O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga tashrifidan oldin ommaviy tayyorgarlik ishlari avj oldi.
Bu haqda Ozodllikka xabar bergan farg‘onaliklarning aytishicha, prezident borish ehtimoli bo‘lgan Bag‘dod, Rishton tumanlarida ko‘chalarga shoshma-shosharlik bilan alfalt yotqizilmoqda, uylarning faqat ko‘cha tomonga qaragan tomi qizg‘ish rangga bo‘yalmoqda.
Rishton tumanida bir qancha ko‘chalar yuk mashinalari bilan to‘sib qo‘yildi.
Oltiariqdan Rishtonga qatnovchi haydovchilardan biri hali prezidentning qachon borishi ochiqlanmay turib¸ bu hududda markaziy ko‘chalarning yopib qo‘yilgani o‘zi kabilarning kundalik yumushini buzib yuborganini aytadi.
“Ertalab kelganimda yo‘l ochiq edi. Tushdan keyin qaytaman desam, Oltiariqqa ketadigan past yo‘l ham, Farg‘onaga ketadigan yuqori yo‘l ham yuk moshinlari bilan to‘sib qo‘yilgan. Bir amallab aylanma yo‘llar bilan chiqib ketdim. So‘rasam, ertaga prezident Rishtonga kelarmish, shunga ura qilib ko‘chalarga asfalt yotqizishayotgan ekan”.
Bu suhbatdosh, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinayotgan bu kabi shoshilinch yo‘l qurishlarga sarflanayotgan mablag‘ va ish kuchini havoga sovurilgan deb baholaydi.
“Qachon prezident keladi degan xabar kelsa, bu hokimlar tipirchilab qoladi. Yomg‘irdan keyin, hali yo‘llar qurimay turib shoshma-shosharlik bilan qilanayotgan bu asfaltlar bir yilga ham bormaydi. Buni, biz haydovchilar, yigirma yildan buyon ko‘rib kelyapmiz. Bitta yomg‘irdan keyin eski hammom, eski tos”
Rishton tumanida yashaydigan o‘qituvchi Bahodir Eliboev bunday ko‘zbo‘yamachiliklarning Karimov davridan Mirziyoevga meros bo‘lib o‘tganidan hozirga kelib odamlar hayratlanmaydigan bo‘lib qolganini aytadi :
- Hozir kolsodan boshlab, beshta yo‘l to‘silib qoldi. Bizda agar hokimlarga kerak bo‘lsa, ikki soatda hamma tomonni yaltir-yultur qilib qo‘yishadi. Farg‘ona ko‘chasida tomlarning bir tomoni qizilga avval bo‘yalgan edi, endi o‘shalarni yana yangidan bo‘yashyapti. Asfaltlar ham faqat nomiga qilinadi. Masalan¸ katta ko‘chaga tutashadigan kichik ko‘chalarning 100-150 metr joyigacha, ya’ni ko‘z ilg‘aydigan joyigacha qilinadi. U yog‘i yana loyu botqoq. Prezidentni eson-omon kuzatib olsak bo‘ldi, keyin yana hammasi eskicha davom etaveradi.
Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan Rishton tumanidagi davlat idorasi mulozimi uch kundan buyon butun tuman oyoqqa turganini tasdiqladi.
“Prezident bizning tumanga kelib, shu yerda selektor o‘tkazar ekan, degan xabar kelgan. Shuning uchun uch kundan buyon patar-patar. Ikki kundan buyon ko‘p yo‘llar berkitilib, asfalt qilinmoqda. Elektroset otam zamonidan qolgan yog‘och stolbalarni ohak bilan oqartirayapti. Tomlarning faqat bir tomoni qizilga bo‘yalmoqda. Kechayu kunduz tinim bilmay ishlayapmiz. Bunaqa ko‘zbo‘yamachlikning kimga keragi bor. Shuncha mablag‘ havoga sarf bo‘layapti. Shu ishlarni planlashtirib, kapitalniy qilsa bo‘ladiku, 10-20 yilga yetadi. Lekin, bizda hammasi xalq uchun emas, o‘z aybini yashirish uchun qilinayapti”
Farg‘ona viloyatida prezident kelishidan oldin qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida Ozodlik bir necha marta xabar bergan.
Ozodlik 12 aprel kuni Farg‘ona viloyatida prezident Shavkat Mirziyoev o‘tish ehtimoli bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortilayotgani haqida xabar bergan edi.
Jumladan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Eshonguzar MFYdan Sizdan Telegram loyihasiga kelgan xabarda:"Prezidentimiz kelar ekan. Shu bahona birdan quvurlarda gaz paydo bo‘lib qoldi deng! Mahalla raislari Qumtepa bozori yo‘lidagi uylarni ta’mirlatib, devorlarni bir xil rangga bo‘yattirmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik uchun yo‘llarda soxta issiqxonalar qurildi. Qashqadaryoda ham issiqxonalar qurdik¸ deb davlat rahbarini aldashgan va keyinroq yolg‘onning misi chiqqan edi. Prezidentni Farg‘onadagi yolg‘onlardan ham ogoh etib qo‘yaylik dedik...”, deb yozgan edi.
2015 yilning oktabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘ldi, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagan.