Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:16

“Yevronigoh-2019” tanlovida Niderlandiya g‘olib bo‘ldi


Isroilda o‘tkazilgan “Yevronigoh-2019” xalqaro tanlovida Niderlandiya vakili Dunkan Lourens “Arcade” qo‘shig‘i bilan g‘alaba qozondi.

“Yevronigoh-2019” Tel-Aviv shahrida bo‘lib o‘tdi. Tanlov o‘tkazilishi munosabati bilan shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Tanlovning 19 may kuni o‘z yakuniga yetgan finalini millionlab odam televidenie orqali ko‘rdi.

Tanlovda Italiya ikkinchi o‘rinni egalladi. Rossiyalik qo‘shiqchi Sergey Lazarev esa “Scream” ashulasi bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Ozarbayjon va Shimoliy Makedoniya mos ravishda yettinchi va sakkizinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Serbiya 17-, Albaniya 18-, Belarus 25-o‘rinni egalladi. Buyuk Britaniya vakili esa eng oxirgi o‘rinni egalladi.

Tanlovda g‘alaba qozongan mamlakat keyingi yili o‘tkaziladigan finalga mezbonlik qiladi. O‘tgan yilda isroillik Neta Barzilay Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida o‘tkazilgan “Yevronigoh-2018” tanlovi finalda “Toy” qo‘shig‘i bilan g‘olib chiqqan edi.

Tanlovda ishtirok etgan aksar davlatlar finalga chiqish uchun dastlabki tanlovdan o‘tadi. Besh asosiy davlat bo‘lmish Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Ispaniya hamda mezbon davlat esa avtomatik tarzda finalga chiqadi.

Tanlov g‘olibini belgilash uchun professional hakamlar hay’ati hamda ishtirok etuvchi 41 davlat tomoshabinlari ovoz berdi.

Tanlov qoidalariga binoan, hech bir davlat o‘z vakiliga ovoz bera olmaydi.

Tanlov boshlanishidan oldin Lourens g‘olib bo‘lishi taxmin qilingan edi.

Tanlovda Yevropa davlati bo‘lmasa-da, Avstraliya vakili ham qatnashdi va to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.

Shvetsiyalik Jon Lundvik esa oltinchi o‘rinni egalladi.

“Yevronigoh” tanlovi ilk marotaba 1956 yilda Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa davlatlarini birlashtirish maqsadida o‘tkazilgan.

Bu yilgi tanlov finalida amerikalik taniqli yulduz Madonna qo‘shiq kuyladi. Falastin manfaatlarini qo‘llovchilar Madonnani tanlovni boykot qilishga chorladi, ammo qo‘shiqchi birovlarning siyosiy kun tartibini qo‘llash uchun qo‘shiq kuylashdan voz kechmasligini aytdi.

Madonna chiqishi davomida uning ikki raqschisi Isroil va Falastin bayroqlari aks etgan kiyim bilan ko‘rinish berdi.

XS
SM
MD
LG