Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:33

Rossiya har oyda 100 ming ishchi kuchi yo‘qotmoqda


Rosstat
Rosstat

Rossiya Davlat statistika xizmati (Rosstat) mamlakatda iqtisodiy faol aholi qatlami keskin yupqarib borayotganini qayd etdi. Ayni paytda mutaxassislar Rossiya mehnat muhojirlari uchun ham o‘z jozibasini yo‘qotib borayotganini gapirmoqda.

Har oyda Rossiya iqtisodiyotiga jalb etilgan ishga layoqatli, ya’ni yoshi 15 dan pensiya yoshigacha bo‘lganlar soni 80 -100 ming kishiga kamaymoqda.

Rosstat taqdim etayotgan bu raqamlarga ko‘ra, ishchi kuchining bu tarzda keskin kamayishi hali XXI asrda kuzatilmagan.

Keltirilgan hisob-kitoblardan so‘nggi 12 oy davomida mamlakat iqtisodiy faol qatlamiga kiruvchilar soni 1.064 million nafarga yoki 1,4 % ga kamaygani anglashiladi.

Rossiya iqtisodiyotida bevosita mehnat qilayotganlar soni esa, o‘tgan yilga nisbatan 908 ming kishiga (-1,2 foizga) kamaygani, ya’ni 2013 yilgi ko‘rsatkichdan ham pasayib ketgani qayd etildi.

Rosstat raqamlariga ko‘ra, 2019 yilning aprelida mamlakat bo‘ylab ishchi kuchi 74,941 mln nafarni tashkil etdi.

Davlat statistika xizmati Rossiya iqtisodiyoti uchun xatarli sanalgan bu holat sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Mutaxassislar Rossiya mehnat zaxiralarining keskin qisqarishiga eng avvalo demografiya muammosi, ya’ni mamlakatda tug‘ilayotganlardan o‘layotganlar ko‘pligini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Yillik bu ko‘rsatkichlarning keskin tushishiga xalqaro sanksiyalar va bosim ostida qolgan mamlakat iqtisodiyotida davom etayotgan iqtisodiy va siyosiy inqiroz ham sababchi bo‘lgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, Rossiyada mehnat resurslari kamayib borayotgan bir vaqtda korxonalarning yangi ishchi kuchiga bo‘lgan talabi ham sezilarli darajada oshmayotgani kuzatilmoqda. Masalan, o‘tgan yilning apreliga nisbatan bu ko‘rsatkich atigi 2,9 foizga ko‘tarildi.

Kuzatuvchilar Rossiyaning bu muammosini hatto Vladimir Putin hukumati tomonidan qabul qilingan pensiya yoshining keskin ko‘tarilishi ham hal eta olmasligini gapirmoqda.

Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YOTB) “Integratsiya barometri” deb nomlangan yangi ma’ruzasida Rossiya aholisi orasida mehnat migrantlariga qarshi kayfiyat kuchayib borayotgani qayd etilgan. YOTB Rossiyaning aholisining 53 foizi o‘zga mamlakatlardan kelgan ishchilarga nisbatan adovatli munosabatda ekanini qayd etgan. 2012 yilda bu ko‘rsatkich 46 foizni tashkil etgan edi.

Boshqa tomondan Yevroosiyo taraqqiyot banki hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya oxirgi bir necha yilda vaqtinchalik mehnat migrantlari uchun o‘z jozibasini yo‘qotib bormoqda. Demografik va mehnat zaxiralari muammosiga duch kelgan Rossiya hukumati oxirgi paytda Rossiya pasportlarini ommaviy tarzda qo‘shni davlatlarda yashayotgan “rus tilli” yoki “rus madaniyati vakillari”ga topshirishni boshlagani, vaqtinchalik yashashga ruxsatnomalar sonini ko‘paytirgani va qator mamlakatlarga nisbatan migratsiya amnistiyalarini e’lon qilayotganini kuzatish mumkin.

Shu bilan birga Rossiya O‘zbekistondan mehnat muhojirligiga chiqib ketayotganlar uchun asosiy mamlakat bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumoticha, 2018 yilning birinchi 9 oyi davomida O‘zbekistonni tark etganlarning umumiy sonidan 46 foizi - Rossiyaga jo‘nab ketgan.

XS
SM
MD
LG