Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:24

Uyi buzilishiga norozilik sifatida o‘zini yoqqan yigit vafot etdi, uni qutqarmoqchi bo‘lgan onasi shifoxonada


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

18 may kuni Samarqand viloyat, Tayloq tumanidagi Sochak mahallasida yashovchi uch bolaning otasi, 33 yashar yigit kadastr xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘ydi. Yigit olgan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etdi.

Yigitning onasi uni qutqarish uchun olov ichida qolgan o‘g‘lining ustiga o‘zini tashlab, og‘ir kuyish jarohati olgan. Hozirda 60dan oshgan ona kasalxonada qolmoqda.

Voqea guvohlariga ko‘ra, yigit noqonuniy ravishda qurilgan deya topilgan uyini buzish uchun kelganlarga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Bosh prokuraturaning Ozodlikka bildirishicha, voqea bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Voqea o‘tgan shanba kuni - 18 mayda soat 14:00larda, Tayloq tumanining “Sochak” mahallasida ismini oshkor qilmayotganimiz yigitning uyida sodir bo‘lgan.

Bu haqda voqea tafsilotlaridan xabardor tayloqlik Ozodlikka ma’lum qildi:

“Shanba kuni kadastr xodimlari yigitni uyini buzish uchun kelishgan. U noqonuniy qurilgan uyini qonuniylashtirish uchun hujjat topshirgan ekan. Lekin unga hujjat qilib berishmagan. Yigit norozilik bildirib, ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘ygan. Onasi bolasini qutqarish uchun yonayotgan o‘g‘lining ustiga o‘zini tashlagan. Ikkalasini ham kasalxonaga olib ketishdi. Yigit 80 %, onasi 40 % kuygan. Yigit olgan jarohatlari og‘ir ekan, o‘sha kuni tunda kasalxonada o‘ldi. Yakshanba kuni uni dafn qildik. Onasi hali ham reanimatsiya bo‘limida yotibdi”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu voqea Tayloq tuman arxitektura va qurilish bo‘limi hamda “Yermulkkadastr” tashkilotining jami uch mutaxassisi yigitning uyi borasida qilgan murojaatini o‘rganish uchun uning uyiga kelgan paytda sodir bo‘lgan.

Yigit “uyidan 1,5 litrli yelim idishda benzin yonilg‘isini olib chiqib, mutaxassislar oldiga chiqib, oila a’zolarining ko‘z o‘ngida benzin yonilg‘isini ustidan quyib cho‘ntagidan o‘t yoqqich (zajigalka) olib o‘zini o‘zi yoqib, o‘z joniga suiqasd qilgan”, deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Samarqand viloyat Shoshilinch tibbiy yordam markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yigitning kuyish darajasi og‘ir bo‘lgani sabab uni qutqarib qolish imkoni bo‘lmagan.

“Unga shoshilinch yordam ko‘rsatildi. Biroq kuyish darajasi o‘ta og‘ir darajada bo‘lgani bois uni qutqarib qololmadik. 19 mayga o‘tar kechasi vafot etdi. Onasining ahvoli yomon emas. Yashab ketishiga umid qilinayapti. Yaqinlari, mahalla faollari kelib, onaxonning ahvolidan xabar olishayapti”, dedi hamshiralardan biri.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu voqea bo‘yicha Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari Tayloq tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

33 yashar yigit tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan. Uning uch farzandi yetim qoldi.

Ma’lumki, O‘tgan yilning iyun oyida noqonuniy qurilgan uylarni ro‘yxatga olish ishlari boshlandi.

Bu tadbir prezident Mirziyoevning "Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida" farmoniga asosan yo‘lga qo‘yildi.

Bir martalik ushbu aksiya joriy yil 1 mayiga qadar davom etdi.

Mazkur aksiya davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar-joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish imkoni berildi.

O‘ziga o‘t qo‘ygan tayloqlik yigit o‘z uyini qonuniylashtirish uchun tegishli idoralarga qachon murojaat qilgani Ozodlikka ma’lum emas.​

Bosh prokuratura ma’lumotida mutasaddi tashkilotlar tayloqlik yigitning joriy yil 14 may kuni qilgan murojaatini o‘rganish uchun uning uyiga kelgani qayd qilingan.​ Biroq bu murojaat nima haqda ekani ochiqlanmagan.

O‘zbekistonda norozilik bois o‘zini o‘ldirish yoki o‘z joniga qasd qilishga urinish holatlari avval ham kuzatilgan.

Jumladan, 19 aprel kuni To‘rtko‘l tuman hokimligi binosida uch bolaning otasi, 45 yashar Umar Fayzullaev yer berilmagani uchun o‘z joniga qasd qilib, tirik qoldi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, Fayzullaev qo‘lining tomirini to‘rt marta kesgach, o‘sha yerdagi odamlar uni to‘xtatib qolgan.

MIB gazini uzgan qibraylik 29 yashar Nozima Ergasheva o‘tgan yilning 14 dekabr kuni ertalab hokimi qabulida norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda suiqasd holatlari "soat sayin" ortayotganini aytgandi.

Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

XS
SM
MD
LG