Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:21

Hibsga olingan jamg‘arma direktorining xotini erining tibbiy yordamga muhtojligini aytdi (VIDEO)


Jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov videosi Feysbuk tarmog‘i orqali tarqatildi
Jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov videosi Feysbuk tarmog‘i orqali tarqatildi

10 may kuni Toshkentda qo‘lga olingan "O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi" direktori Said-Abdulaziz Yusupov Yunusobod tuman sudining 12 may kungi qarori bilan tergov yakuniga qadar 10 kun hibsda ushlab turiladigan bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lumot bergan mahbusning yaqinlariga ko‘ra, Said-Abdulaziz og‘ir kasalligi borligi tufayli tibbiy yordamga muhtoj.

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, "Yusupov tomonidan juda katta miqdordagi ziyonni ko‘zda tutuvchi firibgarlik faktlari sodir etilgani aniqlangan".

"Said-Abdulaziz ​doimiy tibbiy yordamga muhtoj!"

Said-Abdulaziz Yusupovning xotini Dilfuza Yusupova Ozodlik bilan suhbatda 12 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi prokuratura so‘rovini qondirib, erini ehtiyot chorasi sifatida 10 kun qamoqda ushlab turish to‘g‘risida qaror chiqarganini ma’lum qildi.

"Xo‘jayinimning ahvollari og‘ir: oyoqlari tromb bo‘lgan - 7 yilcha avval operatsiya bo‘lgan. Yuraklarida tromb otvormasligi uchun stentlari bor, oyoqlarining pastki qismi qon yaxshi yurishmagani uchun qorayib ketgan, ochiq yara joylari bor. Lekin o‘sha kuni advokat ahvoli yaxshi emasligini aytgan. Lekin bizga ko‘rsatmasdan o‘zlarini shifokori ko‘rib, “Qamoqda saqlasa bo‘ladi!”, degan xulosa yozib bergan. Hozirda Gvardeyskiy ko‘chasidagi qamoqxonadalar. Uchrashishga ruxsat berishmayapti", dedi qamoqda mahbusning ahvoli yanada yomonlashish xavfi borligini bildirgan Dilfuza Yusupova.

Ayolning aytishicha, Said-Abdulaziz Yusupov 2017 yilning dekabridan buyon O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat jamg‘armasi direktorlik lavozimini egallab kelayotgani va shu paytgacha juda ko‘plab blogerlarni qo‘llab-quvvatlab kelganini ham qo‘shimcha qildi. Dilfuza eri bu lavozimni egallashdan oldin “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “Oq va qora” ko‘rsatuvini olib borgan.

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi matbuot xizmati Yusupovning hibsga olinishi yuzasidan, (sud qarori chiqishidan oldin) quyidagi bayonotni berdi:

“Yusupov tomonidan juda katta miqdordagi ziyonni ko‘zda tutuvchi firibgarlik faktlarining sodir etish aniqlanganligi nuqtai nazaridan hozirda unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi masalasi ko‘rilmoqda. Aniqlanishicha, mazkur firibgarlik holati Yusupov tomonidan sodir etilgan retsidiv jinoyat bo‘lib, avval xam JKning ushbu moddasi buyicha jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan. Yusupov o‘zini yolg‘ondan DXX mas’ul xodimi deb bildirib, uzoq vaqt davomida firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorda pul olganligi faktlari aniqlangan”, deyiladi rasmiy hujjatda.

Prezidentga videomurojaat

Dilfuza, ayni damda, Said-Abdulaziz Yusupov o‘ziga boshlangan bosim ostida 2017 yilda Turkiyaga chiqib ketgani, u yerda video yozdirib, O‘zbekistonga “katta umidlar” bilan qaytib kelgani, bu videoyozuvni esa ukasiga topshirganini bildirdi.

12 may kuni Facebookda Said-Abdulazizning ukasi ekani ayilayotgan Muhammad Yusupov sahifasida Said-Abdulaziz Yusupovning prezidentga murojaat qilgan videosi paydo bo‘ldi va qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

Videoda 1982 yilda tug‘ilgan Yusupov unga nisbatan ochilgan jinoiy ish uning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganligini iddao qiladi. Said-Abdulaziz Yusupov o‘zini prezident Shavkat Mirziyoev olib borayotgan siyosatning ashaddiy himoyachisi ekaniga ham alohida urg‘u berayotganini ko‘rish mumkin.

Said-Abdulaziz Yusupov haqida nimalar ma’lum?

Mahbusning yaqinlari Said-Abdulaziz Turkiyada Mirziyoev haqida "Yangi O‘zbekiston: rivojlanish strategiyasi va liberallashuv" nomli rus tilida kitob chop etishga tayyorlanayotgani paytida hibsga olinganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, “Daryo.uz” nashri o‘zining DXXdagi ishonchli manbasiga tayanib ushbu videomurojaat yuzasidan bayonotni taqdim etdi.

DXXga bir guruh fuqarolar (jabrlanuvchilar ismi oshkor etilmagan - Ozodlik) murojaat qilib, Said-Abdulaziz Yusupov ulardan firibgarlik yo‘li bilan, o‘zini maxsus xizmatlar xodimi sifatida tanishtirib, 65 ming, 28 ming va 15 ming AQSh dollarini olganini ma’lum qilgan”, deb yozdi nashr.

Aniqlanishicha, O‘zbekistonga qaytib kelgan Said-Abdulaziz Yusupov 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilib, sudlangan shartli jazo tayinlangan.

Ayni damda, ijtimoiy tarmoqlarda Said-Abdulaziz shaxsiga va u boshqarayotgan tuzilmaga oid turli ma’lumotlar tarqala boshladi.

Ayrim Feysbuk foydalanuvchilari Said-Abdulaziz Yusupovni Internetning o‘zbek segmentidagi “blogerlar va jurnalistlar armiyasi boshqaruvchisi” ekani va “Vatan sha’nini bulg‘aydigan xorijiy OAV bilan ishlashda” ayblayotgan bo‘lsa, boshqalari uni "maddohlikda", uchinchilari "Yusupov «ishi»ning Mirziyoev tarafdorlarining «ovozini o‘chirish» operatsiyasi deb baholanishi mumkinligini" to‘g‘risida bayonot tarqatayotganini ko‘rish mumkin.

Yusupov boshqarib kelgan jamoatchilik fondi “Yilning eng faol yosh jurnalisti” tanlovi tashabbuschilaridan biridir.

Yusupov boshqarib kelgan O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi 2005 yilda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 3680 –sonli Qarori bilan tuzilgan.

Bu jamg‘armaning asosiy maqsadi “mamlakatda mustaqil, zamonaviy demokratiya va bosma ommaviy axborot vositalari standartlari talablariga javob bera oladigan, ularning moddiy-texnik bazasi va kadr potensialini qo‘llab-quvvatlash” ekani ko‘rsatilgan. Biroq hozirda jamoatchilik fondi rasmiy saytiga kirmoqchi bo‘lganimizda, "Podpiska mmf.uz zablokirovana" degan yozuv chiqdi, ya’ni sayt ochilmadi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov 10 may kuni firibgarlikda ayblanib qo‘lga olingan edi.

XS
SM
MD
LG