Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:17

Davlati badavlat Qozog‘istonda ishchilar eng kam maosh oladi


1 may kungi namoyishlarda davlat byudjetiga qaram tashkilotlarning ishchilari oylik maoshlarining nihoyatda ozligidan shikoyat qildi.

5 yil oldin Jahon banki Qozog‘iston hukumati ishchilariga sarflaydigan mablag‘ YaIMning atigi 4 foizini tashkil qilishini, bu esa Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri ekanligini ma’lum qilgan edi.

Keyingi besh yil ichida hukumat ishchilari oyliklari deyarli o‘sgani yo‘q.

Sadirbekulining oyligi

Qozog‘istonda o‘rtacha oylik 450 dollar.

Ammo Nurjan Sadirbekuli kabi hukumat ishchilari oyiga 160-180 dollar oladi. Shu sababdan Ozodlik radiosining qozoq xizmati bilan suhbatda Sadirbekuli ishini tashlagani, endilikda bozorda savdogarlik qilishga bel bog‘lagani aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat ishchilari xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha ish topishga yoki Internetda yoki ish joyida savdo-sotiq qilishga majbur. Sadirbekuli ba’zan ishxonasi hamkasblari sotish uchun olib kelgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va kiyimlarga to‘lib, bozorga o‘xshab qolishini aytdi.

Yil boshida Qozog‘iston hukumati davlat ishchilari oyligini atigi 500 tengega, yoki 1,5 dollarga ko‘tardi. Tabiiyki, bu ishchilar ahvolini o‘nglashga yordam bergani yo‘q.

Nazarboevning iste’fosi

Mart oyida kutilmaganda iste’foga chiqqan prezident Nursulton Nazarboev o‘tgan yili minimal oylikni oshirishni buyurgandi.

Sobiq prezident minimal oylikni 75 dollardan 100 dollarga ko‘tarish har bir Qozog‘iston fuqarosi uchun sezilarli darajada foyda olib kelishini ta’kidladi.

Muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qaev ham hukumat ishchilari oyligi oshirilishini va’da qilib keladi. Prezident vazifasini bajara boshlaganidan keyin uch kun o‘tib, To‘qaev oz oylik oladigan hukumat ishchilari oyligini oshirish muddatini 2019 yilning 1 iyulidan 1 iyuniga siljitishni buyurdi. To‘qaev oylik oshishi “milliondan oshiq davlat ishchisi hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishi” haqida yozdi.

15 aprel kuni muvaqqat prezident 1 iyundan boshlab qishloq joylarida va viloyatlarda davlat sektorida ishlayotgan shaxslar oyligi 1 iyundan oshishini yana takrorladi.

Sobiq vazirning e’tirofi

To‘qaevning maslahatchisi, sobiq iqtisod vaziri Timur Suleymanov “mamlakat iqtisodi o‘sgani bilan, odamlar oyliklari oshmaganini” tan oldi.

Olmaota yaqinidagi maktabda ishlaydigan farrosh ayol oylik oshganidan keyin oladigan 120 dollar maosh olti nafar a’zoga ega oilasini boqish uchun yetarli emasligini aytdi. Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ayol ishiga qo‘shimcha ravishda qo‘shnilariga va hamkasblariga sut sotib tirikchilik qilishini qo‘shimcha qildi.

Ayni maktabning 40 yoshdagi o‘qituvchisi yaqin orada joylashgan kasb-hunar litseyida ikkinchi ishi bo‘lsa-da, mamlakatdagi o‘rtacha oylikning yarmini olishini aytdi.

Yaqinda olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qozog‘istonliklar topgan mablag‘larining 46 foizini oziq-ovqat mahsulotlariga, atigi 1,9 foizini hordiq chiqarish uchun sarflaydi.

Shuni aytib o‘tish joizki, Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi eng boy iqtisodga ega bo‘lib, mamlakat dunyodagi 12-eng yirik neft zaxirasiga, tabiiy gaz zaxiralariga hamda ekin ekish mumkin bo‘lgan ulkan yerlarga ega.

XS
SM
MD
LG