Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:35

Soliq qo‘mitasida prezident tanqidiga uchragan attestatsiyaga start berildi


Hajviy surat Eltuz.com nashriga oid
Hajviy surat Eltuz.com nashriga oid

Davlat soliq qo‘mitasi raisining 19 apreldagi 92- buyrug‘iga asosan, 6 may kuni tizim tarkibidagi 13000 xodimni attestatsiyadan o‘tkazish boshlandi. Bu tadbir iyul boshida yakunlanishi aytildi.

Ozodlikda nusxasi mavjud attestatsiya o‘tkazish jadvaliga ko‘ra, 6 maydan 20 maygacha Soliq qo‘mitasi markaziy apparati va Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlarining barcha lavozimdagi mansabdor xodimlari - hammasi bo‘lib 1494 mulozim attestatsiyadan o‘tishi belgilab qo‘yilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘iga ko‘ra, attestatsiya "mansabdor shaxslarining kasbiy bilim darajasi. ishchanlik qobiliyati va ahloqiy sifatlari hamda egallab turgan lavozimiga loyiqligiga baho berish uchun attestatsiyadan o‘tkaziladi".

Biroq Ozodlik suhbatlashgan, ismi aytilishini istamagan Soliq qo‘mitasi markaziy apparat mulozimi iddaosiga ko‘ra¸ mamlakat bo‘ylab 600 soliqchi "qora ro‘yxat"ga kiritilgan. "Qora ro‘yxat"ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini (Ozodlik "qora ro‘yxat"ni ko‘rgani yo‘q - tahr.) aytgan mulozimning ishonishicha, bu xodimlarni “attestatsiyadan o‘tmadi”, degan sabab bilan ishdan bo‘shatmoqchilar.

- Bugunning o‘zida markaziy apparat mansabdor xodimlaridan 14 nafari attestatsiya komissiyasiga kirdi. 20 maygacha Toshkent shahridagi 1480 soliqchi attestatsiya komissiyasiga kirib chiqadi. Iyul boshiga qadar respublika bo‘ylab 13 ming soliqchi elakdan o‘tkaziladi. Rahbariyat bu attestatsiyadan foydalanib betgachopar va yo‘talmaydigan soliqchidan qutulmoqchi.

Bu gapni aytgan mulozim "yo‘talmaydigan" der ekan, olgan porasini rahbarlar bilan baham ko‘rmaydiganlarni nazarda tutayotganini bildirdi.

- Mana sizga selektor yig‘ilishi audiosi. Ushbu audio yozuvda davlat rahbari Mirziyoev xodimlarni attestatsiya bahonasida ishdan bo‘shatishni qattiq tanqid kilgan edi. Lekin Davlat soliq qo‘mitasi bu gapning teskarisini qilib yalpi attestatsiya o‘tkazishga buyruq berdi. O‘tmaydiganlar ro‘yxati tuzildi. Qora ro‘yxatga kirgan 600 ga yaqin xodimni tizimdan bo‘shatmoqchi. Aslida kimlar attestatsiyadan o‘tmasligi oldindan belgilab qo‘yilgan¸- deya iddao qildi mulozim.

Suhbatdosh taqdim qilgan audioyozuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev xodimlarni attestatsiya qilish tadbirining “keraksiz va holdan toydiruvchi” ekanligini aytadi. Prezident ta’kidicha¸ bunday attestatsiya “tepadagi instruktor g‘azabiga duchor bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatilgan¸ aslida tajribali kadrlar uchun qirg‘indir. Attestatsiya qiluvchining o‘zlari islohga muhtoj degan Mirziyoev "A sudyi kto?.." (Hakamning o‘zi kim?) deya kinoyali savol qo‘yadi.

Шавкат Мирзиëевнинг аттестация ҳақидаги гапи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:59 0:00

Shavkat Mirziyoevning ovozi aks etgan bu audio yozilgan selektor yig‘ilishi qachon va qay mavzuda o‘tkazilgani Ozodlikka ma’lum emas.

O‘zini "Davlat soliq qo‘mitasining soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimi va attestatsiya komissiyasi a’zosi", deb tanishtirgan va ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimga ko‘ra¸ hech qanaqa “qora ro‘yxat” yo‘q:

- Reja asosida attestatsiya o‘tkazilmoqda. Savodsiz¸ sohaga tasodifan kelib qolgan va tamagir xodimlar attestatsiyadan o‘ta olmasligi aniq. Ular siz aytgandek 600 kishidan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin. Mana, bugunning o‘zida bir necha kishi o‘ta olmadi attestatsiyadan. Ularning savodi yo‘q va layoqatsiz ekani bilinib qoldi. Attestatsiya hali 2 iyulga qadar davom etadi.

