Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:26

Koreyada nolegal yurgan migrantga O‘zbekiston Migratsiya agentligi 101 417 250 so‘m jarima soldi


Janubiy Koreyada nolegal ishlab yurgan o‘zbekistonlik 40 yashar mehnat muhojirining Qashqadaryodagi uyiga 3 mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan 101 million 417 ming 250 so‘mlik jarimani to‘lab qo‘yish to‘g‘risida talabnoma keldi.

Agentlikdan 2018 yil 29 mayida chiqqan, lekin adresatga oradan 9 oy o‘tib yetib borgan xatda taqriban 12 ming dollarlik jarima migrant bilan 2006 yilda tuzilgan shartnoma shartlaridan kelib chiqqani bildirilib, uni 7 kun ichida to‘lab qo‘yish talab qilingan.

Jarimani to‘lashdan bosh tortayotgan migrantning Ozodlikka aytishicha, u Agentlik bilan 2006 yilda imzolagan shartnoma majburiyatlari doirasidan o‘z vaqtida chiqib ketgan, binobarin unga jarima noto‘g‘ri solingan.

Shaxsi ochiqlansa jarimaning ustiga qo‘shimcha “bosh og‘riq” oshirib olishidan cho‘chiyotgan qashqadaryolik 40 yashar mehnat muhojirining Ozodlikka aytishicha, u bundan 13 yil muqaddam – 2006 yilning kuzida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan shartnoma imzolab Janubiy Koreyaga ishga ketgan.

100 million so‘mlik jarimani to‘lab qo‘yish to‘g‘risidagi Agentlik talabnomasida qahramonimiz shartnomani 2006 yil 25 sentabrda imzolagani va Koreyaga o‘sha yilning 23 oktabrida jo‘nab ketgani eslatilgan.

Agentlik o‘z talabnomasida migrant Koreyada 1 yil o‘qish va stajirovkada bo‘lishi, 2 yil ishlashi va shartnoma muddati tugashiga 4 kun qolganda mamlakatdan chiqib ketishi shartnomada yozib qo‘yilgani eslatilgan.

Agentlikning yozishicha, qahramonimiz shartnoma talablarini buzib, Koreyada qolib ketgan.

Biroq Ozodlikka shikoyat qilgan migrantning aytishicha, u o‘z vaqtida, ya’ni 2009 yilning oktabrida O‘zbekistonga qaytgan, Agentlikka uchrab, qaytib kelganini bildirgan. Ya’ni shartnoma shartlarini to‘liq bajarib, zimmasidagi majburiyatlarni soqit qilgan.

O‘zbekistonga o‘z vaqtida qaytib kelganiga dalil sifatida migrant shartnoma doirasida ishlab yurgan davrida 1 yil davomida har oy 300 ming vondan (bir yilda 3 mln 600 ming von – taqriban 3200 dollar) Agentlik hisobiga o‘tkazib turganini, qaytgach Agentlik o‘sha pulni “tushmagan”, deb bermaganini iddao qildi.

Janubiy Koreyada nolegal yurgan muhojirga Migratsiya agentligidan yuborilgan talabnoma
Janubiy Koreyada nolegal yurgan muhojirga Migratsiya agentligidan yuborilgan talabnoma

Nolegallik qachon va qanday boshlandi?

Qashqadaryolik mehnat muhojiri hozirda Janubiy Koreyada nolegal yurganini yashirayotgani yo‘q. Faqat, uning iddao qilishicha, bu nolegallikning Agentlik bilan tuzilgan Shartnomaga aloqasi yo‘q.

“Koreyadan 2009 yilning oktabrida qaytib kelganimdan so‘ng meni koreys tilini yaxshi bilganim uchun Koreyada ishlaganim korxona rahbari o‘zi taklif qildi, vizani o‘zi to‘g‘riladi, mustaqil ravishda viza olib, Koreyaga ketdim va 2012 yilgacha korxona bilan tuzilgan kontrakt asosida ishladim. 2012 yili kontraktim muddati tugadi va nolegal bo‘lib qoldim”, - dedi nolegal qashqadaryolik.

101 million 417 ming 250 so‘mlik jarima qanday paydo bo‘ldi?

Agentlikdan migrantning Qashqadaryodagi uyiga kelgan talabnomada mehnat muhojiri Koreyada noqonuniy istiqomat qilgan har bir yili uchun Koreya Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki karrasi miqdorida jarima solinishi belgilab qo‘yilgani eslatilgan.

Talabnomada ko‘rsatilishicha, Koreya Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki karrasi 1 352 230 vondir. Bu 10 141 725 o‘zbek so‘mi bo‘ladi.

Agentlikning hisobicha, qahramonimiz 2018 yilning bahorigacha Koreyada 10 yil nolegal yurgan, binobarin u to‘laydigan jarima 101 million 417 ming 250 so‘mga yetgan.

Agar mehnat muhojiri chindan ham shartnoma doirasidan chiqib ketgan bo‘lsa, Agentlik unga jarima solishga haqlimi?

Bu savolga javob olish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Xalqaro bo‘limi bilan bog‘landik. Bo‘lim mulozimi Xalqaro bo‘limning vazifalarini qisqa tushuntirishu shartnomalar bilan yuridik bo‘lim shug‘ullanishini eslatishdan nariga o‘tmadi.

Agentlikning o‘zining “telefon operatori”, deb tanishtirgan xodimasi yurist majlisga kirib ketganini aytarkan, "ertaga telefon qilib ko‘rishni" maslahat berdi.

Yurist bilan bog‘lanolgan taqdirimizda ham, bu vaziyatda undan bir jo‘yali gap chiqishi qiyin deb o‘yladik. Vaziyatdan chiqishning ikki yo‘li borga o‘xshaydi: Agentlik o‘z arxivlarini ko‘tarib, qahramonimiz chindan ham 2009 yili shartnomadan chiqqaniga iqror bo‘ladi va solgan jarimasini bekor qiladi yoki ish sud orqali hal bo‘lishi mumkin.

Yillardan buyon oilasini ko‘rolmayotgan nolegallar

Jarima bilan bog‘liq tashvishidan shikoyat qilgan qashqadaryolik muhojirning Ozodlikka aytishicha, shu kunda Janubiy Koreyada u bilgan kamida 200 nolegal o‘zbekistonlik bor.

“Kecha, masalan, 11 vatandoshim bilan birga bo‘ldik. Hammasi - nolegal. Ularning ham uylariga jarima xatlari kelibdi. Lekin jarima miqdori nolegal yurgan yillari miqdoriga qarab har-xil”, - dedi migrant yigit.

Har oy uyiga 900-1000 dollarga teng aqcha jo‘natayotgan qashqadaryolik yigitdan suhbat davomida “2009 yildan buyon O‘zbekistonga kelganingiz yo‘qmi?” deb so‘radik xayron bo‘lib.

“Ha, borganim yo‘q, aka, bu yerda 20 yildan beri borolmay yurganlar boru!”- dedi mehnat muhojiri.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG