Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:18

Hindistonga shifo izlab borgan toshkentlik ayol uyiga tobutda qaytdi


52 yoshli Nargiza Ahrorovaning jasadi solingan tobut 11 iyun kuni uchoqda Dehlidan Toshkentga olib kelindi.
52 yoshli Nargiza Ahrorovaning jasadi solingan tobut 11 iyun kuni uchoqda Dehlidan Toshkentga olib kelindi.

Hindistonga saratondan davolanish uchun borgan 52 yoshli Nargiza Ahrorova uyga tobutda qaytdi.

Marhumaning o‘g‘li Odilbek Ahrorov Ozodlik bilan suhbatda vositachilarning aldoviga uchib saratonga chalingan onasini bir necha ming dollar xarj qilib Hindistonga olib borgani, ammo vositachilar o‘zini chuv tushirishganini iddao qiladi.

“Vositachi” deb ta’riflanayotgan toshkentlik ayol va uning hindistonlik turmush o‘rtog‘i Ozodlik bilan suhbatda Nargiza Ahrorova saratonning oxirgi stadiyasida bo‘lishiga qaramay¸ o‘g‘li uni 30 may kuni Hindistonga olib kelgani, bemor Dehlidagi Jaypee klinikasiga yotqizilganini bildirdi.

Vositachilarga ko‘ra, muolajaga yetarli pul bo‘lmagani sabab "o‘lib qolsa¸ o‘zim mas’uliyatni zimmamga olaman", degan tilxat bilan Odilbek Ahrorov onasini kasalxonadan olib chiqib ketgan.

8 iyun kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari”shirkati uchog‘ida Toshkentga olib ketilayotganida kislorod tugab¸ Ahrorovaning ahvoli yanada og‘irlashgan.

Shundan so‘ng Toshkentga parvoz qilayotgan uchoq Dehliga qayta qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Dehlidagi Jaypee klinikasidagilar Nargiza Ahrorova o‘limi yuzasidan Ozodlikka izoh bermadi.

Hindistonga saratondan shifo izlab borgan 52 yoshli o‘zbekistonlik ayol Nargiza Ahrorovaning o‘limi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Marhumaning o‘g‘li Odilbek Ahrorov Ozodlik bilan suhbatda "vositachilar" o‘zini chuv tushirishganini iddao qildi.

- Hindistonlik erkakka turmushga chiqqan ayol 1000 dollar evaziga onamni davolatib berishini aytdi. Biz ishonib¸ 30 may kuni onam bilan Dehliga yo‘l oldik. Hindistonga o‘z oyoqlari bilan yurib bordilar, o‘n kun o‘tib mana onamni tobutda Toshkentga olib kelayapmiz, - dedi Odilbek Ahrorov 11 iyun kuni.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Dehliga kelishi bilan Nargiza Ahrorova Jaypee nomli klinikaga yotqizilgan¸ bir hafta o‘tib ayolning ahvoli og‘irlashgan.

Odilbek Ahrorovning aytishicha, kasalxona xodimlari bemorni davolash uchun vositachilar va’da qilganidan besh baravar ko‘p narx aytishgan.

- Bir necha kun uzluksiz osma ukollar va har xil ukol-dorilar qilishdi. Onamning birdan buyraklari ishlamay qoldi. 5000 AQSh dollar yoki kuniga bir yarim ming dollardan to‘laysizlar, deyishdi. Bizda buncha pul yo‘q edi. Ming dollarga ishonib kelganmiz. Pul bo‘lmagani uchun onamni yalinib, yolvorib O‘zbekistonga olib ketishni so‘radik, - deydi marhumaning o‘g‘li.

8 iyun kuni Nargiza Ahrorovani “O‘zbekiston havo yo‘llari”shirkatining uchog‘ida Toshkentga olib ketishayotganida maxsus moslamadagi kislorod tugab¸ ayolning ahvoli yanada og‘irlashgan.

Odilbek Ahrorovning aytishicha, uchoq Dehliga qayta qo‘ngan va onasi kasalxonaga olib ketilayotgan payt jon bergan.

- Samolyotda onamning holati yana ham og‘irlashib qoldi va bir yarim soat uchgandan so‘ng samolyot Hindistonga qaytishga va qo‘nishga majbur bo‘ldi. Dehli aeroportiga qo‘nganimizdan so‘ng tez yordam kelib kasalxonaga olib ketishayotgan vaqtda onam jon berdi, - deydi marhumaning o‘g‘li.

11 iyun kuni Nargiza Ahrorova jasadi Dehlidan Toshkentga olib kelindi.

Odilbek Ahrorov onasi o‘limida "vositachilar"ni ayblaydi.

- Bularning tuzog‘iga ilinib¸ onamdan ayrildik. Agar shunday bo‘lishini bilganimda¸ onamni sarson qilmagan bo‘lar edim. Bular onamni ahvolini bilib, katta xarajatga tushirishdi, - deydi Odilbek Ahrorov.

Ozodlik marhumaning o‘g‘li “vositachi” deb ta’riflayotgan toshkenlik ayol va hindistonlik Kabir ismli yigit bilan suhbatlashdi.

Kabir Nargiza Ahrorova o‘ta og‘ir ahvolda Hindistonga olib kelingani, lekin o‘g‘li muolaja tugamasdan onasini “o‘lib qolsa¸ o‘zim javobgar bo‘laman”, degan tilxat yozib olib ketganini aytdi.

- "Pulim yo‘q, deb onamni olib ketaman", deb turib oldi. "O‘zbekistonga borganimizdan keyin bank orqali to‘lovlarni qilamiz", deb olib ketdi. Agar “yo‘lda o‘lib qolsa¸ o‘zim javobgarman”, degan mazmunda kasalxona undan til xat ham yozdirib oldi. Olib ketayotganida kimlardandir arzonga sun’iy kislorod beradigan moslamani ham sotib olgan. U kislorod tugab, onasining samolyotda joni uzilgan. Men uning tarmoqda yozganlarini o‘qidim. “Onam Hindistonga o‘z oyog‘i bilan kirib borgan”, deb yolg‘on gapirayapti. Aslida o‘ta og‘ir ahvolda, kolyaskada olib kelishgandi. Oxirgi stadiyadagi saraton bo‘lgan onasini kim 1 ming dollarga davolaydi? - deydi Kabir.

Odilbek Ahrorov bemorlarni Hindistonga jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik vositachi deb ta’riflagan ayol esa bemorga yordam beraman, deb baloga qolganini aytadi.

- Qaytanga biz uning ayrim xarajatlarini kasalxonaga to‘lab yubordik. Bu shu qarzni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun shov-shuv ko‘tarayapti, tuhmat qilayapti. Aslida u bizdan qarzdor, - deydi ismi aytilmasligini istagan toshkentlik ayol.

Ozodlik Dehlidagi Jaypee klinikasiga ham bog‘landi. Lekin shifoxona xodimlari Nargiza Ahrorova o‘limi yuzasidan izoh berolmasliklarini aytishdi.

Hindistonda tibbiy turizm tez o‘sayotgan sohalardan biri hisoblanadi.

Davolanishning past narxlari sabab oxirgi yillarda O‘zbekistondan davo istab Hindistonga yuzlanganlar sezilarli tarzda ortgan.

O‘zbekistonda Hindistonda davolanishni reklama qilgan e’lonlarni ko‘p uchratish mumkin.

"Hindustan Times" ro‘znomasiga ko‘ra, Hindiston har yili tibbiy turizmdan 3 milliard dollargacha daromad ko‘radi, 2020 yilga borib mamlakat ushbu sohadan keladigan daromadni 5 milliard dollarga yetkazishni mo‘ljallamoqda.

XS
SM
MD
LG