Ozodlikning O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasidagi manbalariga ko‘ra, 5 aprel kuni Toshkent shahar, Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining barcha 133 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Bu ma’lumotni Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasining ismi sir qolishini istagan xodimi Ozodlikka tasdiqladi.
- Maxsus otryad keldi. Hammaga "o‘z ixtiyorim bilan ishdan bo‘shayman" deb ariza yozdirishdi. Prezident Mirziyoevning buyrug‘i ekan. 133 odam hammasi bir kunda bo‘shatildi, - dedi Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mitaga ko‘ra, faqatgina Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etilgan.
Boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida hech qanday buyruq qabul qilinmagan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yilning 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi davomida Toshkent shahridagi qator tumanlar davlat soliq inspeksiyalari shaxsiy tarkibini yangilash haqida topshiriq bergan.
"O‘z navbatida Davlat soliq qo‘mitasida videoselektorda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilib, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari inspeksiyalari boshliqlarining o‘z lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i e’lon qilindi.
Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahri davlat soliq xizmati organlarining shaxsiy tarkibi faoliyatini zudlik bilan ko‘rib chiqish, ularning lavozimga layoqatliligini baholash bo‘yicha maxsus ishchi komissiyasi tuzildi. Shuningdek, maxsus ishchi komissiya zimmasiga zamonaviy dunyoqarashga ega, o‘z ishiga mas’uliyatli yosh mutaxassislarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda maxsus ishchi komissiya Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining lavozimga layoqatliligini o‘rganmoqda", deyiladi qo‘mita matbuot xizmati bildiruvida.
Hukumat matbuotida ham hozircha bu haqda xabar berilmadi. Ishdan haydalgan soliq xodimlari o‘rni qanday to‘ldirilishi haqida ma’lumot yo‘q.
- Hozir hammasi alg‘ov-dalg‘ov, hech kim hech narsa bilmaydi, - dedi Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasining ismi sir qolishini istagan xodimi.
Tuman soliqchilarining ishdan haydalishi yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosiga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan hukumat selektor majlisidan so‘ng ro‘y bermoqda.
Aynan shu majlisda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat xazinasiga tushumlar keskin kamayib ketganini keskin tanqid qilgan.
Yig‘ilishda soliq idoralari ayrim xodimlarining malakasi, kasb mas’uliyati talab darajasida emasligi, oqibatda jiddiy kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.