Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:21

Marg‘ilon kasalxonasida kislorod ta’minoti ham og‘ir xastalarning o‘ziga yuklatildi


Kasalxona mulozimi esa Ozodlikka bu iddaolarni rad etib, bemorlarga kislorod "og‘ir qiyinchiliklar bilan bo‘lsa ham" yetkazib berilayotganini aytdi.
Kasalxona mulozimi esa Ozodlikka bu iddaolarni rad etib, bemorlarga kislorod "og‘ir qiyinchiliklar bilan bo‘lsa ham" yetkazib berilayotganini aytdi.

Farg‘ona viloyatidagi Marg‘ilon shahar kasalxonasida sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan og‘ir bemorlar, ular qarindoshlarining iddaosicha, kislorod tanqisligi tufayli azob chekishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bemorlarning yaqinlari kasalxonada sun’iy nafas beruvchi apparatlarni to‘ldirish uchun kislorod yo‘qligi sabab gaz payvand ishlarida ishlatiladigan kislorodni sotib olib berishayotganini aytishdi.

Kasalxona mulozimi esa Ozodlikka bu iddaolarni rad etib, bemorlarga kislorod "og‘ir qiyinchiliklar bilan bo‘lsa ham" yetkazib berilayotganini aytdi.

Kasalxona reanimatsiya bo‘limida o‘pka-yurak yetishmovchiligi bilan ikki haftadan buyon og‘ir yotgan 42 yoshli bemorning qarindoshi 17 aprel kuni Ozodlikka kislorod tanqisligi bois o‘lim xavfi ostida qolayotgani haqida shikoyat qildi.

- Reanimatsiya bo‘limida bemorlar uchun kislorod berilmayapti. Kislorod yo‘q, sababini hech kim bilmaydi. Hozir o‘zimiz svarshiklardan cho‘ntagimizdan pul to‘lab, sotib olib beryapmiz. Davlat byudjetidan kasalxonaga kislorod uchun pul beriladiku. Katta shahar bolnitsasida kislorod yo‘q, qanday kunlarga qoldik, - deydi bemorning ismi sir qolishini istagan qarindoshi.

Marg‘ilon kasalxonasida yotgan yana bir bemor shifoxonada kislorod tanqisligi surunkali muammo ekanini aytadi.

- Doim shunaqa. Kislorod u yoqda tursin, kasalxonada dori hatto kapelnitsa va shprits ham yo‘q. Bemorlarning o‘zlari olib keladi, - deydi bemor.

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahar kasalxonasi rahbarlaridan biri kislorod yetishmovchiligi haqidagi iddaolarni rad etdi, bemorlarga kislorod og‘ir qiyinchiliklar bilan bo‘lsa ham yetkazib berilayotganini aytdi.

- Uchta og‘ir bemorimiz bor, har biriga kuniga to‘rtta ballondan kislorod ishlatayapmiz. Juda qiyinchilik bilan bo‘lsa ham kislorodni olib kelib beryapmiz,- dedi shifoxonaning rahbar xodimlaridan biri.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi ham kasalxonalarda kislorod yetishmovchiligi yo‘qligini aytdi, lekin logistika muammosi sabab kislorod ta’minotida uzilish bo‘lishini istisno qilmadi.

- Kasalxonalarni zapravka qiladigan firmalar bilan shartnomalari bor. Kerakli ehtiyojga yarasha ballonlar to‘ldiriladi. Faqat uni tashib olib kelish qiyin, kislorod ballonlari og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun texnika ta’minotida ba’zi holatlarda uzilish bo‘lishi mumkin, lekin har bir kasalxonada to‘qqizta, o‘ntadan ballonlar bor, zahirasi tugamasdan o‘rni to‘ldirib turiladi, - dedi Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi.

Toshkentlik shifokor Rustam Hakimov aksar og‘ir kasallar uchun kislorod ballonlarining hayot-mamot masalasi ekanini aytadi.

- Asosan o‘sal yotgan yoki koma xolatida bo‘lgan bemorlarga kislorod sun’iy nafas oldirish uskunasi yordamida beriladi. Jarrohlik amaliyotlari payti ham shu uskuna orqali bemorga kislorod beriladi. Bundan tashqari nuqsonli tug‘ilgan chaqaloqlar uchun ham kislorod muhim. Agar kislorod yo‘q bo‘lsa, bemor o‘ladi.

O‘zbekistonning ayrim shifoxonalarida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolib, bemorlarga qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, kislorod berishga majbur bo‘lgani haqida Ozodlik ilgari xabar bergan.

2017 yilning noyabr oyida esa qoraqalpog‘istonlik 59 yashar o‘qituvchi elektri har kuni uzilib turgan To‘rtko‘l tumani kasalxonasida 14 kun komada yotib vafot etgandi.

XS
SM
MD
LG