Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:16

Rossiya O‘zbekistonni o‘zining tarix darsliklaridan tashqariga chiqarmoqchi emas


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Tashqi ishlar vaziri S.Lavrovni qabul qildi. Toshkent, 2019, 3 may.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Tashqi ishlar vaziri S.Lavrovni qabul qildi. Toshkent, 2019, 3 may.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining Moskva va Toshkent “tarixni qayta yozish va uni soxtalashtirishga birgalikda qarshi chiqadi”, degan bayonoti, tahlilchilar fikricha, rus tili bilan bog‘liq bahs-munozaralar tufaylimi, ko‘pchilik e’tiboridan chetda qoldi.

Sergey Lavrov 2-3 may kunlari Toshkentga qilgan amaliy safari davomida "Rossiya va O‘zbekiston birgalikda tarixni soxtalashtirilishi va qayta yozilishiga qarshi chiqadi”, deb bayonot berdi.

Internetning o‘zbek segmentida Sergey Lavrovning O‘zbekistonga tashrifi bilan bog‘liq boshqa masala – bir guruh ziyolilar tomonidan rus tiliga rasmiy maqom berish ustida qizg‘in tortishuvlar davom etayotgan bir paytda, rus vazirining bu bayonoti tarixchi va siyosatchi mutaxassislarning tor doirasidagina qizg‘in muhokamalarni uyg‘otdi.

Tarixchi olim Sergey Abashin Rossiya Tashqi ishlar vazirining bu so‘zlariga o‘zining Feysbuk sahifasida “Moskva va Toshkent tarixni qayta yozilishiga qarshi birgalikda kurashar ekan! Sovet davrida yozilgan o‘sha tarixnimi?”, deb munosabat bildirsa, foydalanuvchi Vitaliy Badmin “Ya’ni ular tarixni joriy siyosiy vaziyatga moslab, qayta yozib chiqar ekan-da!”, deya kinoya qildi.

Moskvada ishlaydigan o‘zbekistonlik tadbirkor va iqtisodchi Jamshid Muslimov Ozodlik bilan suhbatda Sergey Lavrovning bu so‘zlarini Rossiya hukumatining mustaqil O‘zbekistonda tarixiy-siyosiy hodisalarga munosabati o‘zgarishini istamayotganidan darak ekaniga ishora qildi.

U “siyosatchilar tarixni siyosiylashtirmasligi kerak”, degan fikrni bildirdi:

- Bu yerda gap, menimcha, baho berishda ketayapti. “soft power” yoki “yumshoq kuch” siyosati doirasida katta davlatlar kichikroq davlatlarni ta’sirida ushlash uchun umumiy bo‘lgan hodisalarga urg‘u berishi tabiiy. Ular “Tariximizda ham farq bo‘lishi mumkin emas!” deb o‘ylaydi. Tarix spekulyatsiya quroliga aylanib qolgan. “Genotsid bo‘lganmi-bo‘lmaganmi?”, “2-Jahon urushida o‘zbeklar rus askarlari bilan yelkama-yelka urushganmi, mardikor askar sifatida urushganmi?”, “Turkiston legionidagi o‘zbeklar sotqin bo‘lganmi, xaloskormi?”. Bu savollarga javob topish lozim! Shu bois tarixni boshqatlan yozish deganda ko‘proq baho berishni nazarda tutgan bo‘lsa kerak Lavrov.

Tarixchilar o‘z ishini, siyosatchilar o‘z ishini qilishi kerak. Siyosatchi kelib, tarixchilarga “unday yoz, bunday yoz” deyishining o‘zi tarixni qayta yozishda qatnashayotganini bildiradi! To‘g‘ri, tarixni buzib, odamlarga noto‘g‘ri etkazib qo‘yish xavfi bor. Lekin, bunday bo‘lmasligi uchun tarixiy kitoblar ko‘p chiqishi kerak, izlanishlar olib borilishi, faktlarni yuzaga olib chiqish, bahslashish lozim. Boshqa yurtdan kelib bizga o‘rgatish qanchalik to‘g‘ri?!... Tasavvur qiling, Amerika prezidenti kelib bizga “Tarixlaringni boshqachalab yozlaring!”, desa, - dedi Jamshid Muslimov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkentga kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

U 2-3 may kuni Toshkentga qilgan tashrifi davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev “9 May bayrami Rossiya rahbariyati va barcha rossiyaliklar kabi, shaxsan u hamda barcha O‘zbekiston grajdanlari uchun muqaddas ekani”ni ta’kidlab o‘tgani to‘g‘risida jurnalistlarga gapirib berdi.

- Kelgusi yilda O‘zbekiston MDHda raislik qilishi, bu yil Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alabaning tantanali 75-yilligi ekanini inobatga olib, biz tarixiy xotirani saqlab qolish, tarixning qayta yozilishiga yo‘l qo‘ymaslik, urush va mehnat faxriylariga munosib e’tiborda bo‘lish, yosh avlodni ular qaxramonligiga hurmat-ehtiromda tarbiyalash borasida fikr almashdik, dedi vazir Sergey Lavrov Toshkentda qilgan chiqishida.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari SSSRning 2-Jahon urushidagi g‘alabasining 75-yilligiga oid MDH doirasida qator hujjatlar hozirlanayotganini bildirdi.

Sergey Lavrov O‘zbekiston hukumatiga rus tiliga ajratayotgan e’tibori, barcha universitetlar va viloyatlarda qo‘shimcha rus tili markazlari ochilayotgani, rus markazlari faoliyatiga ko‘mak berayotgani va turli forum va yoshlar festivallari ko‘payib borayotgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Rus vaziri o‘z hamkasbi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv chog‘ida Rossiyaning MIFI (Moskva muhandislik-fizika instituti), VGIK (Butunrossiya davlat kinematografiya instituti), Moskva energetika instituti va Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filiallari ishga tushirilishini muhokama qilganini ma’lum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning “tarixni soxtalashtirishga qarshilik qilishga” oid fikr-mulohazasi ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh o‘zbek ziyolilarining rus tiliga rasmiy maqom berish borasidagi taklifi ortidan ko‘tarilgan bahs-munozaralar fonida yangradi.

20 ga yaqin o‘zbekistonlik rus tilli ziëli rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi Sergey Lavrovning 2 may kuni O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrif arafasida bilan chiqqan edi.

Ma’lumki, oxirgi yillarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshqa mamlakatlar masalasida qilgan chiqishlarida ham "tarix falsifikatsiyasi" borasida ko‘p marotaba gapirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2018 yilda 8,5 mingdan ziyod o‘zbek talabalari Rossiya oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi va bugunga kelib Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni 29 ming kishiga yetgan.

Shu bilan birga, vazir Lavrov Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan keyin kelishilgan iqtisodiy va investitsiya loyihalari hajmi 27 mlrd AQSh dollariga yaqinlashib qolganini eslatib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG