Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:33

Chirigan kartoshka uchun 685 million to‘lagan fermerlar “O‘zbekoziqovqatzaxira”dan puli qaytarilishini so‘rayapti


Chirigan urug‘lik kartoshka.
Chirigan urug‘lik kartoshka.

Andijon viloyatidagi 31 nafar fermer o‘tgan yili urug‘lik kartoshka olish uchun “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tizimidagi “Gold Atlas Global” MChJga o‘tkazgan jami 685 million so‘m pulini qaytarib ololmayapti.

2018 yilning iyul oyida “Gold Atlas Global” MChJ Andijon viloyatiga yetkazib bergan urug‘lik kartoshka chirib ketgani uchun fermerlar uni olishdan bosh tortgan va bu haqda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi vakillari ishtirokida dalolatnoma tuzilgan.

Bu voqeadan qariyb bir yil o‘tishiga qaramay¸ kredit hisobidan qilingan to‘lov fermerlarga qaytarib berilmadi.

Andijon viloyati hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlikka 2018 yilda viloyat bo‘yicha urug‘lik kartoshka olish uchun 16,5 milliard so‘m “Gold Atlas Global” MChJ hisobiga o‘tkazilganini bildirdi.

“Shu pulning 10,5 milliard so‘mi kredit mablag‘lari hisobidan “Agrobank”dan chiqarildi. Bu ishni qilishdan maqsad, O‘zbekistonda 2018 yilning boshida keskin ko‘tarilib ketgan kartoshka narxini barqaror qilib ushlab turish edi. Shuning oldini olish maqsadida 21 fevralda prezident qarori ham chiqqan edi. “Gold Atlas Global” MChJ Rossiya va Qozog‘istondan urug‘lik olib kelgan. Lekin urug‘lik yo‘lda ko‘p turib qolganmi yoki xolodilnik yaxshi ishlamaganmi, xullas vagondan tushirib tumanlarga olib borganda, uning aksar qismi chirib, ekishga yaroqsiz bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ldi. Fermerlar bu urug‘likni olishdan bosh tortdi”.

Chirigan urug‘lik kartoshka
Chirigan urug‘lik kartoshka

​Mulozimning aytishicha, tuman bo‘yicha 31 fermer xo‘jaligining har biri hisobidan urug‘lik kartoshkaga deb 16,5 million so‘mdan pul olib qolingan.

“Bunga qo‘shimcha ravishda fermerlardan sug‘urta uchun 500 ming so‘mdan ham olib qolingan. Lekin, sug‘urta sistemasi bizda ishlamasligi uchun bu puldan ular allaqachon voz kechib yuborishgan”

Buloqboshi tumanidagi “Foziljon Abdullaev” fermer xo‘jaligi vakili Moidjon Abdullaevning aytishicha, bu xo‘jalik urug‘lik kartoshkaning na sog‘ini¸ na chirigini ko‘rgan.

- Agrobankdan” 17 million so‘m pulni o‘tgan yilning yozida o‘tkazganmiz. Har bir fermer 3 tonnaga, kilosi 5,5 ming so‘m turadigan urug‘lik kartoshkaga pul bergan. Lekin bir kilo ham kartoshka kelmadi. Ayrim fermerlarning olgan urug‘ligi tamoman sasib, chirib ketgan ekan. Qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan vakil bo‘lgan Sardor degan yigit, Toshkentga ham borib keldi. Lekin, na pul bor, na kartoshka”.

Buloqboshi tuman Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi Sardor Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan yili o‘zining kartoshka urug‘ligi tarqatishga mas’ul qilib qo‘yilganini tasdiqlar ekan, fermerlar o‘tkazgan pulni ortga qaytarishga harakat qilganini aytadi:

- Bizning tumanda 40 fermer xo‘jaligi sug‘urtasi bilan 17 million so‘mdan pul o‘tkazib bergan. Avvaliga yaxshi kartoshka keldi, oxirida yetti fermerga vagonda keldi. Yetib kelguncha u kartoshka chirib oqib ketgan. O‘sha kartoshkani fermerlar olishdan bosh tortganidan keyin, men boshqa kartoshkani qabul qilmadim. Dalolatnoma tuzilgan. Keyin besh fermerga kartoshka olmadik, lekin puli o‘sha “Gold Atlas Global”da qolib ketdi, jami 12 nafar. Shu yil mart oyida Toshkentga borib, “Gold Atlas Global” rahbari Po‘lat Boboyorov bilan uchrashib, fermerlar pulini qaytarishini talab qildim. U esa, sizlarning muammolaringizni viloyat agrofirma rahbari Xushnud hal qiladi, siz bilan gaplashmayman, dedi”.

Chirigan kartoshka uchun tuzilgan dalolatnoma
Chirigan kartoshka uchun tuzilgan dalolatnoma

​“Andijon meva-uzumlari” viloyat agrofirmalar uyushmasi raisi Xushnudbek Shahobiddinov Ozodlik savolini eshitar-eshitmas aloqani uzib qo‘ydi.

“Gold Atlas Global” MChJ bosh direktori Po‘lat Boboyorovniki deb berilgan mobil telefonlari o‘chirilgani uchun Ozodlik bu mutasaddidan vaziyatga oid munosabat ola olmadi.

“Gold Atlas Global” “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiruvchi MChJ bo‘lgani aniqlangach¸ Ozodlik mazkur uyushma raisi Zafar Fayziev bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Uyushmaning o‘zini tanishtirmagan mulozimi muammo mazmunini batafsil yozib olgach, bu haqdagi ma’lumotni raisga yetkazishi va o‘zlari Ozodlik bilan bog‘lanishini bildirdi.

5 aprel kuni “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi rahbariyatidan Ozodlikka andijonlik fermerlar bilan borayotgan mojaro yuzasidan biror javob kelmadi.

XS
SM
MD
LG