Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:19

Farg‘onada MIB va Soliq boshliqlariga “ichagini boshiga salla qilish” bilan tahdid qilindi


Ozodlikka kelgan audiodagi ovoz Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘anievniki ekanligi aytildi.
Ozodlikka kelgan audiodagi ovoz Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘anievniki ekanligi aytildi.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ovozi deb iddao qilinayotgan audioyozuvda ovoz egasi viloyat Majburiy ijro byurosi va Soliq idorasi boshliqlariga ularning “ichagini sug‘urib, boshiga salla qilish”, bilan tahdid qiladi.

Audio may oyida yozilganini ovoz egasi gaplari mazmunidan anglash mumkin.​

Ovozli yozuvni Ozodlikka jo‘natgan farg‘onalik tadbirkorning aytishicha¸ bu audioni uning o‘zi 22 may kuni viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan majlisda yozib olgan. Audioni yozib olgan farg‘onalikning iddao qilishicha, MIB va Soliq boshqarmalari boshliqlarini haqorat qilayotgan amaldor – Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievdir.

​Ozodlikka Shuhrat G‘anievning ovozi deb iddao qilinayotgan audio yuzasidan Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati izoh bermadi.

Ozodlik tahririyatiga 24 may kuni kelib tushgan va Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ovozi deb iddao qilinayotgan audioda ovoz egasi viloyat Majburiy ijro byurosi va Soliq boshqarmasi boshliqlarini “sotqin”, “dorning ostidan qochgan marazlar”, deb ataydi, ularga “ichagingni sug‘urib olaman”, "qamataman" deb do‘q-pupisa qiladi.

Фарғона ҳокими Шуҳрат Ғаниевнинг овози экани ишонилаётган аудио
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:17 0:00
Бевосита линк

“Umring 5 yil, 10 yil qamoqda o‘tadi. Sen MIBni boshlig‘i bo‘lasanmi, boshqa bo‘lasanmi, undan nari bo‘lasanmi, sen nomardlarni qamattiraman. Men o‘zimni zo‘rg‘a bosib turibman, ichagingni olib, boshingdan salla qilib qo‘yish qo‘limdan keladi”, - deydi ovoz egasi Ozodlikka sizdirilgan audioda.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi, deya iddao qilinayotgan shaxs viloyat MIB va Soliq boshqarmasi boshliqlarini Toshkentdan ekanini pesh qilib, Farg‘onani botqoqqa botirayotganlikda ayblaydi:

“Sen nomardlar, soliqni boshlig‘i - Toshkent shahar fuqarosi, MIBni boshlig‘i - Toshkent shahar fuqarosi. Farg‘onaga lavozimga tayinlanib, farg‘onaliklarni botqoqqa botiryapti, deb men senlarni muhokama qilaman. Imkoniyat topilsa men senlarni ichak-chavog‘ingni sug‘urib olaman. Lekin aytib qo‘yishim kerak, qamataman ikkalovinglarni. Soliqni boshlig‘i ham, MIBni boshlig‘i ham ikkaloving javobgar bo‘lasan. Mana shu may oyida bajaraylik, bajarilmasa ikkaloving javobgar bo‘lasan, jinoiy javobgarlikka torttiraman. Menga unaqa sotqinlar kerak emas. Bular sotqin bular. Bular kulyapti bizni farg‘onaliklar ustidan. Kulyapti bular. Nomard bo‘lmasa 3 milliard 700dan 229 million pul undiradimi. Butun dorni tagidan qochgan marazlar yig‘ilgan”, - deydi Farg‘ona viloyati hokimi ekani ishonilayotgan ovoz egasi.

Farg‘ona viloyati hokimi MIB va soliq boshqarmalari boshliqlarini nega tanqid qilgani ma’lum emas.

Ammo, ikki yarim minutlik audiodan har ikki idora rejani bajarmagani hokimning g‘azabini keltirgan bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Ozodlik Shuhrat G‘anievning ovozi deb ishonilayotgan audio yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot kotibi Gulbahor G‘anievadan izoh so‘radi.

G‘anieva audioni jo‘natishni, eshitib ko‘rib izoh berishini aytdi. Ozodlik audioni unga Telegram orqali jo‘natdi.

Lekin, 27 may kunning ohiriga qadar Gulbahor G‘anievadan javob bo‘lmadi. MIB va Soliq idorasining haqorat eshitgan boshliqlaridan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG