaktika inspektori uni do‘pposlab, burnini sindirganini iddao qilmoqda.
Akmal Esonovning aytishicha, u otasini so‘kkan inspektorlarga norozilik bildirgani uchun do‘pposlangan.
Esonov aytayotgan uch inspektordan biri, profilaktika inspektori Oybek Mamatovning Ozodlikka aytishicha, Akmalning o‘zi burnini ataylab mashina eshigiga urib sindirgan.
Akmal Esonovning Ozodlikka aytishicha, roppa-rosa bir oy muqaddam sodir bo‘lgan janjalning boshlanishi mahallaga o‘rnatilgan transformator ustidan kelib chiqqan:
- 2003 yilda otam o‘z hisobidan suv nasosi uchun transformator qo‘ydirgan edi. Asta-sekin mahalla ham bunga ulanib oldi. Endi otamning boshiga og‘ir savdolar tushib, pulga muhtoj bo‘lib qoldik. Transformatorni sotmoqchi edik, xalq norozi bo‘ldi. Keyin svetni o‘chirib qo‘ydik. Ular prokurorga shikoyat qildi. 27 fevral kuni 2-prokuror sektorida yig‘ilish bo‘ldi. O‘sha yerga otam, akam va men bordik. Otam ichkariga kirib ketdi. Keyin o‘sha yerdagi uch uchastka inspektori otamning orqasidan og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan so‘kdi.
Akmalning aytishicha, u inspektorlarning haqorat qilganiga norozilik bildirgani uchun o‘sha joyning o‘zida kaltaklangan:
- Sen ham shuning bolasimisan, hozir otdelga olib borib, kuningni ko‘rsatamiz deb yoqamdan ushladi. Oybek, Alisher, Ulug‘bek ismli inspektorlar qo‘limni qayirib mashinaga tiqmoqchi bo‘ldi. Men qarshilik ko‘rsatdim. Keyin Alisher bilan Ulug‘bek qo‘limni qayirib ushlab turdida, Oybek meni ura boshladi. Bitta mushti burnimga kelib tegdi va burnim qonab ketdi. Shu payt otam chiqib qoldi va meni ulardan ajratib olmoqchi bo‘ldi. Lekin ular meni, otamni va akamni mashinaga tiqib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketdi. Otam buni duxturga olib borish kerak desa ham ko‘nmadi. Keyin yo‘lda QVP yonidan o‘tayotganda mashina eshigini ochib, o‘zimni tashlayman desam, to‘xtadi va biz do‘xtirga kirdik. Lekin, bizni u yerdan ham haydab chiqarishdi va akamni qo‘lini qayirib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketishdi.
Akmal Esonovning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng u tuman shoshilinch tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan va doktorlar rentgen qilib, uning burni singanligi va burnining o‘ng tomoni yirtilganligi haqida degan xulosa bergan.
Akmal Esonov vrachlar yozib bergan xulosalarni ham Ozodlikka taqdim qildi.
Akmal Esonov tilga olgan IIB xodimlaridan biri, Oltinsoy tumani ichki ishlar bo‘limining profilaktika inspektori Oybek Mamatov Ozodlik bilan suhbatda uning iddaolarini inkor qildi:
- Men profilaktika inspektori bo‘lib ishlaydigan mahallada transformator bor. O‘shaning tepasidagi sim ulanadigan ikkita choynagini bular yechib olib ketgan, uch kun 40 ta xo‘jalik svetsiz qolgan. Akmalning otasi Norboy Husanov bu transformator mening shaxsiy mulkim deb da’vo qiladi. Lekin, uning qo‘lida muhrsiz bir dalolatnomadan boshqa aniq bir hujjat yo‘q. 27 fevral kuni prokuror sektoriga ularni chaqirtirdik. O‘sha yerda Norboy aka bilan mahalliy aholi vakillari og‘zaki janjallashib qoldi. Keyin uni prokuror o‘rinbosari ichkariga olib kirib ketdi. Men baribir ularning daolatnomasi o‘tmaydi dedim. Shunda Akmal Esonov meni senlab, "formangni yechasan, pogoningni yuldiraman", unaqasan, bunaqasan deyapti. Men unga uka, o‘zingni bos, deyapman. U battar avj olyapti. Tomoshabinlar ko‘paya boshladi. Keyin yur, xonaga borib gaplashamiz, deyapman. U battar avj olyapti. Shunda sherigim bilan qo‘lidan ushladik- da, ko‘chaga mashina tomonga olib chiqdik. Matiz mashinasini orqa eshigini ochib, o‘tirg‘izmoqchi bo‘ldik. U bo‘lsa burnini shunday mashina eshigiga uryaptida, mana meni milisalar urdi, burnimni qonatdi, deb odam to‘playapti.
Profilaktika inspektorining aytishicha, shundan so‘ng u mashinada Akmal Esanovni qishloq vrachlik punktiga olib borgan.
- Agar men Akmalni majburlab olib ketganimda otasi, akasi bilan birga mashinaning orqa tomoniga bemalol o‘tirg‘izib olib ketarmidim. Bir o‘zini qo‘liga kishan solib olib ketardik. Do‘xtirxona oldiga olib kelib tushirdimda, qaytib ketdim. Boshqa hech narsa qilganimiz yo‘q,- dedi profilaktika inspektori Oybek Mamatov.
IIB xodimlari burnini sindirganini iddao qilayotgan Akmal Esonov tuman ichki ishlar bo‘limiga va tuman prokuraturasiga 27 fevral kuni uchastka nozirlarining do‘pposlashi oqibatida tan jarohati olganligini yozib, ariza tashlagan:
- Ichki ishlardan naf bo‘lmadi, ular o‘z xodimimizga chora ko‘rmaymiz deyishdi. Prokuratura ham jim. Surxondaryo televideniesidagi ochiq muloqotda men shu haqda savol bersam, prokuror “u bola burnini o‘zi mashina eshigiga urib olgan”, deb mushtumzo‘r uchastka inspektorlarini himoya qildi.
Oltinsoy tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik muxbiri savoliga telefon orqali ma’lumot berilmasligini aytish bilan cheklandi.