Attestatsiya komissiyasi a’zosining yana aytishicha¸ “Attestatsiya o‘tadigan xonalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgani bois” komissiya a’zosining mulozimdan “qasd olish” extimoli yo‘q:

- Komissiya a’zolarining o‘zi 18 kishi. Ularning savol- javobi taymkodli videoga tinimsiz yoziladi. Agar kimdir meni ataylab yiqitishdi, degan fikrga kelsa¸ shikoyat qilish imkoni bor.

Attestatsiya komissiyasi a’zosi bo‘lgan mulozim ta’kidicha¸ tadbirdan maqsad faqat noqobil xodimni qopqonga tushirish emas:

- Savollar soliq xodimining qonunlarni yaxshi bilishi va ishchanlik sifatlarini o‘z ichiga oladi. Attestatsiyada beriladigan namunaviy savol-javoblar to‘plamini kitobcha qilib nashr qildirib xodimlarga tarqatdik. Agar niyat ularni ishdan bo‘shatish bo‘lganda savol-javoblar sir tutilar edi. Shu sharoitda ham bez bo‘lib savolga javob bera olmagan soliqchining bahridan o‘tilishida muammo yo‘q.

Attestatsiya qilinmaydigan imtiyozli qatlam

Attestatsiyani “ qasd olish” deb atayotgan Soliq qo‘mitasi markaziy apparati mulozimining aytishicha, bu tadbir “barchaga birday keladigan to‘y” emas:

- Nega bo‘lmasa yuridik bo‘lim xodimlari attestatsiyadan o‘tkazilmayapti. Men sizga hujjat yuboraman. Yozib qo‘yibdi "yuridik bo‘lim xodimlari attestatsiyadan ozod qilinadi" deb. Bundan tashqari o‘ndan ziyod rahbar xodim attestatsiyadan ozod qilingan. Nega rahbarlar o‘zini olib qochadi?!

Davlat soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘ida “Prezident qaroriga asosan lavozimga tayinlangan rahbar xodimlar va Yuridik bo‘lim xodimlari attestatsiya sinovidan ozod qilinadi” deyilgan.

Soliqchi ham yig‘laydi

Ozodlik 6 may kungi attestatsiyada savol-javob qilingan soliq xizmati xodimi bilaan suhbatlashdi. Ismi efirda aytilishini istamagan Toshkent shahar soliq idorasi xodimi majlisbozlik va ortiqcha nazoratdan zada bo‘lganini aytar ekan, bunday dedi:

- Attestatsiyadan o‘tmading deb ishdan bo‘shatishsa, xafa bo‘ladigan joyim yo‘q. Avvalo soliq qo‘mitasi tizimida mehnat qonunchiligiga rioya qilinmayapti. Ish soat 8:00 da boshlanib kamida soat 24:00 gacha davom etadi. Shanba va yakshanba kunlari ham shu ahvol.

Soliqchining aytishicha¸ soliq idorasi prokuraturaning mutlaq nazoratida qolmoqda:

- Eng ajablanarlisi ham shu. 2019 yil 15 martda Prezidentning PF-5690 sonli farmoniga asosan prokuratura organlaridagi soliq buyicha o‘rinbosarlar va ularning yordamchilari lavozimi 1 apreldan tugatilganiga qaramay, prokuratura eski uslubda bizni tekshirishda davom etmoqda.Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov yarim kechasi soat 24:00 da soliq idoralariga kelib majlis o‘tkazmokda. Bu ham yetmagandek, shahar va tuman rahbarimiz ertalab soat 8:00da yoki kechki soat 22:00 da boshlanib, yarim tungacha davom etadigan selektor majlislari o‘tkazadi. Mehnat ta’tiliga chiqqan xodimlar esa, muddatidan oldin ishga chaqirib olinadi. Dam olish kunlari ishga jalb qilganlari uchun haq to‘lashmaydi. Aslida savolni biz berishimiz kerak¸ ular emas,- dedi soliq idorasi xodimi.

“Korrupsiyalashgan yacheyka”

Joriy yilning aprelida Davlat soliq qo‘mitasi Shayxontohur tuman soliq inspeksiyasi “korrupsiyalashgan yacheykaga aylanib qolgani" ortidan bu tuzilmaning barcha xodimlari ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan edi.

Qo‘mitaning 15 aprelda bildirishicha, Shayxontohur tuman soliqchilari ustidan muntazam ravishda “tamagirlik va korrupsiya mavjudligiga guvohlik beruvchi” shikoyatlar kelib turgan.

XS
SM
MD
LG