Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:25

Shahrixon hokimi tortib olgan fermer yerlarini prokuratura ham¸ Vazirlar Mahkamasi ham qaytarib berolmadi


Andijon viloyati, Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov besh nafar fermerning yeri noqonuniy olib qo‘yilganiga norozilik bildirgan viloyat prokuraturasi protestini ham, qonun buzilganligini tasdiqlagan Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi xulosasini ham bajarmayotir.

Yanvar oyida fermerlarning yeri noqonuniy olib qo‘yilgani uchun ular viloyat prokuroriga shikoyat qilgandan so‘ng, hokim o‘z qarorini o‘zi bekor qilgan, lekin fermerlar chigitni ekib, o‘stirib olganidan so‘ng yana yerni hokimlik zaxirasiga qaytarish haqida qaror chiqargan.

Bu qaror asosida yeri tortib olingan beshta fermer va ularning yuzlab ishchisi aprel-may oylarida ekin maydonlaridan quvib chiqarilgan.

Ozodlik bog‘langan tuman hokimi Hikmatillo Dadaxonov fermerlar shikoyatiga oid savollarga javob bermasligini aytdi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarorini ijro eta turib, Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov 26 yanvar kuni “Ziyoviddin porloq kelajagi”, “Nazirjon omad rivoji”, Ahmadbek saxovat bo‘ston”, “Ziyodbek omad” va “Rayimbuva” fermer xo‘jaliklari yer maydonlari ogohlantirishsiz va sud qarorisiz hokimlik zaxirasiga olib qo‘ydi.

Tuman hokimining o‘z qarorini bekor qilgani
Tuman hokimining o‘z qarorini bekor qilgani

“Nazirjon omad rivoji” fermer xo‘jaligi rahbari 40 yashar Nazirjon Qodirovning Ozodlikka aytishicha, fermerlar viloyat prokuraturasiga shikoyat qilganidan so‘ng, hokim qarorini bekor qilgan:

- Hokim 26 yanvarda qarorni chiqarishga chiqarib qo‘ydiyu, qarasa arizamiz yo‘q, sudning qarori yo‘q. Keyin bizni Iqtisodiy sudga berdi. Iqtisodiy sud ko‘rmay, qaytarib yubordi. Keyin ma’muriy sudga berdi. U ham qabul qilmadi. Keyin biz tuman prokuraturasiga murojaat qilsak, “biz hokim bilan kelishib chiqarganmiz, bu qarorni” deb, bizning arizamizni qabul qilmadi. Biz yerni ixtiyoriy topshirish haqida ariza yozmaganmiz, sud ko‘rmagan, bu noqonuniy desak ham foydasi bo‘lmadi. Keyin viloyat prokuraturasiga bordik. Prokuratura 4 mart kuni “Ziyoviddin porloq kelajagi”, “Nazirjon omad rivoji”, “Ziyodbek omad” xo‘jaliklariga protest chiqardi. Hokim protestni bajarib, 15 mart kuni yana qaytadan yerni bizga berdi.

Viloyat prokuraturasining Andijon tumani hokimi qaroriga protesti
Viloyat prokuraturasining Andijon tumani hokimi qaroriga protesti

Fermerning aytishicha, ular chigitni ekib bo‘lganidan so‘ng, hokim yangi qaror bilan yana ularni yerdan mahrum qilgan:

- 8 aprel kuni chigit ekishni tugatganimizning ertasi kuni hokim yana qaror chiqarib, yerni olib qo‘ydi. Tuman prokuraturasiga borsak, yana o‘sha gapni aytdi. Keyin besh fermer Vazirlar Mahkamasiga bordik. U yerda Botir Tog‘aev ismli mulozim qarorlarni ko‘rib chiqib, tekshirgani ishchi guruh jo‘natdi.

Ishchi guruh xulosasi
Ishchi guruh xulosasi

Ishchi guruh a’zolari
Ishchi guruh a’zolari

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mulozimi A.Ravshanov imzosi bilan Andijon viloyati hokimligi va prokuraturasiga 7 may kuni yuborilgan xatda besh nafar fermer xo‘jaligi yer maydonining fermer xo‘jaliklari arizasi olinmasdan yoki sud qarori chiqmay turib noqonuniy olingani aytilgan.

“Shahrixon tumanidagi mazkur (5 nafar) fermer xo‘jaliklarining Vazirlar Mahkamasiga takroriy murojaat qilganliklari va ushbu fermer xo‘jaliklari yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga olish to‘g‘risida Shahrixon tumani hokimligi tomonidan “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda VMning 2012 yil 31 yanvardagi 22-son qarori talablariga zid ravishda qabul qilgan qarorlari yuzasidan Rahbariyatga axborot berildi”.

Xatda tuman hokimligiga o‘z qarorlarini Qonun talablariga muvofiqlashtirish va o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga yozma axborot berish topshirilgan.

Fermerlar kengashi ham o‘zi chiqargan qarorni bekor qilib yangi qaror chiqargan
Fermerlar kengashi ham o‘zi chiqargan qarorni bekor qilib yangi qaror chiqargan

“Ziyoviddin porloq kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari, 56 yashar Mahbubaxon Qodirova, hokimni prokuror protestini ham, Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi xulosasini ham sariq chaqaga ham olmaganlikda ayblaydi:

- Bu hokim hech kimga bo‘ysunmaydi ekan. Na prokuraturaning protestini, na Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi xulosasini pisand qiladi. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun ichida qonuniy hal qil¸ deb aytsa ham, bular o‘rgangani ham yo‘q, tekshirgani ham yo‘q. Viloyat hokimi, viloyat prokuraturasi ham qonun ijrosini ta’minlay olmay, bitta tuman hokimidan qo‘rqib tursa, uning qandaydir ishongan odami bor ekan, degan xulosa chiqadi.

Fermer Nazirjon Qodirov hokimning “men faqat prezidentga bo‘ysunaman” degan iddao bilan qonunlarni poymol qilayotganini aytadi:

- Prezidentimiz hokimlarga katta yo‘l ochib yubordiku, lekin ular buni boshqacha talqin qilayapti. Bu yerda men hokimman, besh yilgacha qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, mening aytganim bo‘ladi, besh yilgacha meni hech kim bo‘shatolmaydi, deyapti.

Yer maydonlari 15 mart kuni qaytarilgan fermerlarga ko‘ra, ular muammo yechimini topganiga ishonib¸ chigit ekishni yakunlab, bug‘doyni parvarishlaganidan so‘ng¸ hokim yana ular yeriga chang solgan:

- Hokim birinchi marta yerni olib qo‘yish haqida qaror chiqarganda, bankdagi hisob-kitoblarimiz yopib qo‘yilgan edi. Lekin, davlatdan bir so‘m ham olmay o‘z yonimizdan 50-60 million sarflab maydonlarimizga chigit ekdik. Ishchi yollab, paxtani yagana qidirdik, chopiq qilayapmiz. Endi esa, daladan quvib chiqarayapti. Hokim xohlasang, sudga ber, deyapti.

Shahrixon tuman prokuraturasining Ozodlik bilan suhbatda o‘zini tanishtirmagan mulozimi fermerlar yerining qonuniy olib qo‘yilganini bildirdi.

“Fermerlar yerlarining zaxiraga olinishiga fermerlar kengashining xulosasi asos bo‘lgan. Biz ularga sudga murojaat qilish huquqlari borligini tushuntirganmiz”.

"Qonuniy bo‘lgan bo‘lsa¸ nega viloyat prokuraturasi hokim qaroriga protest keltirdi", degan savolga mulozim aniq javob bermadi.

“Ariza yozishgan, keyinchalik uni qonunga muvofiqlashtirib, tegishli komissiyaning xulosasiga asosan, deb yozishgan.Sudga murojaat qilishni maslahat berganmiz, to‘g‘risi shu”.

Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov¸ o‘zining faqat mahalliy jurnalistlar bilan gaplashishini aytib¸ Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi:

- Mening tashqaridagilar bilan gaplashish vakolatim yo‘q, men o‘zimizning davlat ichidagilar bilan gaplashaman, degan hokim aloqani uzib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG