Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

"Kommersant’": Alisher Usmonov ikki jurnalistni ishdan bo‘shatdi


Alisher Usmonov (o‘ngda) Vladimir Putin bilan.
Alisher Usmonov (o‘ngda) Vladimir Putin bilan.

Rossiyadagi nufuzli “Kommersant’” nashrining ikki jurnalisti parlament spikeri Valentina Matvienko to‘g‘risida tanqidiy maqola e’lon qilgani ortidan ishdan bo‘shatildi.

O‘zining Feysbuk sahifasida jurnalist Ivan Safronov u va hamkasbi ishdan “Kommersant’”ning egasi Alisher Usmonovning talabi bilan bo‘shatilganini bildirdi.

Ular ortidan nufuzli gazetaning “Siyosat” bo‘limi to‘liq ishdan bo‘shaganini e’lon qildi.

Rossiyadagi “Kommersant’” gazetasining “Siyosat” bo‘limi muxbiri Maksim Ivanov va maxsus muxbir Ivan Safronovlar ishdan bo‘shatildi.

20 may kuni o‘zining Feysbuk sahifasida jurnalist Maksim Ivanov ularning ishdan haydalishiga Rossiya Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matvienkoning iste’foga ketish ehtimoli to‘g‘risida so‘z borgan “Spikerov delat iz etix lyudey” nomli maqolasi sabab bo‘lgani haqda yozdi.

Ivan Safronov o‘z sahifasida o‘z xohishiga binoan ishdan ketmayotganini tushuntirib, yozdi:

- Men Nashriyot Uyini Maksim Ivanov bilan birga o‘z istagimga ko‘ra tark etayotganim yo‘q, bu Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matvienkoning o‘z lavozimini tark etishi ehtimoli borasidagi bizning maqolamizga jiddiy e’tiroz bildirgan aksiyadorning xohishidir. U xo‘jayin, u o‘zi hal qiladi kim unga kerakligini, deb yozdi 10 yildan ortiq vaqt “Kommersant’”da ishlaganini bildirgan jurnalist.

Ma’lumki “Kommersant’” nashrining bosh aksiyadori asli o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonovdir.

“Kommersant’” gazetasi muharrirlaridan biri Renata Yambaeva tanqidiy maqola mualliflari shaxsan nashriyot konserni egasi Alisher Usmonovning talabi bilan ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Uning fikricha, xodimlarni ishdan chetlatish “tahririyat uchun halokatlidir, u asossiz va ochiqdan-ochiq bosim ko‘rinishi hamdir”.

Biznesmen Alisher Usmonovning vakillari jurnalistlarning ishdan olinishiga doir biror izoh berganicha yo‘q.

Sarmoyadorning bu harakatlaridan norozilik bildirgan “Kommersant’” gazetasining butun boshli “Siyosat” bo‘limi xodimlari xabar ortidan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdi.

Nashrning bosh muharriri muovini va “Siyosat” bo‘limi mudiri Gleb Cherkasov u bilan birga yana 9 jurnalist o‘z xohishiga binoan ariza yozganini ma’lum qildi.

- Aksioner kadr masasida qarorlarni qabul qilishga huquqiga ega, xodimlar esa bu vaziyatdagi yagona usul – ish joylarini o‘zgartirish bilan qarorga noroziliklarini bildirish huquqiga egadirlar, deya fikr bildirdi Gleb Cherkasov.

Ayni damda “Kommersant’” bosh muharriri va bosh direktori Vladimir Jelonkin “jurnalistlar maqola tayyorlashda “Kommersant’”ning tahrir standartlarini buzgani uchun” ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

Valentina Matvienkoning iste’foga ketishi mumkinligi to‘g‘risidagi material joriy yilning 17 aprelida chop etildi va eng muhokama etilgan mavzulardan biriga aylandi.

Maqola mualliflari Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matvienko spikerlikdan ketib, Rossiya Pensiya jamg‘armasi raisi lavozimini egallashi, uning o‘rniga esa Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin kelishi borasida o‘z manbalariga tayanib xabar qilgandi.

Shu kuniyoq “Dojd” telekanali Matvienkoning iste’foga chiqarilishi Federatsiya Kengashi a’zosi Rauf Arashukovning hibsga olinishi va uning ortidan boshlangan mojaro bilan bevosita bog‘liq ekani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Bundan oldinroq – shu yilning martida, -“Kommersant’”ning Peterburgdagi bo‘limidan yana bir jurnalist ishdan bo‘shatilgandi. Muxbir Mariya Karpenko Sankt-Peterburg gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Beglovni qattiq tanqid qilgani uchun o‘z lavozimidan bo‘shatilganini aytgandi.

2011 yilda Sankt-Peterburgda “Za sosuli pered Otechestvom” deb nomlangan, Valentina Matvienkoni tanqid ostiga olgan "Kommersant’-Vlast" jurnalining butun tiraji sotuvdan olingan edi.

Alisher Usmonov va uning biznes-imperiyasi

Asli o‘zbekistonlik, hozirda Rossiyada yashayotgan oligarx Alisher Usmonov Buyuk Britaniyaning eng badavlat 10 kishisi ro‘yxatiga kirdi.

O‘tgan oy Bloomberg Usmonovni dunyo boylari ro‘yxatida 70-o‘ringa qo‘ygandi. Hozirda Usmonovning boyligi 12 milliard 600 million AQSh dollarini tashkil qilishi aytilgan..

Ma’lumotlarga qaraganda, “Kommersant’” nashriyot uyining to‘liq egasi sanalgan 65 yashar rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov “Metalloinvest” kompaniyasini boshqarib kelayotgan USM Holding investitsiya guruhining 48 foiziga egalik qiladi.

O‘z o‘rnida, “Metalloinvest” Rossiyaning eng yirik aloqa operatori - “Megafon"ni boshqaruvchi “AF Telekom Xolding” shirkati egasi hamdir. Usmonov rossiyalik hamkori Yuriy Milner bilan birga Facebook.Inc shirkatining 10 foiz hissalarini sotib olgan. Alisher Usmonov asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchi korxonasi hisoblanadi. Unga Digital Sky Technologies (DST) shirkatining 80 foizi, Rossiyaning Mail.ru Internet shirkatida 26,9 foizlik aksiyalari, "VKontakte" va "Odnoklassniki", Muz-TV kanali 75 foiz ulushi va boshqa shirkatlar aksiyalari tegishli ekanligi aytiladi.

Alisher Usmonov "Gazprom" shirkati sho‘’ba korxonasi "Gazprominvestxolding" kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi hamdir.

O‘z mablag‘ini asta-sekinlik bilan onlayn-biznesga yo‘naltira boshlagan Alisher Usmonov oxirgi bir yilda Xitoyning jd.com va Alibaba riteylerlari, Airbnb ijara xizmati va Spotify musiqa servisida katta ulushlarni sotib olgani to‘g‘risida ham ma’lumotlar paydo bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG