Farg‘ona viloyati Rishton shahrining "Toshog‘aliq" mahallasida 32 yoshli ayol gaz balloni portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Shahar ichki ishlar organlari 17 may kungi gaz portlashi sabablarini o‘rganmoqda.
Fojia ro‘y bergan xonadon qo‘shnilarining Ozodlikka aytishicha, uy bekasi iftorlikka ovqat pishirayotganida gaz ballonining past yonayotganini ko‘rib uni almashtirmoqchi bo‘lganida portlab ketgan.
“Iftorlikka ovqat qilaman deb, gaz ballonini almashtirishmoqchi bo‘lgan, lekin ballon portlab ketgan. Ayol shu yerni o‘zida halok bo‘ldi. Undan 12 yoshli qizi va 9 yoshli o‘g‘li qoldi", - deydi portlash ro‘y bergan xonadon qo‘shnisi.
Portlash sodir bo‘lgan xonadonda er-xotin ikki farzandi bilan yashagan. Ayolning eri portlash paytida uyda bo‘lmagan.
Rishton shahar Yong‘in xavfsizligi bo‘limi mulozimiga ko‘ra, hodisa yuzasidan shahar ichki ishlar bo‘limi surishtiruv olib bormoqda.
Rishton shahrida yashovchi inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboevning Ozodlikka aytishicha, Farg‘ona viloyatidagi boshqa tuman va mahallalar qatori "Toshog‘aliq" mahallasi ham gazdan uzib qo‘yilgan.
"Gaz yo‘qligi sabab odamlar xavfli bo‘lsa ham gaz ballonlaridan foydalanishga majbur", - deydi Eliboev.
Keyingi yillarda mamlakatdagi aksar qishloqlarning tabiiy gazdan uzilgani ortidan aholi isitish va oshxona ehtiyojlari uchun ko‘mir va ko‘chma gaz ballonlardan foydalanishga majbur. Ballonlardan noto‘g‘ri fodalanish yoki ularning nosozligi sabab O‘zbekistonda yong‘in va portlashlar ko‘p qayd etilmoqda.
10 may kuni Samarqand tumanining Oxalik qishlog‘i "O‘rtashiq" mahallasidagi xonadonlardan birida gaz portlashi oqibatida xonadon egasining 3 yoshli qizi halok bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
Shu yil fevral oyida esa Samarqand tumanining Sho‘rboyi qishlog‘idagi xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida xonadon egasining 10 yoshli o‘g‘li halok bo‘lgan.