Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:18

Exit poll: prezident saylovida Zelenskiy qariyb 74 foiz ovoz oldi (VIDEO)


21 aprel kuni Ukrainada prezidentlik uchun saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Dastlabki so‘rov natijalariga ko‘ra, amaldagi prezident Petro Poroshenko raqibi - aktyor va shoumen Vladimir Zelenskiydan ancha ortdadir.

Zelenskiy qariyb 74 foiz ovoz to‘plab, oldinda bormoqda.

Ukrainaning qariyb 30 million saylovchisi 2 nomzoddan biriga ovoz berdi.

Markaziy Saylov komissiyasi mahalliy vaqt bilan soat 12ga qadar saylovchilaring 45 foizi ovoz berib bo‘lganini ma’lum qildi.

18 aprel kuni Reiting tadqiqotlar markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, respondentlarning 57,9 foizi Zelenskiy uchun, 21,7 foizi Poroshenko uchun ovoz berishni rejalayotganini bildirgandi.

Qiziqchi va televidenie aktyori Zelenskiyning muvaffaqiyati Ukraina siyosiy elitasini tang ahvolga solmoqda.

U o‘z kampaniyasi davomida asosan ijtimoiy tarmoqlardan foydalandi hamda Ukrainaning oqsayotgan iqtisodi, chuqur ildiz otgan korrupsiya hamda Ukraina sharqida besh yildan beri tugamayotgan mojaroga urg‘u berib, ularga yechim topishni va’da qildi.

19 aprel kuni Kiev stadionida ikki nomzod ishtirokida o‘tkazilgan debat davomida Zelenskiy shunday dedi:

- Men siyosatchi emasman. Mavjud tizimni o‘zgartirish uchun kelgan oddiy fuqaroman, xolos.

​53 yoshdagi Poroshenko esa Zelenskiyning siyosiy tajribasi yo‘qligiga urg‘u berib, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi chiqa olmasligini ta’kidlab keladi.

Debat davomida Poroshenko:

- Sizdan o‘zini Putin zarbalaridan himoya qila olmaydigan zaif yetakchi chiqadi. [Zelenskiy] Ukrainani mag‘lub qilib, uni Rossiya imperiyasiga qayta sudrab borish haqida orzu qiladimi, yo‘qmi, bilmayman, ammo Putinda bunday orzu bor, - dedi.

Poroshenko o‘zini Ukrainani Rossiya agressiyasidan asray oladigan yagona nomzod o‘laroq ko‘rsatib, ukrainaliklarni uni ikkinchi muddatga saylashga chaqirmoqda.

19 aprel Kievdagi “Olimpiyskiy” stadionida o‘tkazilgan prezidentlik saylovoldi debatlari paytida esa har ikki nomzod debat sahnasida tiz cho‘kdi.

Nomzod Vladimir Zelenskiy urush tugashi uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin oldida tiz cho‘kishga tayyor bo‘lganini aytib: “Men o‘z o‘g‘lini yo‘qotgan har bir ona, o‘z erini yo‘qotgan har bir ayol oldida tiz cho‘kishga tayyorman. Men bunga tayyorman va hozir buni qilaman. Siz ham buni qiling”, dedi Poroshenkoga qarab.

Shundan keyin avval Zelenskiy, keyin Poroshenko tiz cho‘kdi. Poroshenko so‘ngra Ukraina bayrog‘ini ham o‘pdi.

Saylovning 31 mart kuni o‘tkazilgan birinchi turida Zelenskiy 30 foiz ovoz to‘pladi. Poroshenkoga esa 16 foiz saylovchi ovoz berdi.

Zelenskiy Ukraina NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llashi, ammo buning uchun avval referendum o‘tkazishini aytib keladi. Nomzod, shuningdek, Rossiya 2014 yilda anneksiya qilib olgan Qrimni Ukrainaga qaytarishi kerakligini ham aytgan.

Zelenskiy Ukraina sharqidagi mojaroga yechim topish uchun Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tish tarafdoridir. Moskva Ukraina sharqidagi urush mamlakatning ichki ishi ekanini aytib, Kievni rossiyaparast ayirmachilar bilan muzokara o‘tkazishga chorlab keladi.

2016 yilning noyabrida Xalqaro jinoyat sudi Ukraina sharqidagi mojaroni “Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi qurolli konflikt”, deb belgilagan.

18 aprel kuni Poroshenko ukrainaliklarga hozir prezident va bosh qo‘mondon lavozimi ustida tajriba o‘tkazish mavridi emasligini aytib, saylovchilardan kechirim so‘radi va unga yana bir imkon berishlarini so‘radi.

Poroshenko tarafdorlari u sobiq prezident Viktor Yanukovich davrida zaiflashib ketgan Ukraina armiyasini qayta tiklaganini aytib keladi.

Poroshenko o‘z faoliyati davomida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kelishuvini imzoladi hamda ukrainaliklar Yevropa Ittifoqiga vizasiz sayohat qilishiga erishdi. Prezident, shuningdek, Ukraina pravoslav cherkovi Moskva patriarxligidan mustaqil bo‘lishiga erishdi.

XS
SM
MD
LG