Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:30

Kattaqo‘rg‘onda 7-sinf o‘quvchisi o‘zini osib o‘ldirdi. Ota-onasi iddaosicha bola maktabda izza qilingan


Illyustrativ surat: So‘nggi ikki oy ichida O‘zbekistonda yoshlar orasida sodir etilgan o‘n sakkizta suitsidni Ozodlik o‘rgandi.
Illyustrativ surat: So‘nggi ikki oy ichida O‘zbekistonda yoshlar orasida sodir etilgan o‘n sakkizta suitsidni Ozodlik o‘rgandi.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1- son iqtidorli bolalar maktabining 7- sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilib halok bo‘ldi.

Ota-onalari iddaosiga ko‘ra, maktabda o‘qituvchilari tinimsiz izza qolgani va uni sinfdoshlari orasida jazolagani ortidan bola uyida o‘zini osgan.

Ammo maktab rahbariyati bu iddaoni inkor qildi. Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi o‘quvchi o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumanining Payshanba shahrida joylashgan 1-son iqtidorli bolalar umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Muhammad 21 aprel kuni uyida osilgan xolda topildi.

Ota Fahriddin Fayzullaevning Ozodlikka da’vo qilishicha, o‘g‘li maktabda o‘quvchilar oldida sharmanda qilinganidan so‘ng o‘z joniga qilgan:

“Biz bozorga ketganimiz payti ukalari bilan qoluvdi, bozorlik qilib kelamiz degunimizcha shu ishni qilib qo‘yibdi. Turnikka arqon boylab o‘zini osgan. Dushanba kuni yana maktabga borishni o‘ylagan bo‘lsa kerak, chunki juma kuni muallimlari izdevatsa qilgan ekan”.

Onasi Durdona Fayzullaevaning aytishicha, bola o‘limidan yigirma kun oldin ham maktabda o‘qituvchisi tarafidan kaltaklangan.

“Maktab tashqarisiga chiqarib bolani muallimi emaklattirgan, otjimaniya qildirgan. Sinfda beshta bola urishishgan ekan, shuncha bolani jazolamagan-da, beshta bolani ichidan ayirib olib, meni bolamga zug‘um o‘tkazgan va urgan, oyoqlariga tepgan, bolani ko‘z yoshlariga qaramay haqorat qilgan”.

1-umumta’lim maktabining Muhammad o‘qigan 7-sinf rahbari Dilfuza Razzoqova Ozodlik bilan suhbatda bolaga zug‘um o‘tkazilgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

"Mana sinfda o‘rtoqlari ham o‘tiribdi. Hech qanaqa zug‘um bo‘lgan emas. Yigirma kuncha oldin bir muammo chiqib qolgan, o‘quvchilar o‘rtasida tortishuv bo‘lib, ota-onasini chaqirib gaplashilgandi o‘shanda. U narsa unutilib ham ketgandi. Oxirgi kunlari ham u maktabda ko‘tarinki kayfiyatda edi. Qizlarga daraxtga chiqib dovuchcha olib bergan ekan. Lekin, o‘qishda qiynalayotgandi. Bizda iqtidorli bolalar o‘qiydi, talab kuchli, ko‘pchilik bolalar bizda yaxshi o‘qiydi. Ularga intilaman deb, harakat qilar ediyu picha qiynalar edi. Shu qiynaldi, deb o‘ylayapmiz. Bolaning o‘zi ham ayasiga o‘zlashtirolmayapman, boshqa maktabga oling, deb aytgan ekan, ular ko‘nmagan.

Kattaqo‘rg‘on tuman chchki ishlar bo‘limi o‘quvchi o‘zini osgani yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Bu so‘nggi ikki oy ichida Ozodlik o‘rgangan O‘zbekistonda yoshlar orasidagi o‘n sakkizinchi suitsiddir.

9 aprel kuni Ozodlik Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘zini osgani haqida xabar bergan edi.

Shu oy boshida Ozodlik Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon “bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilgan”ini aniqlagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotganini aytgandi.

Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

XS
SM
MD
LG