Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:16

Andijonda 25 oila yashab kelgan masjid uchun qurilgan bino kimoshdi savdosiga qo‘yildi


Andijon shahri, Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilidagi imorat (suratda) 3 iyunda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.
Andijon shahri, Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilidagi imorat (suratda) 3 iyunda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.

Andijon shahrining Taxtako‘prik mahallasi, Do‘stlik ko‘chasida masjidga mo‘ljallab qurilgan bino kimoshdi savdosiga qo‘yildi.

MIB matbuot xizmatiga ko‘ra, savdoga qo‘yilgan bino sud qarori bilan masjid emas, balki savdo va maishiy bino sifatida e’tirof etilgan. Binoni sotishdan maqsad - uning egasi, Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazining “Aloqabank”dan qarzini uzishdir.

Ozodlik bu binoda kam ta’minlangan 25 oila antisanitariya holatida yashayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Андижонда масжид учун қурилган бино кимошди савдосига қўйилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:37 0:00
Бевосита линк

Sotuvga qo‘yilgan lot va uning narxi

Andijon shahri, Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilida joylashgan bino, Taxtako‘prik mahallasi ahli vakillarining aytishicha, 1991 yilda Saudiya Arabistoni moliyaviy ko‘magi va xalq hashari bilan masjid uchun qurilgan imoratdir.

Elektron auksionlarni tashkil etish markazi rasmiy saytida e’lon qilingan 0073202- lotga oid bildiruvda Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilida joylashgan imoratning kimoshdi savdosiga qo‘yilgani; savdo 3 iyunda o‘tkazilishi; imorat narxi 767 500 000 so‘m ekani; savdo davomida narx oshirib borilishi aytilgan. Savdoga qatnashish niyatini bildirgan potensial xaridorlarning arizalari 1 iyungacha qabul qilinadi.

Bino kimniki va u nega sotilayapti?

e-auksion.uz saytida e’lon qilingan bildiruvda MIB ijrochisi shu lot bo‘yicha Davlat ijrochisi ekanligi aytilgan.

Ozodlik shuning uchun MIBga murojaat qildi. Byuro matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga qaraganda, Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilidagi imorat Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi balansidagi mulkdir.

MIB xabariga ko‘ra, sud qaroriga binoan, qarzdor “Eldaz Design” MChJ va qo‘shimcha javobgar Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazidan “Aloqabank” foydasiga 876 mln. 845 ming 369 so‘m qarz undirilishi kerak.

“Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi 2019 yil, 25 fevralda chiqargan ijro varaqasiga asosan qarzdor “Eldaz Design”ga tegishli “Shisha koshin” ishlab chiqarish uskunalariga (boshlang‘ich bahosi 670.000.000 so‘m) hamda Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markaziga tegishli Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilidagi umumiy foydalanish maydoni 1.716,24 kv.m., qurilish maydoni 1.931,86 kv.m. bo‘lgan 18 ta xonadan iborat bo‘lgan savdo va maishiy binosiga (boshlang‘ich bahosi 767.500.000 so‘m) qaratish lozimligi belgilangan”, deyiladi MIB matbuot xizmati ma’lumotnomasida.

25 oila qaerga boradi?

Ozodlik 10 mayda e’lon qilgan materialida Andijon shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasidan olingan ma’lumotga tayanib, sobiq Taxtako‘prik masjidi binosiga (Do‘stlik ko‘chasi, 7-uy) kam ta’minlangan, turar-joyga muhtoj 25 oila joylashtirilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

- Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan bu 25 oila hokimlik tasarrufidagi binoga vaqtincha joylashtirilgan,- degan edi Kadastr korxonasi mulozimi.

Masjid uchun qurilgan binoda shu kunda kam ta’minlangan 25 oila yashamoqda
Masjid uchun qurilgan binoda shu kunda kam ta’minlangan 25 oila yashamoqda

Ozodlik 10 mayda e’lon qilgan maqola bu binoga joylashtirilgan 25 oila antisanitariya holatida yashayotgani to‘g‘risida edi.

Endilikda bino sotuvga qo‘yilmoqda va bu yerda yashayotgan oilalar uchun shu boshpanadan ham quruq qolish xavfi paydo bo‘ldi.

Ozodlik sobiq masjidda yashayotganlar bilan bog‘lana olmadi. Masjidga yaqin yashaydigan mahalla posbonlaridan birining aytishicha, odamlar joyidan qo‘zg‘algani sezilayotgani yo‘q:

“Masjidda yashaydigan bir tanish opaxon bor. Bugun ertalab o‘tib ketayotib ham ko‘rdim. Salomlashdik. Hammasi o‘z joyida yashayotgan bo‘lishi kerak. Bir yangilik bo‘lsa men eshitardim. Axir, har kuni o‘tamanku u yerdan?!”

Andijon shahar hokimligining telefonini ko‘targan mulozim Ozodlikning o‘rganilayotgan binoga oid savollarini diqqat bilan eshitdi. Barcha savollar bo‘yicha tegishli mutaxassislardan javoblarni yig‘ib, ularni Telegram orqali yuborishni va’da qildi. Biroq ushbu material yozilib bo‘lgunicha ham javob kelmadi.

MIB matbuot xizmati Andijon shahar, Do‘stlik ko‘chasi, 7- uy manzilidagi “savdo va maishiy binoda” yashayotgan 25 oila to‘g‘risida bunday dedi:

Ular shu kunda o‘z joyida yashab turibdi. Hozircha hech kim binodan chiqarilmagan. Bino sotilib, uning yangi egasi oilalarni ko‘chirishni so‘rab sudga murojaat qilsa - agar fuqarolar o‘z ixtiyori bilan chiqmasa - va sud bino egasining so‘rovini qondirsa, MIB sud qaroriga binoan ularni binodan chiqarishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG