Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:28

OzodTa’sir: Chirigan kartoshka uchun olingan pullar fermerlarga qaytarildi


Chirigan urug‘lik kartoshka
Chirigan urug‘lik kartoshka

Andijon viloyatidagi 31 nafar fermer o‘tgan yili urug‘lik kartoshka olish uchun “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibidagi “Gold Atlas Global” MChJga o‘tkazgan jami 685 million so‘m pulini qaytarib ololmayotgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng, bir hafta ichida fermerlar hisob raqamiga pul o‘tkazib berildi.

Bu haqda Ozodlikka fermerlar ma’lum qildi.

“Andijon meva uzumlari” viloyat agrofirmalar uyushmasi raisi Xushnudbek Shahobiddinov Ozodlikka “Gold Atlas Global” MChJ barcha qarz pullarini o‘tkazganini tasdiqladi:

“Ayni paytda fermerlarning 300 million so‘m puli o‘tkazildi, muammo hal bo‘ldi. Ertaga yana Asaka tumanidan bo‘lgan ikki fermerning puli o‘tadi. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayzievni haqiqatda insofli odam deb bilardim. U kishi “Gold Atlas Global” direktori Po‘lat Boboyorovga topshiriq berganmi, anig‘ini bilmaymanu, lekin maqola chiqqanidan so‘ng reaksiya kuchli bo‘ldi, 3-4 kun ichida darhol pullar o‘tkazildi. Qolgan o‘n nafar fermerdan 5tasi sudda yutqazib qo‘yishgan ekan. Bular Baliqchi tumani fermerlari. Ular sudga apellyatsiya kiritishibdi. Ularning muammosini ham hal qilishga harakat qilinyapti”

(Maqola nashr qilingan 5 aprel kuni Ozodlik Xushnudbek Shahobiddinov bilan bog‘langanda, u aloqani uzib qo‘ygan edi)

2018 yilning iyul oyida “Gold Atlas Global” MChJ Andijon viloyatiga yetkazib bergan urug‘lik kartoshka chirib ketgani uchun fermerlar uni olishdan bosh tortgan va bu haqda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi vakillari ishtirokida dalolatnoma tuzilgan edi.

Bu voqeadan qariyb bir yil o‘tishiga qaramay¸ kredit hisobidan qilingan to‘lov fermerlarga qaytarib berilmagandi.

Andijon viloyati hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlikka 2018 yilda viloyat bo‘yicha urug‘lik kartoshka olish uchun 16,5 milliard so‘m “Gold Atlas Global” MChJ hisobiga o‘tkazilganini bildirgan edi.

“Shu pulning 10,5 milliard so‘mi kredit mablag‘lari hisobidan “Agrobank”dan chiqarildi. Bu ishni qilishdan maqsad, O‘zbekistonda 2018 yilning boshida keskin ko‘tarilib ketgan kartoshka narxini barqaror qilib ushlab turish edi. Shuning oldini olish maqsadida 21 fevralda prezident qarori ham chiqqan edi. “Gold Atlas Global” MChJ Rossiya va Qozog‘istondan urug‘lik olib kelgan. Lekin urug‘lik yo‘lda ko‘p turib qolganmi yoki xolodilnik yaxshi ishlamaganmi, xullas vagondan tushirib tumanlarga olib borganda, uning aksar qismi chirib, ekishga yaroqsiz bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ldi. Fermerlar bu urug‘likni olishdan bosh tortdi”.

“Gold Atlas Global” “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiruvchi MChJ bo‘lgani aniqlangach¸ Ozodlik 5 aprel kuni mazkur uyushma raisi Zafar Fayziev yordamchisi bilan bog‘lanib, muammoni tushuntirgan, yordamchi bu masalani uyushma raisiga yetkazishini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG