Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:21

Samarqandda uch farzandning otasini gey bo‘lgani uchun vahshiylarcha kaltaklashdi


O‘zbekistonliklar gey ekani ishonilgan yigitni butilkaga o‘tirishga majbur qilgani aks etgan video 2013 yilda ham ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
O‘zbekistonliklar gey ekani ishonilgan yigitni butilkaga o‘tirishga majbur qilgani aks etgan video 2013 yilda ham ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Samarqand viloyat, Samarqand tumanida yashovchi uch farzandning otasi, 32 yoshli yigit gey bo‘lgani uchun noma’lum shaxslar uni 14 aprelda vahshiylarcha kaltaklagani, yechintirib videoga olgani va o‘ldirish bilan tahdid qilgani haqda Ozodlikka aytdi.

Gomofoblar tajovuziga uchragan yigit ayni paytda geylar huquqlari ta’minlangan biror davlatga bosh olib ketish haqida o‘ylayotganini bildirdi.​

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet o‘lkalar orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.​

Jinsiy ozchiliklarga toqatsizligi kuchliligicha qolayotgan jamoatchilik nafratidan qo‘rqqani bois ismi ochiqlanmasligini istagan (tahr. uning shaxsini Ozodlik tasdiqladi) yigitning iqroriga ko‘ra, u ikki oy muqaddam o‘zini gey deb tanishtirgan odam bilan Internetda tanishgan va u 14 aprel kechasi uchrashuvga taklif qilgan.

Bu uchrashuvni bir guruh gomofoblar ataylab uyushtirganini yigit keyin bilganini aytarkan, bunday dedi:

“Ikki oydan beri “Odnoklasniki”da gaplashardik u bilan. Meni yaxshi ko‘rishini, qizlarga o‘xshashimni aytardi. Yakshanba kuni kechga yaqin uchrashaylik, ichamiz, mazza qilamiz dedi. Men ishondim. Qizlar kiyimini so‘radi, olib kel, dedi, menga ham kiydirasan, qiziqaman, dedi. Men ishonibman-da”.

Belgilangan joyga borganida uni to‘rt yigit mashinaga bosib, Samarqand tumanidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanali bo‘yiga olib borishadi va o‘ldirish bilan tahdid qilishadi.

“Meni yechintirib, videoga olishdi. Keyin rosa urishdi, tepkilashdi. Moyagimga tepishdi. Qornimga pichoq tirashdi. Oyoq-qo‘limni bog‘lamoqchi bo‘lishdi, shu paytda o‘zimni pastga - jarlikka otdim, to‘g‘ri Darg‘om kanaliga tushdim. Bir soatlar suv ichida o‘tirdim. Keyin qaytib haligi joyga borsam faqat kiyimlarim qolgan ekan. Sumkamni olib ketishibdi. Ichida telefonim, pasportim, 170 dollar va 520 ming so‘m pulim bor edi”, - deb hikoya qildi ko‘rgiliklarini gey yigit.

Ertasi kuni u Samarqand tuman Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilmoqchi bo‘lgan, lekin gey ekani oshkor bo‘lishidan qo‘rqib bu qaroridan qaytgan.

“Militsiyaga, prokuraturaga murojaat qilish qo‘limdan keladi. Lekin bizda LGBT (lesbiyanlar, geylar, biseksuallar, transgenderlar) qoralanadi. Men madaniyat sohasida ishlayman, o‘ziga yarasha tumanda obro‘yim bor. Hurmatim yo‘qoladi, qolaversa xotinim, farzandlarim bilib qoladi, deb qo‘rqayapman. Boshqa tomondan meni kaltaklaganlar videoni Internetga tarqatib yuborishidan ham cho‘chiyapman”, - dedi gey yigit.

Gomofoblar tajovuziga uchragan yigit ayni paytda geylar huquqlari ta’minlangan biror davlatga bosh olib ketish haqida o‘ylayotganini aytdi.

“O‘zbekistonda gey bo‘lish xavfli”

O‘zbek jamiyatida jinsiy ozchiliklarga nisbatan toqatsizlik borligi ma’lum.​

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida yashovchi 28 yoshli Erbo‘lat ismli gey yigit 18 aprel kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Samarqandda ro‘y bergan hodisa yuzasidan fikr bildirar ekan, uni “vahshiylik”, deb atadi.

Boshqa jinsiy ozchilik vakillari qatori Erbo‘lat ham gomofoblar hujumiga uchraganini eslab, dedi:

“Meni ham bir marta videoga olib, tahqirlashgan. Zo‘rg‘a qutulganman. Militsiyaga aytsangiz ular ham gomofob, mazax qiladi. O‘zbekistonda gey bo‘lish xavfli. Shuning uchun iloji boricha orientatsiyangni boshqalarga bilintirmasdan yurishga to‘g‘ri keladi. Ijtimoiy tarmoqlarda biz “tema”dagilar bilan parol so‘zlar bilan gaplashamiz. To‘liq ishonch hosil qilganimizdan so‘ng uchrashuvga chiqamiz".

O‘zbekistonda geylarning gomofoblar tajovuziga uchragani va samosud qilinib, tahqirlangani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

2017 yil sentabrida qip-yalang‘och yechintirib qo‘yilgan yigitni gomofoblar pivo butilkasiga o‘tirishga majburlayotgani aks etgan video Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan edi.

17 daqiqalik videoda kaltak zarbi, haqorat va tahdidlardan dahshatga tushib, dir-dir qaltirayotgan yigitni zo‘ravonlar geylikni tan olishga majbur qiladi, unga "yoqib yuborish yoki so‘yib tashlash" bilan po‘pisa qilib, orqasi bilan pivo shishasiga o‘tirishga majburlashadi.

Ushbu voqea Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida bo‘lgani, jazo aksiyasida qatnashgan to‘rt yigit qo‘lga olinib, har biri 5 yilgacha bo‘lgan muddatga qamoqqa hukm etilgani haqida Ozodlik xabar bergandi.

Farg‘onadagiga o‘xshash o‘zbekistonlik gey bilan bog‘liq boshqa bir voqea Rossiyada sodir bo‘lgan edi.

Gey ekani ishonilgan yigitni vatandoshlari butilkaga o‘tirishga majbur qilgani aks etgan video 2013 yilda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Qo‘li orqasidan kishanlab qo‘yilgan gey yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtaladi.
Qo‘li orqasidan kishanlab qo‘yilgan gey yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtaladi.

Rossiyaning Novosibirsk shahrida olingan videoda qip-yalang‘och yechintirib qo‘yilgan, kaltaklanib, yuzlari momataloq bo‘lgan yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtashadi va o‘zining orqasiga shampan butilkasini tiqishga majbur qilishadi.

Keyinroq esa O‘zbekistonda “Dilshod” ismi bilan tanilgan 24 yashar transvestit-gey Toshkent ko‘chalarida kaltaklab ketilgani video va fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Gomoseksualizm jinoyat darajasiga ko‘tarilgan davlat

O‘zbekiston gomoseksualizm jinoyat hisoblanadigan oz sonli mamlakatlardan biridir.

Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasining dunyoda gomoseksual ozchilik huquqlari bo‘yicha 2017 yilda e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston gomoseksualizm jinoyat darajasiga ko‘tarilgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet o‘lkalar orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.

Tashkilotning Moskvadagi vakilasi Olga Serebrennikova Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda "islohotlarga kirishgan" prezident Shavkat Mirziyoev hukumatini gomoseksualizm uchun jazoni bekor qilib, LGBT vakillariga hujum qilayotganlarga jazoni kuchaytirishga chaqirdi.

"Gomoseksualizm bu jinoyat emas. O‘zbekistondagi yangi hukumat eski stereotiplardan voz kechib, LGBT vakillariga erkinlik berishi, jumladan gomoseksualizm uchun belgilangan jazoni bekor qilishini istar edik".

Ikki yil avval Nyu-Yorkda o‘tkazilgan gey paradda uning o‘zbekistonlik qatnashchilari Toshkent hukumatini geylarga erkinliklar berishga chaqirishgandi.

AQShning Nyu York shahrida 2017 yil o‘tkazilgan gey paradda o‘zbekistonliklar ham ko‘rindi.
AQShning Nyu York shahrida 2017 yil o‘tkazilgan gey paradda o‘zbekistonliklar ham ko‘rindi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida "besoqolbozlik" sifatida tasniflangan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sanaladi va gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishlari mumkin.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov ham o‘z chiqishlaridan birida “gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch” degan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG