Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Jamshid Mamitovga tegishli avtomobil 21 aprel kuni katta tezlikda svetoforda to‘xtab turgan avtomobilning orqa tomoniga zarb bilan kelib urilgan.
Voqea guvohlarining aytishlaricha, mashina rulida Jamshid Mamitovning o‘zi mast holatda bo‘lgan, yonida boshqa hech kim bo‘lmagan. Ammo, avtohalokat hodisasi boshqa odamning nomiga rasmiylashtirilgan.
Jamshid Mamitovning o‘zi va bu hodisani o‘rgangan tergovchi mashina rulida boshqa odam bo‘lganini aytishmoqda.
Ozodlikka yuborilgan videoda shikastlangan avtomobilning haydovchi o‘rindig‘idan Jamshid Mamitovning olib tushirilayotgani aks etgan.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani markazida 21 aprel kuni ertalab soat oltilarda svetoforda turgan Lacetti avtomobilining orqasiga katta tezlikda kelgan Nexia mashinasi zarb bilan urilgan.
Avtohalokat natijasida ikkala mashina qattiq shikastlangan va Qo‘shrabot tumani YHXB boshlig‘i Jamshid Mamitov yengil tan jarohati olgan.
Lobovoyga kimning boshi urilgan?
Voqea guvohlaridan biri Abdurasul Barotovning aytishicha, Nexia rulida mast holatdagi Jamshid Mamitovning o‘zi bo‘lgan:
- Men o‘zim guvoh bo‘ldim, Nexia rulida GAI boshlig‘i Jamshid Mamitovning o‘zi edi. Mast holda edi. Peshonasi qonab ketgan edi. Uni mashinadan chiqarib, boshqa mashinaga o‘tqazishdi. Nega bular hamma ko‘rib turgan narsani yashirmoqchi bo‘ladi. Suratga qarang, haydovchi tomondagi oyna zarbdan yorilgan. Jamshid Mamitovning ham boshi yorilgan. Keyin haydovchi o‘rniga tiqishtirilgan Jo‘rabek deganning bir joyi ham tirnalmagan”.
"Voqeadan bir soat o‘tib, ruldagi odam boshqa bo‘lib qoldi"
Voqeaning ikkinchi guvohi Akmal Qo‘nishovning aytishicha, uning ukasi Jamshid Mamitovni kasalxonaga olib borgan:
- Ukamning mashinasiga ortib olib borilgan. Lekin kasalxonaga kirmayaptida, doim birga yuradigan tanishi Anvar degan eshon va Jo‘rabek taksichini chaqiryapti. Ular kelib mashina nomerini yechib olyaptida, Jo‘rabek rulda men edim, deyapti. Men keyin ichki ishlarga borib murojaat qildim, GAI boshlig‘i ichgan, uni 01 tibbiy ekspertizadan o‘tkazinglar desam, qabul qilmadi. Keyin prokuraturaga bordim. Prokurorga borsam, mening vakolatimga kirmaydi, dedi. Keyin Samarqand viloyati IIBga telefon qilsak, otdelga boringlar, sizlarni kutib oladi, dedi. Lekin otdelda ham, ertaga kelasizlar deb qabul qilmadi.
Suhbatdoshning aytishicha, avariya sodir qilingan joyga ekspert va mutaxassislar kelmagan, mashinalar o‘zboshimcha olib ketilgan:
- Jamshid Mamitovning rulda o‘zi bo‘lganligini o‘nlab odamlar ko‘rdi, videoda mashinadan sug‘urib olishayotgani ko‘rinib turibdi. Jo‘rabek degan uning yugurdagi qanday rulda paydo bo‘lib qoldi, hamma hayron. Jamshidning boshi oynani urib yorib yuborgan, peshonasini yorilib ketgan, qon oqib yotibdi. Bu soppa-sog‘ Jo‘rabek degani esa rulda men edim, deb turibdi.
"Jamshid Mamitov mast holda edi"
Uchinchi guvoh, qo‘shrabotlik Baxtiyor Ergashevning aytishicha, voqea u yashayotgan uyning yaqinida sodir bo‘lgan:
- Ertalab soat oltilardan o‘tgan edi, gumburlagan tovush eshitildi. Chiqib qarasak, shunaqa voqea bo‘pti. Bu shohbekatning oldi. Jamshid GAIning yuzlaridan qon oqib yotibdi. Rulda o‘zi bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Gapirishidan shunday mastligi ko‘rinib turgandi.
"Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi"
Bu voqeani kuzatib kelayotgan qo‘shrabotlik mustaqil jurnalist, 65 yashar Yalg‘osh Sarievning aytishicha, bu ishni tergov qilgan rasmiylar “qarg‘a-qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” maqoliga amal qilib, ishni soxtalashtirishgan:
- Men o‘nlab voqea guvohlari bilan suhbatlashdim. Ularning hammasi rulda Jamshid Mamitov bo‘lganligini tasdiqlashyapti. Ularning tushuntirish xatlari ham bor, menda. Haqiqatni ko‘ra bila turib yashirish, qachongacha davom etadi. Ichgan, mast holatda mashina boshqargan YHXB boshlig‘ining bu xarakati oddiy haydovchiga nisbatan bir necha barobar ortiq javobgarlikka sabab bo‘lmaydimi? Qolaversa, tezkor guruhi hamda tergov bo‘limidan Zokir Ochilovning haqiqiy voqeadan ko‘z yumishi ham o‘z huquqiy bahosini olishi kerak.
"Mashina rulida Mamitov bo‘lgan videoni ko‘rganim yo‘q
Qo‘shrabot tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Zokir Ochilov, Ozodlik bilan suhbatda surishtiruv davomida mashinani Jamshid Mamitov emas, balki boshqa kishi boshqarganini aytdi:
- O‘sha kuni avariya sodir etgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning qonidan alkogol topilmagan. Jamshid Mamitovning mashina rulidan chiqarib olinayotgani videosini men ko‘rganim yo‘q. Agar shunday video bo‘lsa, uning haqqoniyligini ekspertiza qilish kerak. Qolgan savollaringizga shu yerga kelib javob olishingiz mumkin.
"Rulda men bo‘lmaganman"
Qo‘shrabot tumani YHXB boshlig‘i Jamshid Mamitov Ozodlik bilan suhbatda mashina rulida boshqa kishi bo‘lganini iddao qildi:
- O‘sha kuni haqiqatan men avaridan keyin shok holatida bo‘lganman. Boshim bilan old oynaga urilganman, ko‘zimga shisha sinib kirgan. Shokdaligim uchun mastga o‘xshab gapirganman. Rulda Jo‘rabek Abdrazzoqov bo‘lgan. Men bu yigitni ba’zan charchagan kunlarim yonimga olib yuraman. Yordam uchun. O‘sha kuni ham men yonida uxlab qolganman, qanday urilganini bilmayman. Hozir tekshirish ketyapti, ekspertiza xulosalari chiqqandan keyin sudga oshiriladi. Balki jarima qilishar. Lekin men rulda bo‘lmaganman. Menga qarshi ariza yozgan odamlarning ba’zilarining o‘zini, ba’zilarining o‘g‘lini ichib haydagani uchun protokol qilganman, shunga ular mendan alamzada.
Ozodlik voqea jarayonini kuzatib boradi.