Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:23

Andijonlik o‘qituvchilar “Vaqf” fondiga 50 ming so‘mdan fitr sadaqasi o‘tkazishga majburlanmoqda


Toshkentdagi Minor masjidi.
Toshkentdagi Minor masjidi.

Andijon viloyatidagi maktablarning o‘qituvchilar “Vaqf” xayriya jamoat fondining hisob raqamiga pul o‘tkazishga majburlanyapti.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan o‘qituvchilarning aytishlaricha, ular maoshidan 50 ming so‘m pul fitr sadaqasi uchun ushlanib qolishiga rozi ekanligi haqida tayyorlangan ro‘yxatga imzo qo‘ydirilmoqda.

Maktab direktori o‘rinbosari o‘qituvchilarning maoshidan fitr sadaqasi uchun pul yig‘ilayotganini tasdiqladi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi mulozimi jamg‘armaga pul o‘tkazish ixtiyoriy ekanligini aytar ekan, Andijondagi bu tadbir mahalliy mulozimlarning o‘z tashabbusi bo‘lib, fond boshqarmasi bu haqda ko‘rsatma bermaganligini bildirdi.

Andijon tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan o‘qituvchilardan birining yozishicha, ularning ish faoliyatida birinchi marta o‘qituvchilardan fitr sadaqasi uchun pul yig‘ilmoqda:

“Andijon tumani maktablari o‘qituvchilaridan majburiy ariza asosida Ro‘za fitrga 50000dan oyliklaridan ushlab qolinishiga nima deysiz? Diniy idora xodimlari iltimos qilgan ekan”.

Fitr sadaqasi uchun pul yig‘ilayotganini tumandagi boshqa maktablar o‘qituvchilari ham Ozodlikka tasdiqladi.

Andijon tumanidagi 5-umumta’lim maktabining ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan birining aytishicha, maktab direktori majlis qilib, maoshlaridan 50 ming so‘mdan ushlab qolinishini aytgan:

“Bizga qanaqadir bank hisob-kitoblari yozilgan tayyor blankani har bir o‘qituvchiga taqdim etib, o‘sha yerga ism-familiyamizni va "ellik ming so‘m", deb yozib, imzo qo‘ydik. Bu pul ro‘za fitri uchun ekan. Biz o‘zimiz, ko‘nglimizdan chiqarganimizni muhtoj odamlarga beramiz desak ham, yo‘q, mana shu seni sadaqangga o‘tadi, imzo qo‘y, deb talab qilishdi. Barcha o‘qituvchilar qo‘l qo‘yib berdi”.

Tumandagi 54- umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi, fitr sadaqasi hamma pedagoglardan maktab orqali olinayotganiga taajjub bildirdi:

“O‘zbekistonda fitr sadaqasi jon boshiga 6 ming so‘m qilib belgilangan. Masalan, oilada bitta bolasi bo‘lsa, uch kishiga 18 ming so‘m bo‘ladi. Nega endi hammadan 50 ming so‘mdan? Maktab masjid emaski, xayriyaga pul yig‘sa. Mayli edi, bu pullarimiz qaerga ketishini bilsak edi. Ko‘zi ojiz bor, boquvchisiz qariyalar bor, qiynalgan oilalar bor. Lekin, bu sadaqamiz “Malibu” minib yurgan fondlarga ketsa, rozi emasmiz”.

Andijon tumanidagi maktablardan birining ismi sir qolishini so‘ragan direktor o‘rinbosari bu topshiriq viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan kelganini tasdiqladi:

"Viloyatdan bizning mudirimizga aytishlgan. Mudir direktorlarga topshiriq bergan. Direktor majlis qilib o‘qituvchilarga yetkazdi va o‘rinbosarlaridan birini bunga mas’ul qilib qyo‘di. Ro‘yxatga barcha o‘qituvchilarni imzo qo‘ydirib, bo‘lim buxgalteryaisiga olib borib topshiryapmiz. Hamma maktablarda shu ahvol".

Andijon viloyatidagi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan imomlardan biri yordamchisining aytishicha, fitr sadaqasini yig‘ish kampaniyasi butun viloyat bo‘ylab o‘tkazilmoqda:

“Bu faqat Andijon tumanida emas, balki butun viloyat bo‘ylab bo‘lyapti. Kuni-kecha viloyat hokimi majlis qilib hamma tashkilotlarga topshiriq bergan. Maktablarniki 50 ming so‘mdan boshlangan. Boshqa tashkilotlarniki undan ham ko‘p. Bu pullarni “Vaqf” fondiga tushirasan, deb talab qilyapti. Hozir hamma imomlar ham ko‘chama-ko‘cha etagini ochib olib, pul so‘rab yuribdi. Odamlarda norozilik kayfiyati juda katta, bu pullarni yetimlarga bermay yana o‘zlari yeb yuboradimi deb. Chunki, kecha andijonlik kambag‘al ayolga uy berib, prezident ketganidan keyin uni haydab chiqarganini ko‘rib, odamlar ishonmay qo‘ydi”.

Imom yordamchisining aytishicha, prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganovning Marhamat tumanidagi yig‘ilishda zakot berganini aytganidan so‘ng, bu tadbir avj olgan:

“Shu kishi kelib, men kambag‘allarga 22 million so‘m zakotimni berdim, sizlar ham beringlar, dedi. Bu pullar, obodonlashtirish ishlari bois uysiz qolgan odamlarga, qiynalgan odamlarga beriladi ekan. Biz mahallama-mahalla aylanib, shuni aholiga tushuntirmoqchi bo‘lyapmiz. Ko‘p odamlar bermaydi, men o‘zim muhtoj oilaga beraman, deb. Odamlar "o‘lsin endi, davlatning kuni odamlarning zakot va fitr sadaqasiga qolgan bo‘lsa", deyishyapti”.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Andijon viloyat bo‘limi imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov bilan bu mavzuda gaplashish imkoni bo‘lmadi. Telefon go‘shagini ko‘targan imom yordamchilaridan biri, barcha savollarga “shu yerga kelib javob olishingiz mumkin”, dedi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi Toshkentdagi markaziy idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Andijonda o‘qituvchi va boshqa tashkilotlardan jamoat hisobiga pul o‘tkazilayotganini kecha eshitganini, lekin bu masalani hali o‘rganmaganini aytdi:

“Birinchidan, boshqarmadan unaqa pul yig‘ishlik haqida hech qanday topshiriq bo‘lmagan. Ikkinchidan, zakot va fitr sadaqasi mutlaqo ixtiyoriy ish. Bizning bilganimiz shuki, hokimiyatda yig‘ilish bo‘lgan, uniersitetning bir professori men o‘zim tashabbus qilaman, deb aytgan ekan. Biz ham ishxonaga kelib eshitdik, shunaqa ish viloyatda uch-to‘rt kun oldin boshlangan ekan. Lekin boshqarmadan, majburlab pul o‘tkazilsin, degan topshiriq bo‘lmagan”

Joriy yilning aprel oyida “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi o‘ziga xizmat mashinasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar orasidagi eng qimmat model - Malibu-2 sotib olingani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilingan edi.

"Vaqf" fondi rasmiysi Malibu-2 sotib olinganini xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish zarurati bilan izohlagan edi.

XS
SM
MD
LG