Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:24

"Chimkent-Toshkent" velopoygasida qatnashgan o‘zbekistonliklar velosipedi chegaradan o‘tkazilmadi


Chimkent-Toshkent velopoygasining ellikdan ziyod ishtirokchisi velosipedlari ortilgan fura  “G‘ishtko‘prik” bojxona postida to‘xtatib qolinishi sabab poygada to‘liq qatnasha olmadi.
Chimkent-Toshkent velopoygasining ellikdan ziyod ishtirokchisi velosipedlari ortilgan fura  “G‘ishtko‘prik” bojxona postida to‘xtatib qolinishi sabab poygada to‘liq qatnasha olmadi.

Chimkent-Toshkent velopoygasining ellikdan ziyod ishtirokchisi velosipedlari ortilgan yuk mashinasi “G‘ishtko‘prik” bojxona postida to‘xtatib qolinishi sabab poygada to‘liq qatnasha olmadi.

30 mart kungi birinchi xalqaro velopoyga Qozog‘istonning Chimkent shahri markazidan to Toshkentdagi Qozog‘iston elchixonasi oldidagi finish chizig‘igacha bo‘lgan 130 kilometrli masofada tashkil qilindi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik velosipedchilar Chimkentdan "G‘ishtko‘prik" chegara postigacha avtobusda olib kelingan va poyganing Qozog‘iston elchixonasigacha bo‘lgan qolgan 22 kilometrlik qisminigina velosipedda bosib o‘tgan.

Poyga qatnashchilaridan biri, toshkentlik velosportchi Yuriy Xramovning Facebook sahifasida yozishicha, sportchilarga o‘zbek-qozoq chegarasida “Yashil koridor” va’da qilinganiga qaramay, velosipedlar to‘xtatib qolingan.

"50 ishtirokchi 30 mart ertalab 5.00da velosipedlarimizni furaga ortdik, o‘zimiz avtobusga o‘tirib, bizga “Yashil koridor” va’da qilingan Chernyaevka (hozirgi “G‘ishtko‘prik”) chegara posti tomon yo‘l oldik. Lekin va’da qilingan koridor bo‘lmadi. Chegaradagi tush-chiqlar bilan vaqt yo‘qotib¸ Chimkentdagi start chizig‘iga yetib keldik. Lekin, bizga velosipedlar ortilgan fura yetib kelmaganini aytishdi. Poygaga start berildi, bizni esa avtobusda chegara postiga olib kelishdi".

Velosipedlari chegarada ushlab qolingan o‘zbekistonlik sportchilar bojxona postida sakkiz soat turganlaridan so‘ng ularga velosipedlari berilgan.

"Avtobusdan tushib, chegaraning O‘zbekiston tomoniga o‘tdik, velosipedlarimizni kutayapmiz. Soat 14.00da Chimkentdan velosipedda yo‘lga chiqqan poygachilar chegara postida yig‘ila boshladi. Biz ulardan velosipedlarimiz kelishini kutib turishni so‘radik. Shu payt fura yetib keldi, velosipedlarimizni tushirdik va boshqa poygachilarga qo‘shilib, finish chizig‘i tomon yo‘l oldik"¸ deb yozdi Yuriy Xramov.

Chimkent-Toshkent velopoygasiga tashkilotchilik qilgan Qozog‘iston Velosipedchilar uyushmasi rahbari Saulet Baykenov Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek sportchilarining velosipedlari chegara postida ushlab qolinganini tasdiqladi.

- Shunday muammo bo‘ldi. Endi bojxonachilar o‘z vazifalarini bajarishayapti. Biz bojxonadagi rasmiyatchiliklar vaqt olishini ham hisobga olmabmiz. Lekin, chegarada tiqilib qolgan boshqa furalar qolib, poyga qatnashchilarinikini tez-tez hal qilishga harakat qilishdi. Lekin baribir kechikish bo‘ldi. Shuning uchun ayrim sportchilar poygaga chegara postida qo‘shilishga majbur bo‘ldi, - dedi Baykenov.

Ozodlik o‘zbekistonlik poygachilarning velosipedlari chegarada to‘xtatib qolinishi yuzasidan izoh olish uchun Qozog‘istonning "Jipek-jo‘li" bojxona postiga bog‘landi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan qozoq bojxonachisi poygachilarning furasi yuk xati bo‘lmagani uchun to‘xtatib qolinganini aytdi.

- Obichniy protsedura, furani ichida yuk bo‘lsa, hujjati ham bo‘lishi kerak, lekin yuk hujjati yo‘q edi, - deb javob qildi qozoq bojxonachisi.

O‘zbekiston Velosport federatsiyasining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi esa tashkiliy jarayondagi bu muammoni ma’muriy tushunmovchilik bilan izohladi:

- Sportchilarning velosipedi bo‘lsa, qanaqa yuk hujjati bo‘lishi kerak! Biz bu haqda tamojniyga Vazirlar Mahkamasini "Yashil koridor" so‘ralgan xatini jo‘natganmiz. Meni o‘zim ham borib kuzatdim, "Yashil koridor" qilishdi. Lekin, velosipedlar ortilgan fura tamojnyani furalar o‘tadigan tomonidan o‘tishi kerak ekan-da. Ularga xat kelmagan ekan, hujjat yo‘q, deb neytral hududga olib qo‘yishgan velosipedlarni. Lekin, federatsiyaning biron xatosi yo‘q bu yerda. Yanagi safar mana shu holatlarni e’tiborga olamiz, - dedi O‘zbekiston Velosport federatsiyasi rasmiysi.

Chegaradagi ma’muriy protseduralar bois Chimkent-Toshkent velopoygasining ellikdan ziyod o‘zbekistonlik qatnashchisi poyganing Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi 108 kilometrini avtobusda, O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi qolgan 22 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tdi.

O‘zbekistonlik sportchilar marra chizig‘iga yetib kelishganida arkani chetlab o‘tishgan.

"Bu bizning boykotimiz edi. Kimlarningdir xatosi tufayli marafonda to‘liq qatnasha olmaganimizdan keyin marra arkasi ichiga kirishga¸ to‘g‘risi¸ uyaldik"¸deb yozdi Yuriy Xramov.

O‘zbek sportchilari marra arkasini chetlab o‘tishgan.
O‘zbek sportchilari marra arkasini chetlab o‘tishgan.

O‘zbek matbuoti Chimkent-Toshkent velopoygasi a’lo darajada tashkil qilingani, bojxona va chegara bo‘yicha muammo bo‘lmagani haqida yozdi.

Yuriy Xramov esa o‘zbekistonlik velosportchilar duch kelgan muammo haqida Toshkent hokimiyati¸ qolaversa¸ mahalliy jurnalistlarga ham ma’lumot berganini aytadi.

"Toshkent hokimligi rasmiylariga chegaradagi muammolarni aytdik. Mahalliy gazeta va telekanallarga ham poyganing 110 kilometrini avtobusda bosib o‘tib, chegarada poygachilarga qo‘shilganimizni aytdik. Lekin, matbuot hammasi a’lo o‘tdi, o‘zbekistonlik yuz sportchi poygada qatnashdi, deyish bilan cheklandi"¸ deb yozdi Yuriy Xramov.

Bellashuvda qozog‘istonlik Aleksey Sedorenko marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Ikkinchi o‘rin angliyalik Metyu Raytga nasib etdi.

Uchinchi bo‘lib esa marraga o‘zbekistonlik Shohruh Yunusov yetib keldi.

Yunusov poygani to‘liq bosib o‘tganmi yoki u ham velosipedlari chegarada to‘xtatib qolinganlar orasida bo‘lganmi, ma’lum emas.

O‘zbekiston Velosport federatsiyasi rasmiylari, kamida yetti o‘zbekistonlik sportchi poygani to‘liq bosib o‘tganini ma’lum qildi.

"Ular Chimkentga bir kun oldin velosipedlari bilan yetib borishgandi. Lekin, bu marafon jahon miqyosidagi musobaqa emas, ikki davlat do‘stligining ifodasi sifatida o‘tkazilgan ramziy musobaqa edi", dedi O‘zbekiston Velosport federatsiyasining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Ayni paytda Qozog‘iston Velosipedchilar uyushmasi ham¸ O‘zbekiston Velosport federatsiyasi rasmiylari ham bu oxirgi poyga emasligi, Chimkent va Toshkent orasida bunaqa poygalarni har yili o‘tkazishga kelishib olganliklarini aytishdi.

XS
SM
MD
LG