Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:34

Sheremetyevoda $3600 topib olgan o‘zbek muhojiri o‘g‘irlikda ayblanmoqda (VIDEO)


Moskvaning “Sheremetyevo” aeroportida 3,6 ming dollar topib olgan o‘zbekistonlik farrosh yigit javobgarlikka tortildi. Transport politsiyasi uni bu pullarni o‘zlashtirib, O‘zbekistonga qochib ketayotganida ushlaganini iddao qilmoqda.

Ismi va shaxsiga oid boshqa ma’lumotlar oshkor qilinmayotgan farrosh yigit Rossiya poytaxtining “Sheremetyevo” xalqaro aeroportida nazorat lentasi tagini tozalayotib, ichi to‘la dollar bo‘lgan konvert topib oladi.

Bu hodisa haqda pulini yo‘qotgan yo‘lovchi ayolning politsiyaga murojaatidan keyin ma’lum bo‘ldi.

Aeroport politsiyasiga ko‘ra, kuzatuv kameralarini ko‘zdan kechirib, pullarni O‘zbekistondan ekani aytilayotgan farrosh yigit olib ketgani aniqlangan.

Rossiya politsiyasining Transportdagi boshqarmasi mulozimining Ozodlik so‘roviga javoban aytishicha, pul solingan konvert nazorat lentasidan tushib qolgan:

- Murojaat qilgan erkak kishi “Seul - Moskva - Sankt-Peterburg” tranzit reysi bilan uchib ketayotganida uning qizi “D” terminalidagi nazorat lentasida 3600 dollar miqdorida konvertga solingan mablag‘ni tushirib qo‘ygan ekan, dedi transport politsiyasi navbatchisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda operativ xodimlar tarqatgan videoda lenta tagini supurayotgan o‘zbek muhojiri konvertni topib olib, uni kurakchaga solib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Buncha pulni topgan muhojir yigit darhol ishdan bo‘shab, “Vnukovo” aeroporti orqali O‘zbekistonga uchib ketayotganida hibsga olingani aytildi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘qolgan pullarning bir qismi ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlikdan, qolgani uning qarindoshi yashayotgan kvartiradan topilib, musodara qilingan.

Transport politsiyasi O‘zbekiston vatandoshiga nisbatan “Katta miqdorda zarar keltirish yo‘li bilan sodir etilgan o‘g‘irlik” moddasi (RF JK 158- moddasi, 2 qismi) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Bu ayblov asosida o‘zbekistonlik farrosh 200 ming rublgacha jarimaga tortilishi yoki 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG