O‘zbekiston prezidentining sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash haqidagi qat’iy ko‘rsatmasiga qaramay, Toshkent viloyati Chinoz tumani Tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralari muttasil tarzda ko‘cha tozalashga majburlanmoqda.
Tibbiyot birlashmasining 2-shifoxonasi hamshiralari Ozodlikka jo‘natgan videoda o‘nlab oq xalat kiygan ayol qo‘lida ketmon va supurgi bilan ajriq tozalayotganini ko‘rish mumkin.
18 may kuni olingan videoda oq xalatdagi yana uch ayol skameykada o‘tirib, xordiq chiqarmoqda.
Shifoxonaning Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan hamshiralari skameykada o‘tirgan bosh hamshira Zulfiya Tojieva, katta hamshira Dilorom Xolqo‘zievalar o‘zlarini har kuni ko‘cha tozalashga majburlashini aytdi.
- Hamma hamshira va sanitarkalarni bo‘limdagi ishlarini tashlatib, majburlab atroflarni tozalash ishlarini qildirayapti. Kechki smenadan chiqib¸ ketmon chopamiz. Hokim tozalat¸ deb ketgan ekan, shunga atroflarni tozalattiryapti. O‘zlari hech narsa qilmay, skameykada o‘tirishadi. Biz ko‘cha tozalash uchun oylik olmaymizku, - deydi Chinoz tumani Tibbiyot birlashmasining ismi ochiqlanmasligini istagan hamshirasi.
Ozodlik video yuzasidan izoh olish uchun Chinoz tumani Tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Zulfiya Tojievaga bog‘langanida¸ Tojieva savolni eshitishi bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
"Hokim aytdi"
Katta hamshira Dilorom Xolqo‘zieva shifoxona xodimlarining obodonlashtirish ishiga tuman hokimining topshirig‘i bilan olib chiqilgani va o‘zi ham shifoxona hududini ajriqdan tozalashda qatnashganliklarini aytdi.
Xolqo‘zieva¸ sanitar va texnik xodimlar bu tozalashga o‘z xohishiga ko‘ra chiqqanini iddao qildi.
- Hokim buva kelib hamma yoqni tozalatinglar¸ deb ketganidan keyin biz olib chiqqan edik. O‘zimizcha olib chiqqanimiz yo‘q, yuqori xo‘jayin boshliqlarimiz aytdi, "o‘t bosib ketibdi", deyishdi, olib chiqdik. Biz katta hamshiralar ham ishladik. Ro‘zador edik, charchab ikki minutcha skameykada o‘tirgan edik¸ kimdir videoga olibdi, - deydi Xolqo‘zieva.
Tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini istagan boshqa xodimlari Ozodlikka vrach va xamshiralar har kuni obodonlashtirish ishlariga majburlab olib chiqilishi, oqibatda bemorlar qarovsiz qolib ketayotganini aytdi.
- Hech kim bemorlar haqida o‘ylamaydi. Vaqtida ukolini qilish kerak, og‘ir yotgan bemorlar bor. Hokim kelib¸ uni emas¸ buni qilinglar¸ desa hamma shu tomonga yuguradi, - deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan yana biri.
Ozodlik Tibbiyot birlashmasi xodimlarining ushbu shikoyati yuzasidan birlashma bosh vrachidan ham¸ shifoxona hududini tozalashni buyurgani aytilayotgan Chinoz tumani hokimidan ham izoh ololmadi.
Chinoz tumani hokimi yordamchisi Ozodlik savolini eshitgach¸ telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Prezident va davlat siyosatiga xiyonat?
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ko‘cha ishlariga o‘qituvchi va shifokorlar olib chiqilishini tanqid qilgan va buni taqiqlagan.
"So‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham, u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda,", - deb aytgan edi Mirziyoev.
Prezidentning bu chiqishidan bir oy oldin, 2018 yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeeva katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani oqibatida halok bo‘lgan edi.
Prezident bundan xabardor ekani va o‘zini aybdor his qilishini aytgandi.